Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida muhim yangilik: 65 turdagi amaliy-uslubiy qo‘llanmalar chop etildi

Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida muhim yangilik: 65 turdagi amaliy-uslubiy qo‘llanmalar chop etildi

Joriy yilning 13-oktyabr kuni poytaxtimizdagi «Wyndham Tashkent» mehmonxonasida O‘zsanoatqurilishbank boshchiligida chop etilgan 65 turdagi amaliy-uslubiy qo‘llanmalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zsanoatqurilishbank, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zqurilishmaterialLITI» ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi hamkorligida tashkil etilgan taqdimot marosimida tadbirkorlar, tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Har qanday sohadagi yutuq va yuksalishlar negizida ilm-fan va ijodiy yondashuvlar mahsuli yotadi. Shu bois mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligidagi sanoat yo‘nalishidagi islohotlar ham, avvalo, uning ilmiy poydevorini mustahkamlashdan boshlanmoqda.

Shu yilning 30-aprel kuni Prezidentimiz raisligida hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida birgina qurilish materiallari ishlab chiqarishni yuqori darajaga ko‘tarishda sohaning ilmiy va kadrlar bilan bog‘liq yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi alohida ta’kidlandi.

Bu borada O‘zsanoatqurilishbank va boshqa mutasaddi tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar belgilab berildi.

Bugungi kunda Bank tomonidan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «O‘zqurilishmaterialLITI» ilmiy tadqiqot va injiniring markazi bilan hamkorlikda tadbirkorlar va manfaatdor aholi vakillari uchun qurilish materiallari va ularni ishlab chiqarish bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan 65 turdagi amaliy-uslubiy qo‘llanmalar chop etildi.

Ushbu qo‘llanmalarning yaratilishi davomida har bir qurilish materialining alohida xususiyatlari, xossalari, bunyodkorlik sohasidagi ahamiyati va boshqa jihatlari chuqur tahlil qilingan. Qurilish materiallari ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan xom ashyo turlari, miqdori, sifati va me’yoriy o‘lchamlari, mavjud xom ashyo zahiralari haqida ma’lumotlar to‘plangan. Ishlab chiqarish texnologiyalari va ularning xavfsizligi, o‘lchov vositalari va ularning samaradorlik ko‘rsatkichlari, ekologik me’yorlar va sanitariya qoidalari haqida batafsil to‘xtalingan. Tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda tijorat banklaridan kredit olish tartiblari aniq va sodda tilda bayon etilgan.

Shuningdek, endi biznes sohasiga kirib kelayotgan tadbirkorlar uchun alohida qo‘llanmalar chop etilgan bo‘lib, ularda mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sifatini yaxshilash, ichki bozor talablarini to‘liq qoplab, eksportga yo‘naltirish bo‘yicha alohida tavsiyalar berilgan.

Taqdimot marosimida Bank mutasaddilari sanoatning ushbu tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lida izlanishlar faol davom etayotganligini ta’kidladilar.

Xususan, Turkiyaning Maltepe universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda mazkur universitet filialini ochib, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga kelishib olingani, tadbirkorlar uchun esa, turkiyalik mutaxassislar bilan birgalikda ishlab chiqilgan maxsus o‘quv dasturi asosida o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi binosida alohida zamonaviy laboratoriya hamda o‘quv markazi tashkil etish ishlari ham jadal davom etmoqda. Tez kunlarda faoliyat boshlaydigan o‘quv markazi tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zsanoatqurilishbank va «O‘zqurilishmaterialLITI» ilmiy tadqiqot va injiniring markazi hamkorligida chop etilgan qurilish materiallari bo‘yicha amaliy-uslubiy qo‘llanmalar to‘plami taqdimoti respublikamizning barcha hududlarida davom ettiriladi.

Ma’lumot uchun: 65 turdagi amaliy-uslubiy qo‘llanmalarni O‘zsanoatqurilishbank rasmiy saytidan (https://sqb.uz/uz/business/business-assistance/) yuklab olish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring