Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Quduq burg‘ilash uchun ruxsatnoma olishning amaldagi tartibi bekor qilinadi – loyiha

Quduq burg‘ilash uchun ruxsatnoma olishning amaldagi tartibi bekor qilinadi – loyiha

2023-yil 1-apreldan boshlab  har bir quduqni burg‘ilash uchun ruxsatnoma olishning amaldagi tartibi bekor qilinib, o‘rniga yer osti suvlariga quduqlar burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish joriy etiladi.  

Bu borada Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Hukumatning tegishli qarori loyihasini tayyorlagan.

Qayd etilishicha, qaror loyihasidan yer osti suvlariga o‘zboshimchalik bilan quduqlarni noqonuniy burg‘ilashga chek qo‘yish, burg‘ilash uskunalarining onlayn monitoringini yo‘lga qo‘yish, olinayotgan suv hisobini joyida suv hisoblash vositalari yordamida yuritish mexanizmini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Hujjat loyihasida belgilanishicha, 2023-yil 1-apreldan boshlab:

  • yer osti suvlariga quduqlar burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma faqat yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladi;
  • respublika hududiga olib kirilgan yoki ichki bozorda sotib olingan yer osti suvlariga quduqlar burg‘ilash uskunalari faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olinadi;
  • davlat ro‘yxatiga olingan yer osti suvlariga quduqlar burg‘ilash uskunalari bo‘yicha bir oy muddatda yer osti suvlariga quduqlar burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma olish (qayta rasmiylashtirish) shartlari belgilanadi.

Ruxsatnomaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan suvga quduqlar burg‘ilash taqiqlanadi. Shuningdek, texnik talablarga javob bermaydigan qo‘lbola burg‘ilash uskunalari va jismoniy shaxslar tomonidan quduqlar burg‘ilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda, 300 dan ortiq burg‘ilash tashkilotlari mavjud bo‘lib, noqonuniy burg‘ilash holatlari ko‘paygan. Respublikaning 21 ta hududlarida yer osti suv sathi me’yordan pasayib, ularning resurslari kamayib ketgan. Ayrim hududlarda suv sathining 20 metrgacha pasayib ketish holatlari kuzatilmoqda.

Amalda olinayotgan yer osti suvi jami miqdori sutkasiga 18,6 mln.kub metr, ya’ni yiliga 6,8 mlrd.kub metr bo‘lib, yangi tartibga ko‘ra, suv hisoblash vositasidan foydalanish hisobiga har yili 30 foizga suv iqtisod qilinishi, ya’ni jami 2,0 mlrd.kub metr suv tejalishi kutilmoqda.

Hujjat loyihasi bilan nazarda tutilayotgan usullarni qo‘llash faqat yer osti suvlariga quduqlarni noqonuniy burg‘ilash hamda yer osti suvlaridan hisobsiz foydalanishga chek qo‘yish, pirovard natijada yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni yanada yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, har ikki usullar qo‘llanilishi natijasida iqtisodiy nuqtai nazardan ham ko‘p miqdorda foyda olinishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring