Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Singapur prezidenti Halima Yaqub: «Meni xalqning turmush darajasini ko‘tarishdan boshqa narsa qiziqtirmaydi»

Singapur prezidenti Halima Yaqub: «Meni xalqning turmush darajasini ko‘tarishdan boshqa narsa qiziqtirmaydi»

17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun hamda ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Singapur – Osiyo-Tinch okeani mintaqasining iqtisodiy markazi. Ko‘p yillardan buyon ushbu mamlakat elektronika, kimyo sanoati, biotexnologiyalar, bank sohasi, logistika va transport mashinasozligi kabi muhim tarmoqlardagi muvaffaqiyatlariga tayanib, jahondagi eng yirik va rivojlangan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib kelmoqda. Bunda albatta yetakchi mutaxassislarning o‘rni katta. Aynan Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi dunyodagi eng yuqori nufuzga ega bo‘lgan davlat boshqaruvi maktablaridan biri bo‘lib, Osiyo pragmatizmi va G‘arb ta’limining eng ilg‘or yo‘nalishlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan.

Ushbu muzokaralar orqali O‘zbekistonning davlat xizmatchilari ushbu maktabda o‘qishi va malaka oshirishi kelishib olindi. Umid qilamizki, aynan shu davlat siyosati maktabida o‘qib kelgan bizning davlat xizmatchilarimiz ham Li Kuan Yu kabi korrupsiyaga qarshi qattiq kurashga bel bog‘laydi.

Davlat siyosati maktabiga bejiz Li Kuan Yu nomi berilmagan. Singapur davlatining sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu poraxo‘rlik bilan qanday kurashgan?

U shunday yozadi: «Agar korrupsiyani yo‘q qilmoqchi bo‘lsangiz dastlab o‘zingizning eng yaqin uch nafar do‘stingizni fosh qiling. Siz nimaga shunday qilayotganingizni aniq bilasiz, ular ham xuddi shunday — nimaga fosh qilinganini aniq bilishadi».

Singapur davlati 1965 yilda mustaqillikka erishgach qisqa muddatda eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishiga shubha qilganlar ko‘p bo‘lgan. Ammo Singapurning sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu o‘zining kitobida davlatning rivojlanishiga oid juda ko‘p qimmatli fikrlarini o‘rtoqlashgan. Vazirlik lavozimiga kelganida, dastlab ish boshlaganida shunday yozadi: «Menda ikkita yo‘l bor edi: birinchisi yurtni talash, qarindosh-urug‘larimni atrofimga yig‘ish, ularga mansab berish, ularni Forbes (dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati e’lon qilinadigan jurnal) ro‘yxatiga kiritish, buning evaziga xalqni hech narsasiz qoldirish. Ikkinchi yo‘l: o‘z xalqimga xizmat qilish va mamlakatni jahondagi 10 ta eng rivojlangan mamlakatlar safiga qo‘shish. Men ikkinchi yo‘lni tanladim».

Li Kuan Yu o‘zi o‘ylaganidek, Singapurni eng rivojlangan davlatlar safiga qo‘sha oldi.

Ayni paytda Singapur aholisi 6 mln kishi. Pasporti jahondagi eng kuchli pasportlardan. Yillik daromad aholi jon boshiga 85000 dollardan tushadi, kirimi 2 tirillion dollardan oshdi.

Bundan besh yil oldin saylangan prezident Halima Yaqub xonim maqsadida og‘ishmay shu boshqaruv talablarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Halima xonim kim o‘zi?

Prezident Halimaning bobosi hind — oddiy qorovul bo‘lgan. U Halimaning yoshlik paytida bedarak yo‘qolgan. Besh farzand tarbiyasi onasining qo‘lida qoladi. Ular bir xonali uyda yashashgan. Halima, bolaligini esga olar ekan, 10 yoshidan boshlab onasiga non topishda ko‘maklashgani haqida eslaydi:

«Singapurda voyaga yetganman, Allohga shukr! Mening oilam kambag‘al bo‘lishiga qaramay, yaxshi ta’lim olishga harakat qildim. Natijada bu mening siyosiy kareram uchun ilk qadam bo‘ldi va kambag‘allarga yordam berishga imkon yaratdi».

Halima Yaqub Singapur Milliy universitetini yurisprudensiya mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni tamomladi. So‘ngra magistr darajasini oldi. 2016 yilda esa ushbu universitet unga «Faxriy huquq doktori» unvonini berdi. Siyosatga kirishdan oldin Halima Kasaba uyushmalari milliy kongressida ishtirok eta boshladi. U 2001 yilda siyosiy faoliyatini boshlab, parlamentga saylangan va birinchi marotaba malaylik ayol sifatida deputat bo‘lgan. 2011 yil o‘tkazilgan saylovlardan so‘ng, u ijtimoiy rivojlanish, yoshlar va sport vaziri, keyinchalik esa ijtimoiy siyosat va oila vaziri lavozimlariga tayinlandi.

2013-2017 yillari parlament spikeri bo‘lib ishladi va ushbu lavozimdagi birinchi ayolga aylandi. 2017 yilda Halima Yaqub prezidentlik lavozimi uchun bu kursini tark etdi. U «Yaxshilik qiling, birga ishlang» shiori ostida o‘z kompaniyasini oldinga boshladi. Uning g‘alabasi saylovdan oldin e’lon qilindi, chunki saylov komissiyasi ushbu lavozim uchun boshqa nomzodlarga ruxsat bermagan.

Halima Yaqub saylovdagi g‘alabasidan keyingi nutqida shunday deydi: «Men singapurliklarning prezidenti sifatida ishontiramanki, irqi, tili, dinidan qat’i nazar, har biringizga xizmat qilaman».

Atrofidagi hukumat mansabdorlariga esa shunday deydi: «Allohdan qo‘rqaman. Kim men bilan Singapur xalqining manfaati uchun sherik bo‘lib ishlamoqchi bo‘lsa, men uning Alloh yo‘lidagi singlisiman. Tashvishim — Singapur xalqining turmush darajasini ko‘tarish. Meni boshqa narsa qiziqtirmaydi».

Halima Yaqubning besh farzandi bor. Yamanlik kishiga turmushga chiqqan. Universitetni bitirgandan so‘ng oddiy bir xonada istiqomat qilishadi. Halima Yaqub va Muhammad Abdulla bitta universitetda o‘qishgan.  Halima Yaqub huquqshunos, Muhammad Abdulla esa fizik bo‘lgan.  Universitetda tanishishgan va universitetni tugatib, ikki yil o‘tgach turmush qurishgan. Ular uy sotib olishga puli bo‘lmaganidan ijarada yashashgan va nihoyat 75 ming dollarga 5 xonalik kvartira sotib olishgan. 

30 yil davomida ular shu kvartirasida yashashdi va oddiy odamlardek hayot kechirishdi. Halima xonim har kun o‘zining ayol yordamchilari bilan poytaxtdagi masjidda ayollar uchun ajratilgan bo‘limda bomdod namozini o‘qiydi. Muhammad Abdulla ayoliga ham ruhiy, ham uy ishlarida, ham farzand tarbiyasida yordam  beradi. U turmush o‘rtog‘i Muhammad Abdullani o‘zining maqsadlari katalizatori sifatida ko‘radi.

U amalga oshirgan ishlardan so‘ng ishsizlik atigi 1 foiznigina tashkil qiladi. O‘n mingga yaqin katta korxonalar ochildi. Odamlar ish bilan ta’minlangandan so‘ng Singapurda buzg‘unchilik yo‘qoldi.

Singapurdagi ishlab chiqarish korxonalariga solingan barcha soliqlar bekor qilindi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, Singapur aholisi eng katta qismini etnik guruh Xitoy (74 %)lar, keyin Malayziya (13%) va hindular (9%) ni tashkil etadi. Musulmonlar mamlakat aholisining 14 foizini tashkil qiladi. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring