Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sakkiz marta sudlangan». Faqat jazolash yo‘li bilangina tarbiyalab bo‘lmaydi

«Sakkiz marta sudlangan». Faqat jazolash yo‘li bilangina tarbiyalab bo‘lmaydi

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uzoq yillardan beri «o‘tirgan» 19 nafar mahkumani ozodlikka chiqardi.

Sirtdan qaralsa, hammasi xamirdan qil sug‘urgandek: advokat gapirdi, prokuror xulosa berdi, Xotin-qizlar qo‘mitasi kafillikka o‘tdi. So‘ng sud bir zarb bilan ajrim qildiki, ayollar ozodlikda!

Jarayon bunchalar oson kechmasligi ko‘plarga ma’lum. Har bir «delo» shunchaki hujjatlar yig‘indisi emas, balki inson taqdiri. Bunday taqdirni mahkumalarning o‘zilari tanlagani bor gap: kimdir bilib, kimdir bilmay... Biroq ular qismatida bitta umumiylik bor: jinoyatni bilib qilgani ham, bilmay qilgani ham ilk qoqilganidan so‘ng mustahkam tirgovchi topilmagan...

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Jamiyatda sudlanganlarga nisbatan ayricha tasavvur shakllangan, tan olaylik. Xuddiki sudlangan shaxs «qayta odam» bo‘lmaydigandek. Vaholanki, shaxs qanday jinoyatga qo‘l urmasin, jazo tayinlashda birinchi marta sudlanayotgani e’tibordan soqit qilinmaydi. Ayollar-ku, inchunin. Qonundagi bunday me’yorlar adashgan shaxsning jamiyatda tezroq o‘z o‘rnini topishi uchun berilgan imkoniyat, aslida. Biroq qonun bilan ijtimoiy hayotdagi o‘zgacha tartiblarda o‘sha imkoniyatdan samarali foydalanishga doim ham izn beravermaydi-da. Oddiy misol: «sudlangan» degan tamg‘a nainki sho‘rlikning o‘zi, balki yaqinlariga ham ta’sir etib kelgani kimga sir?! Qayga bormasin, turtkilaveradigan bechora nima qiladi? Turgan gap, jinoyatga qo‘l urishi ehtimoli yuqori. (Reabilitatsiya markazlari? Qo‘ying, ensani qotiravermang!) Xullas, aylansak ham, o‘rgilsak ham qadim hikmat yodga tushaveradi: jinoyat (ko‘p hollarda) – adolatsizlikka qarshi isyondir!

...Sudning qora kursisida qator turgan bu ayollar avval bir emas, bir necha marta sudlangan. Ularga oid jinoyat ishi hujjatlari «...avval falon marta sudlanib, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay yana jinoyat yo‘liga kirib...» mazmunidagi gaplar bilan boshlanadi. Ularning qilmishlarini oqlab bo‘lmaydi, albatta. Biroq tushunish mumkin.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Mana, andijonlik N.Saida. Yigirma sakkiz yoshda. Olti marta (!) sudlangan. Oxirgi (2015 yil) marta o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushib, besh yarim yilga «kesilgan»... A.Sanobar esa o‘ttiz beshga to‘lguncha sakkiz marta (!) sudlangan, besh yildan buyon «o‘tiribdi», uyam o‘g‘rilikni kasb qilgan. Mahkumalar orasida 72 yashar Z.Ozodaxon ham bor. Besh farzandning onasi bo‘lgan bu ayol giyohvand moddalar savdosiga aralashib qolgani sabab uch yil avval sakkiz yilni «olib» ketgan...

Baxtiqaro bu ayollar «avval sudlanganiga qarmay tegishli xulosa» chiqarmabdi, xo‘p. Biroq «nega xulosa chiqarmagani» sabablari haqida jiddiy bosh qotirildimi? Bu savolga ijobiy javob topish qiyin.

Qayta-qayta sudlanavergani bois sobiq mahkumalardan «sodiq mahkumalar»ga aylanishi «o‘tirib» chiqqanlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish ishlari o‘lda-jo‘lda qolib ketganini ko‘rsatmaydimi, aslida?!

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Erkaklar-ku, bir navi, biroq ayollar tabiatidan kelib chiqilsa, ularning ijtimoiy moslashuvi kechiktirib bo‘lmas masala ekani, aks holda, oqibati og‘ir bo‘lishini turnaqator bo‘lib turgan mahkumalarning holati ko‘rsatmayaptimi?! Eng yomoni, ular sodir etgan jinoyat kasri o‘zlarigagina urayotgani yo‘q: mahkumalarning bittadan to besh nafargacha farzandi borligi inobatga olinsa, onalarining uzoq yillarga «kesilgani» farzandlari ruhiyatiga tuzatib bo‘lmas jarohat yetkazganini anglash qiyin emas.

Aybdorni jazolashdan osoni yo‘q. Asosiy masala uning tuzatilishida. Bemorning o‘zi qancha harakat qilmasin, yaxshi tabib bo‘lmasa, shifo topishi qiyin. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘shanday tabiblikni rostmona zimmasiga olayotir. Yil boshidan buyon qo‘mita kafilligida uzoq yillardan beri jazo o‘tayotgan 167 nafar (kechagi 19 nafar mahkumalarni qo‘shib hisoblaganda) xotin-qizlar ozodlikka chiqarildi (birinchi marta jinoyatga qo‘l urib, sud zalining o‘zidan oilasi bag‘riga qaytarilganlar bu hisobga kirmaydi). Birovga, ayniqsa, turmalar salkam ikkinchi uyiga aylanib qolgan ayollarga kafil bo‘lmoq osonmi? Shu ma’noda Xotin-qizlar qo‘mitasi zimmasiga tushayotgan mas’uliyat zalvorini tasavvur qilish qiyin emas. Sud majlislarida qo‘mita raisi – hukumat rahbarilaridan biri hisoblangan mutasaddining shaxsan ishtirok etayotganining o‘zi masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganidan dalolat.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Yana bir gap. Mahkumaga kafillik berilishi bu unga ozodlik naqd degani emas. Jinoyatga qo‘l uraverib-uraverib, qonundagi yengilliklarda «haqi qolmagan» ayollarni bitta kafolat xati bilan ozodlikka chiqarvorish hazilakam ish emas. Buning uchun Oliy sud mutasaddilari qonunlarning «siqib suvini chiqarayotir»ki, sho‘rpeshona ayollar noumid bo‘lmasin, deb. Rostiga ko‘chadigan bo‘lsak, buyam katta tavakkalchilik, aslida. Achchiq tajriba ko‘rsatyaptiki, shaxsni, ayniqsa, ayollarni jazolash yo‘li bilangina tarbiyalab bo‘lmas ekan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring