Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat «so‘kong‘ich MIB boshlig‘i» bo‘yicha izoh so‘radi

Senat «so‘kong‘ich MIB boshlig‘i» bo‘yicha izoh so‘radi

Foto: «Xabar.uz»

Shu kunlarda internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda «Angren MIB boshlig‘i xodimlarini so‘kib, yarim tunda boshqarmaga borishni buyurdi» sarlavhali xabar muhokama markazida bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosi Angren shahar bo‘limi boshlig‘i M.Yusupova xodimlarning telegram guruhidagi ijro xodimlarning kunlik rejasini bajarmaganligi uchun ularni kasb odobnomasiga, insoniylik fazilatlariga, qolaversa, ayollik fazilatlariga to‘g‘ri kelmaydigan hamda kurada turmaydigan so‘zlar bilan xaqoratlagan.

Mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan ustun bo‘lib turgan bir paytda, afsuski, bunday «rahbarlar» ham uchramoqda.

Tabiiyki, ushbu holat senatorlarni ham befarq qoldirmadi. Shu bois Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Majburiy ijro byurosidan mazkur holat bo‘yicha Byuroning Angren shahar bo‘limi boshlig‘ining xatti-harakatlarini atroflicha tahlil qilib, qonuniy chora ko‘rilishi va tegishli axborot taqdim etilishini so‘raydi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda «MIBning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari nomidan Bosh prokurorga shikoyat yo‘llangan. Holatni markaziy apparat o‘rganmoqda» nomli xabar e’lon qilingan. Ushbu holatni o‘rganish natijalari yuzasidan bayonot berilmagan.

O‘z o‘rnida, mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan holda o‘rganib chiqilishi va natijasi yuzasidan rasmiy bayonot berilishi so‘raladi.

Ushbu holatlar Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi, deyiladi Senat axborot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring