Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya iPhone 14 smartfonlarini uchinchi davlatlar orqali import qiladi

Rossiya iPhone 14 smartfonlarini uchinchi davlatlar orqali import qiladi

Keyingi yillarda yangi ishlanmalarini kuz oylarida ommaga namoyish qilishni an’ana tusiga kiritgan Apple’ning iPhone 14 smartfonlari Rossiyaga uchinchi davlatlar orqali import qilinadi. Bu haqda Rossiya Bosh vazir o‘rinbosari, Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov RIA Novosti muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda ma’lum qilgan.

«Nega bo‘lmas ekan? Agar rossiyalik iste’molchilar ushbu telefonlarni sotib olmoqchi bo‘lsa, marhamat. Shunday imkoniyat yaratiladi», – degan u iPhone’ning yangi modelini parallel import orqali mamlakatga olib kirishga ruxsat beriladimi, degan savolga javob berib.

Mobile Research Group tahlilchisi Eldar Murtazin esa yangi smartfonning rus bozorlarida 17-sentyabr kuni, ammo oshirilgan narxlarda paydo bo‘lishini taxmin qilmoqda.

«Dastlabki iPhone sotuvi Yevropa bozorida 16 sentyabr kuni boshlanadi. 17-sentyabrda esa Rossiyaning qora bozorlarida paydo bo‘ladi. Bu, albatta, kontrabanda va unda sotuvchilar narxlarni o‘zlari belgilashadi. O‘ylashimcha, dastlabki kunlarda narxlar Yevropadagiga nisbatan 1,5-2 barobarga yuqori bo‘ladi. Bir haftadan so‘ng esa iPhone 14 internet-do‘konlarda Yevropa narxlariga yaqin bo‘lgan narxlarda – 10 foizga ortiqroq narxlargacha tushadi. Agar uchinchi davlatlardan import haqida gapiradigan bo‘lsak, bu oktyabrning boshlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu paytga kelib esa narxlar qora bozordagi narxlardan 30 foizga, ya’ni Yevropa narxidan 40 foizga qimmatroq bo‘lishi mumkin», – deydi tahlilchi.

Uning taxminicha, Rossiya bozorlarida iPhone 14 Pro 125 ming rubl, iPhone 14 Pro Max esa 130-135 ming rubl oralig‘ida bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 7-sentyabr kuni Apple o‘z qurilmalari taqdimotini o‘tkazib, unda iPhone 14,  iPhone 14 Pro, iPhone 14 Pro Max smartfonlarining sotuvga chiqarilishi sanalari haqida ma’lumot bergan edi. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring