Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shafqatsiz haqiqat shuki... » – Yevropa bosh diplomati muhim masalada bayonot berdi

«Shafqatsiz haqiqat shuki... » – Yevropa bosh diplomati muhim masalada bayonot berdi

Foto: Reuters

Dunyoda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashmoqda, deydi Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. Bu esa haq-huquqlar muhofazasi yo‘lida qat’iy chora-tadbirlarni talab etadi.

«2023-yil boshida biz sergak torttiruvchi holat bilan yuzma-yuz kelmoqdamiz. Shafqatsiz haqiqat shuki, 2022-yilda dunyo inson huquqlari nuqtai nazaridan yanada yomonlashdi. Ukraina, Eron, Efiopiya, Afg‘oniston, Myanma, Xitoy va boshqa ko‘plab mamlakatlarda inson huquqlarining poymol etilishi, ziddiyat va inqirozlarga guvoh bo‘ldik», – deydi YeI bosh diplomati.

Qayd etilishicha, geosiyosiy raqobat avj olgan qaltis sharoitda ayrim hukumatlar inson huquqlari va shaxs erki borasida umume’tirof etilgan xalqaro nizomlarni buzish, bu borada yolg‘on tasavvurlar uyg‘otishga urinmoqda. Omma shaxsiy hayotini kuzatish, o‘zgacha fikrlarni bostirishda yangi texnologiyalardan keng foydalanilmoqda.

J.Borrel 8 milliarddan ziyod insoniyatni birlashtiruvchi hujjat sifatida 75 yil avval qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini yodga olgan.

«Ushbu hujjatning oddiy, ammo inqilobiy g‘oyasi shundan iboratki, haq-huquqlar kimlardir tomonidan taqdim etilmaydi, balki har bir inson dunyoga kelgan paytdayoq ularga ega bo‘ladi», – deydi siyosiy arbob.

Ta’kidlanishicha, inson huquqlari universal va bo‘linmas qadriyat o‘laroq jug‘rofiy, madaniy istisnolarni qabul qilmaydi.

Afsuski, dunyodagi ko‘plab xalqlar o‘z talab-istaklarini kerakli maqom-instansiyalarga yetkaza olmayotir, notenglik, tafriqa kuchaymoqda. Iqlim o‘zgarishi, raqamli inqilob esa bu borada yangi muammolarga doyalik qilmoqda.

J.Borrel 2023-yil, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga chorak kam bir asr to‘lgan yilda inson haq-huquqlari muhofazasi borasida global miqyosdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga undagan. Hukumat, rasmiy idoralar va avlodlar o‘rtasidagi ishonchni qayta tiklashga chorlagan. Ma’lum bo‘lishicha, YeI 75 yillik sana munosabati bilan tashkil qiladigan inson huquqlari bo‘yicha anjumanda ana shu dolzarb masalaga ahamiyat qaratiladi.

Avvalroq YeI oliy vakili jurnalistlarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyatlar jazosiz qolayotgani haqida bayonot bergan edi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring