Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyevning yangi maslahatchisi haqida nimalarni bilamiz?

Shavkat Mirziyoyevning yangi maslahatchisi haqida nimalarni bilamiz?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Albatta, bu xabarni o‘qigan har bir insonda Chakrabarti shaxsiga qiziqish paydo bo‘lishi tabiiy. Xo‘sh, Suma Chakrabarti kim, u qanday xizmatlari evaziga shunday vazifaga loyiq ko‘rildi? Quyida shu savollarni ochiqlashga harakat qilamiz.

Suma Chakrabarti – 42 yoshida Buyuk Britaniya tarixidagi eng yosh, hatto oq tanli bo‘lmagan birinchi vazir o‘rinbosari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining britaniyalik ilk rahbari bo‘la olgan shaxs. Uydagi qizalog‘i bilan muloqot qilish uchun bo‘sh ish jadvalini so‘rashni ham unutmagan ota...

Suma Chakrabarti 1959-yilda Hindistonning Jalpayguri shahrida tug‘ilgan, bolaligi esa poytaxt Kalkutta shahrida o‘tgan. 1964-yilda Chakrabarti oilasi Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tadi. O‘rta ta’limni Londondagi maktabda olgan Suma Oksford universitetida (siyosatshunoslik, falsafa va iqtisodni o‘rganish) bakalavr, Sasseks universitetida (rivojlanish iqtisodiyoti ixtisosligi bo‘yicha) magistr darajasiga ega bo‘ldi. Suma Chakrabartiga keyinchalik Britaniya fuqaroligi berildi.

Chakrabarti 1984-yildan Britaniya hukumatida ishlashni boshlagan. Shu yili u Makroiqtisodiyot va Buyuk Britaniya yordam loyihalari bo‘yicha katta iqtisodiy yordamchisi sifatida Buyuk Britaniyaning Xorijiy rivojlanish boshqarmasiga (ODA) a’zo bo‘ldi. Britaniya hukumati uni Xalqaro valyuta fondi va Jahon bankiga yuborganida ham adashmagan edi.

1996-yilda u Qirollik g‘aznachiligiga o‘tdi va keyinroq Bosh vazir Toni Blerni qo‘llab-quvvatlash uchun samaradorlik va innovatsiyalar bo‘yicha yangi markaziy bo‘linmani tashkil etishga mas’ul bo‘lgan lavozimni egalladi.

2001-yilda Chakrabarti Mintaqaviy rivojlanish dasturlari bo‘yicha xalqaro rivojlanish departamenti Bosh direktori bo‘ldi. Uning boshqaruvi ostida Afrika, Osiyo, Sharqiy Yevropa, Karib dengizi va Lotin Amerikasi mamlakatlarida 1200 xodim faoliyat yuritgan. Ma’lumki, 2009-yil 8-dekabrda u «Iroq tergovi»da guvohlik berib, 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishga tayyorgarlikni muhokama qilishda qatnashgan.

2002-yildan 2007-yilgacha Xalqaro taraqqiyot vazirligi doimiy kotibi, keyin 2012-yilgacha Adliya vazirligida ham xuddi shunday lavozimda ish olib borgan. Bu davrda vazirlik faoliyati uchun yangi modelni ishlab chiqishi va amalga oshirishi uning asosiy yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Buning natijasida bir milliard funt sterlingdan ortiq mablag‘ tejab qolingan.

Suma Chakrabarti.

2012-yili Chakrabarti Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki prezidenti etib saylanadi.

«Men YTTBda yirik islohot jarayonini amalga oshirdim, bankning ish olib borayotgan mamlakatlardagi faoliyatini yaxshilash va aksiyadorlarga bankdan ko‘proq foyda olishlarini ta’minlash maqsadida tashkilotni modernizatsiya qildim, – degan edi Chakrabarti. –  Natijada YTTB endi tashqi ehiyojlarga tezroq javob bera oladi va uning faoliyati loyihalar orqali investitsiyalarni jalb qilish bilan cheklanib qolmaydi. Mamlakatlarda mavjud muammolarni tizimli asosda hal etishga, ularning iqtisodiy barqarorligini oshirishga va global hamda mintaqaviy iqtisodiyotga integratsiyalashuvini chuqurlashtirishga, shuningdek, umumiy global muammolarga qarshi kurashishda yordam berishga qaratilgan strategiya amalga oshirilmoqda».

Qozog‘istonning tengrinews.kz sayti yozishicha, 2013-yilda Suma Chakrabarti Olmaota shahriga kelib, Pavlodar va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlaridagi korxonalar aktivlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kredit shartnomasini imzoladi. Shartnoma doirasida «Pavlodarenergo» AJga (80 million dollar), «Sevkazenergo» AJga (40 million), «Pavlodar REK» va «Shimoliy Qozog‘iston REK» (9 million dolardan) YeTTBning kredit mablag‘lari ajratildi.

Chakrabarti Qirollik san’at jamiyati a’zosi, Sasseks va Sharqiy Angliya universitetlari, shuningdek, Buxarest iqtisodiy taqdiqotlar akademiyasi faxriy fan doktori hamdir.

Uylangan, rafiqasi – Mari Sako yapon millatiga mansub bo‘lib, Oksforddagi Saïd Business maktabida menejment bo‘yicha dars beradi. Ularning bitta qizi bor.

Taniqli mutaxassis YeTTB prezidenti davrida bir necha bor O‘zbekistonga tashrif buyurgan va Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan. Pandemiya davrida esa videoaloqa orqali muzokara o‘tkazgandi.

2018-yilning oktyabr oyida YeTTBning O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat strategiyasi qabul qilindi. Bank ekspertlari ko‘magida mamlakatimizning energetika, bank va moliya sohalari, kapital bozorini rivojlantirish va mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash bo‘yicha islohotlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Ikki tomonlama izchil hamkorliklar natijasida qo‘shma loyihalar portfeli kengaymoqda. Zayom kelishuvlari imzolanib, qiymati jami 600 million dollardan ziyod kredit mablag‘larini jalb etgan holda mamlakatimiz hududlarida energetik va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor investitsiya loyihalari tayyorlandi. Xususiy sektor loyihalariga 100 million dollardan ziyod investitsiya kiritildi. Albatta, bu ishlarda Suma Chakrabartining alohida xizmatlari bor.

O‘zbekiston Respublikasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning iyulida Suma Chakrabartini «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlagan edi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Mirziyoyev meni iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlagani haqida eshitib xursand bo‘ldim. Biz O‘zbekistonga islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam berishdan mamnunmiz», – deb tvit qoldirgan Chakrabarti.

Usmonjon Yo‘ldoshev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring