Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sobiq MXX tergovchisi Nodir To‘raqulov 16 yilga qamaldi

Sobiq MXX tergovchisi Nodir To‘raqulov 16 yilga qamaldi

Foto: Currenttime.tv

Milliy xavfsizlik xizmatining (hozirgi DXX) sobiq tergovchisi Nodir To‘raqulov 16 yillik qamoqqa hukm etilgan. Xorijiy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Oliy sud harbiy hay’atining 2018-yil 25-oktyabrda hukmi chiqqan.

Aytilishicha, To‘raqulov qamoq jazosidan tashqari eng kam ish haqining 400 baravari (81 092 000 so‘m) miqdorida jarimaga ham tortilgan.

Qayd etish kerakki, Nodir To‘raqulov hibsga olingani 2018-yilning boshida ma’lum bo‘lgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Surxondaryo viloyatidagi faoliyati davomida sheriklari bilan nafaqat mahalliy, balki xorijiy tadbirkorlarning biznesini tortib olish, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilish, narkotik savdolarini tashkil etish kabi jinoyatlarga aloqadorligi, Denov va Termiz shaharlarida unga tegishli «MALIKA GOLD» restorani, «ORIFA» saunalari borligi aytilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 19-20-yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Milliy xavfsizlik xizmatining viloyatdagi faoliyatini jiddiy tanqid ostiga olgan, ular orasida aynan To‘raqulov ham bor ekani taxmin etiladi.

«Milliy xavfsizlikdagilar Surxondaryoni o‘ldirgan. Ikki-uch sotqin, davlat sotqinlari ishlagan. Bular Surxondaryoni ot o‘yin qilib tashlagan. Hamma tizimni egallagan, hamma tashkilotni egallagan. Yana bir-ikkitasi Toshkentda yuribdi, borib ishdan olaman.

...Sal qarshi gap bildirsa, g‘iybat qilib ishdan olib tashlardi. O‘g‘riga chiqarardi, bir aybni bo‘yniga qo‘yardi. Endi u zamon tugadi. Man bularning birontasiga ishonmayman, bularning ma’lumoti kerak emas. Shuni bilinglar.

...Surxondaryoda bu masalada og‘ir edi. Shuning uchun bu yerga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi. Bu falonchining odami, bu pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami, deb. San kimsan, o‘zing pul bermaydiganmiding, san G‘ulomov. Sotqin. Poraning boshida o‘zi o‘tirardi», — degan edi o‘shanda Shavkat Mirziyoyev.

«Xabar.uz» Nodir To‘raqulovning hibsga olingani haqidagi xabarga izoh olish maqsadida Harbiy prokuratura matbuot xizmati bilan bog‘langan hamda «qo‘limizda bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q. Shuning uchun ham sizga aniq biror fakt ayta olmayman», — degan javobni olgan edi.

Bundan tashqari, jurnalist Bobomurod Abdullayev ishi ham aynan Nodir To‘raqulov tomonidan olib borilgan hamda Abdullayev o‘z ko‘rsatmalarida sobiq tergovchining qiynoqlari haqida so‘zlab bergan, unga nisbatan jinoyat ishi ochishni so‘ragan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring