Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri Afg‘oniston delegatsiyasini qabul qildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Afg‘oniston delegatsiyasini qabul qildi

Foto: SSV

Ma’lumki, Afg‘oniston Islom Respublikasi Jamoat salomatligini saqlash vazirligining mas’ul xodimlari va shifokorlaridan iborat delegatsiya yurtimizda bo‘lib turibdi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev Afg‘oniston Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ahmad Holid Elmiy va delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Muloqot davomida ta’kidlanganidek, 2017-yilning dekabr oyida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingandi.

Shuningdek, ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Afg‘oniston Jamoat salomatligini saqlash vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi ham imzolangan edi.

2018-yilda davlatimiz tomonidan Afg‘oniston «tez yordam» xizmati uchun 5,7 million AQSh dollari qiymatidagi 100 dan ortiq avtomobillar yetkazib berildi. Shu yili Toshkent davlat stomatologiya instituti va Qobul tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Hozirda afg‘onistonlik talabalar Toshkent davlat stomatologiya hamda Andijon davlat tibbiyot institutlarida taxsil olmoqda.

Shuningdek, afg‘onistonlik shifokorlar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda shoshilinch tibbiy yordam xizmati tizimida malaka oshirib kelmoqda.

Ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish sohasida ham qator hamkorlik dasturlari amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2019-yilda o‘zbek-afg‘on ishbilarmonlar forumi va seminari o‘tkazildi.

Afg‘onistonda O‘zbekistonning farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlari va tibbiy texnikasini eksport qilish uchun o‘zbek-afg‘on savdo uyini ochish borasida ishlar olib borilmoqda. 2020-yil davomida yurtimizning farmatsevtika tarmog‘i korxonalari tomonidan 2,4 million AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlar Afg‘onistonga eksport qilingan.

Muloqot davomida Ahmad Holid Elmiy O‘zbekiston koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish, uni davolash sohasida katta tajriba to‘plagani, ushbu tajribani o‘rganish va o‘z davlatida tatbiq qilish afg‘onistonlik shifokorlarning oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.

O‘z o‘rnida Abduhakim Xadjibayev ikki davlat o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, rivojlantirish va zarur bo‘lgan amaliy ko‘makni berishga tayyor ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, delegatsiyaning yurtimizga kelishidan maqsad — koronavirus infeksiyasining profilaktikasi, tarqalishini oldini olish, diagnostikasi va davolashning O‘zbekiston tajribasini o‘rganish, COVID-19ni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini va malakasini oshirishdan iborat. O‘n kun davomida 20 nafar afg‘onistonlik mutaxassisdan iborat delegatsiya ular uchun maxsus tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring