Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shirintepaga shirin suv boradi

Shirintepaga shirin suv boradi

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida toza ichimlik suvi ta’minoti yillar davomida hududning eng og‘riqli masalalaridan bo‘lib kelgan. Yaqin yaqingacha tumandagi 70 ta mahallarda istiqomat qiluvchi 290 ming 500 nafar aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan holati 30 foizga ham yetmas edi.

Aholining aksariyati ichimlik suvini quduqlardan yoki mashinada tashib kelib, saqlab ichishga majbur edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2019 yil 23 maydagi «Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yerosti suv konidan suv olish quvuriga yaqin bo‘lgan qishloq aholi punktlarining suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan, xalqaro moliya institutlarining 35 mlrd so‘mlik loyihasi asosida, tuman markazidagi 24 ta mahallalardagi 130 ming 742 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Shuningdek, tumandagi eng cheka hududlardan sanalgan «Shirintepa» va «Gulobod» mahallalari aholisi ham toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.

Ayni damda Shirintepa MFY aholisini toza ichimlik suviga bo‘lgan extiyojini qondirish maqsadida 2 ta yer osti qudug‘i qazilib, 24 km masofaga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu asnoda tez kunlarda mahalladagi 2 ming 246 nafar aholi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi.

– Mahallamizda 20 yildan beri ichimlik suvi bo‘lmagan. Qishlog‘imiz oldindan ichimlik suvini tashib keluvchilardan sotib olardik, shuni hovuzlarda saqlab ichar edik, yo‘llarimiz qishda loy yozda chang edi. Qishlog‘imiz dastur asosida toza ichimlik suvi bilan ta’minlanayotganidan juda mamnunmiz, – deydi shirintepalik Shodiyor Abdualimov.

Bundan tashqari tumandagi Gulobod mahallasida ham qurilish ishlari avjida bo‘lib, bu yerda 1 dona yer osti qudug‘i qazilib, 18 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi ishlari olib borilmoqda.

Qisqa muddatda bu hududning mingdan ortiq honadonlariga ichimlik suvi kirib borib, mahalladagi besh yarim ming aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan etiyojini to‘liq qondiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring