Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Revizor» yana Xorazmda!

«Revizor» yana Xorazmda!

«Xorazm» nashriyoti tomonidan jahon adabiyotning yuksak namunasi sanalgan «Revizor» komediyasi qayta bosmadan chiqdi.

Bundan 20 yil muqaddam N.V.Gogolning ushbu asariga murojaat qilgan Ogahiy nomidagi viloyat musiqali komediya va drama teatri direktori  Qurbon Muhammadrizo  kutilmagan musibatga giriftor bo‘lgan edi. Ya’niki, mashhur komediyani sahnalashtirib, uning taqdimotiga mahalliy rahbarlarni taklif qilgan teatr direktori uch kun o‘tib korrupsiyada ayblanib, hibsga olinadi.

Ana shundan buyon Xorazm ijodiy muhitida Nikolay Gogol asariga qaytib ish ko‘rishga hech kim jur’at qilolmadi.

Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova tarjimasida «Revizor» asari bir necha marta poytaxt nashriyotlarida chop qilingan, teatr sahnalarida namoyish qilingan.

Davrlar o‘tib, ona tilimizga bo‘lgan e’tibor va munosabat o‘zgardi. Mashhur ijodkorlar tomonidan qilingan tarjimada ruscha atamalar ko‘p uchrashini inobatga olsak, bugungi kunda kitobni qayta nashr qildirish zarur edi.

- Biz pesani qayta nashr etishga yaxshi niyat bilan bel bog‘ladik.  Tahrir jarayonida o‘zbek tilining hozirgi qonuniyatlari   e’tibor qaratildi, - deydi «Xorazm» nashriyoti direktori  Temur Tangriberganov. – Misol uchun ustoz tarjimonlar «so‘m» so‘zini ishlatishgan. Vaholanki, Rossiya pul birligi «rubl» deb ataladi. «Zasidatel», «plan», «slesar», «safer» kabi o‘nlab ruscha so‘zlar bugungi kunda o‘zbek adabiy tilidagi muqobili bilan istifoda etilyapti. Shu sababdan ham ushbu asar qayta tahrir va nashrga muhtoj edi.

- Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash davlat siyosati darajasidagi muhim vazifaga aylangan, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Ijod» jamg‘armasining Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Ismoil Ollaberganov. – «Revizor» asarini qayta kitob holida keng xalq ommasiga taqdim qilish korrupsiyaga qarshi kurashda chuqur mas’uliyatni his qilishga omil bo‘lishi shubhasiz.

Erpo‘lat Baxt

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring