Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Abdurahmonov: «Tojmahal Hindistonga yiliga 500 million dollar keltiradi»

Shuhrat Abdurahmonov: «Tojmahal Hindistonga yiliga 500 million dollar keltiradi»

Foto: Behzod Abdujabborov

Andijon viloyatida bo‘lib o‘tayotgan «Ochiq Andijon» investitsiya forumi doirasida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Hokim forum haqida ma’lumotlar berdi va jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

— Ushbu forum Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etildi. Hindistonga qilgan tashrifimiz davomida shunday g‘oya paydo bo‘lgan edi.

Foto: Behzod Abdujabborov

Menga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra forum doirasida shu vaqtga qadar 250 million AQSh dollarilik shartnoma imzolandi. Shuningdek, 40 million dollarlik eksport shartnomasi ham imzolangan.

Ammo hozir biz hamma joyni gullatib qo‘ydik, deb maqtana olmaymiz. Imkon qadar ko‘plab muammolarni hal qildik, ammo oldinda bizni kutib turgani ham yetarli. Investitsiya borasida ta’magirlik holatlari hozir ham uchrab turibdi. Biz bunga qarshi kurashmoqdamiz.

Foto: Behzod Abdujabborov

— Viloyatda muammoli tumanlar bor. Nima uchun mana shunday investitsiyalar o‘sha tumanlarga yo‘naltirilmayapti?
— Investorga eng avvalo nima kerak? Svet, gaz, suv va yo‘l. Afsuski viloyatdagi har bir tumanda ham infratuzilma yaxshi shakllanmagan. Viloyatda muammolar hali yetarli va mana shunday forumlar ham muammolarni hal qilish uchun tashkil etilgan. Forum natijasida viloyatda 5 ming kishi ish bilan ta’minlanishi kutilyapti. Biz butun viloyatni rivojlantirish uchun ish olib bormoqdamiz va muammoli tumanlarga ham investitsiya kirib boradi. Shu munosabat bilan jurnalistlar va blogerlardan ushbu forumni targ‘ib qilishlarini so‘rayman. Hozir matbuotning o‘rni juda o‘sib ketdi. OAV haqida to‘rtinchi hokimiyat, degan gap bor.

Foto: Behzod Abdujabborov

— Nima uchun Hindiston bilan hamkorlik qilish uchun aynan Andijon viloyati tanlandi? Bunda qandaydir g‘oyaviy jihat bormi?
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bejizga Hindiston bilan hamkorlik qilish uchun Andijonni tanlamadi. Yaxshi bilamiz, bizning xalqlarimiz o‘zaro tarixiy qadriyatlarga ega. Bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur Andijondan borib, Hindistonda o‘z davlatini tuzgan va 300 yil boshqargan. Uning avlodlari qurgan «Tojmahal»ni ko‘rish uchun har yili Hindistonga 20 million turist keladi va 25 dollardan to‘lab, tomosha qilish uchun kiradi. Bobolarimiz qurgan «Tojmahal» Hindistonga har yili 500 million dollar pul olib keladi. Bizning bobomiz Bobur Hindistonni Hindiston qilgan!

Foto: Behzod Abdujabborov

— Investorlar viloyatga kelayotgan yaxshi, ammo ularning huquqlarini kim himoya qiladi? Buning uchun viloyat hokimi sifatida nimalar qilyapsiz?
— Bu juda to‘g‘ri savol. Ilgari hokimlarga faqat qishloq xo‘jaligi ishlarini boshqaradigan odam sifatida qaralar edi. Hozir vaziyat tubdan o‘zgargan. Klasterlar tizimi yo‘lga qo‘yilgani uchun qishloq xo‘jaligi ishlari bir tizimga yo‘naltirildi. Qachon ilgari Andijon viloyati 29 kunda paxta rejasini 102 foizga bajargan edi? Men hozir hokim sifatida bevosita investorlar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganman. Bir gapni aytaman, viloyatga birorta investor men bilan suhbatlashmay kirmaydi. Men ularning har birini shaxsan qabul qilaman va barcha qulayliklarni yaratish uchun qo‘limdan kelgan ishlarni amaga oshiraman. Investor agar 50 ming dollar investitsiya kiritsa ham, unga barcha sharoitni yaratamiz. Men viloyat hokimi sifatida har bir investorga kafil bo‘laman!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring