Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saakashviliga 3 yilgacha Ukrainaga kirish taqiqlab qo‘yildi

Saakashviliga 3 yilgacha Ukrainaga kirish taqiqlab qo‘yildi

Foto: NTV

Ukraina davlat chegara xizmati Odessaning sobiq gubernatori va Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining 2021-yil fevraligacha Ukrainaga kirishini taqiqladi. Bu haqda chorshanba kuni Davlat chegara xizmati matbuot kotibi Oleg Slobodyan ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

«Men o‘tgan yilning sentyabr oyida Saakashvili noqonuniy ravishda kesib o‘tgan Mostinskiy chegara uchastkasi komandirining ushbu qarorini tasdiqlayman. Aslida bu uning vakolatiga kiradi va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan boshqa shaxslarga nisbatan ham shunday qaror qabul qilinishi mumkin. Haqiqatan ham Saakashvilining 3 yilgacha Ukrainaga kirishi taqiqlangan», — deydi Oleg Slobodyan UNN agentligiga.

2015-yil may oyida Saakashvili Ukraina fuqaroligini olgan va Odessa viloyati gubernatori lavozimini egallagan, o‘sha yilning dekabrida Gurjiston uning fuqaroligini bekor qilgan. 2017-yil 26-iyulda, siyosatchi AQShda bo‘lgan paytida, Poroshenko uni Ukraina fuqaroligidan mahrum qilgan. Ushbu voqeadan bir necha kun oldin Saakashvili gubernator vazifasini bajarishdan bosh tortgan edi.

2017-yilning sentyabr oyi boshida Odessaning sobiq gubernatori o‘z safdoshlarining yordami bilan Ukrainaga noqonuniy ravishda kirib olgan va chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblangan edi. Shundan keyin u fuqaro maqomini olish uchun migratsiya xizmatiga murojaat qildi. Biroq migratsiya xizmati unga rad javobini berdi.

12-fevral kuni Saakashvili Kiyevda qo‘lga olinib, Polshaga deportatsiya qilindi. Ayni paytda u Hollandiyada vaqtincha yashash uchun ruxsat olgan va o‘sha yerda istiqomat qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring