Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri deputatlarga axborot berdi

Sog‘liqni saqlash vaziri deputatlarga axborot berdi

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shu yilning 5-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisining ikkinchi yarmida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining «Sog‘liqni saqlash sohasiga oid islohotlar amalga oshirilishining holati to‘g‘risida»gi hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusiga ko‘ra «Mamlakatimizda nogironlikni belgilash amaliyoti va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotini eshitdilar. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Birinchi masala yuzasidan berilgan axborotda ta’kidlanganidek, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar sifatini oshirish, arzon va sifatli dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, xususiy tibbiy amaliyotni rivojlantirish bo‘yicha ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu sohani rivojlantirishga, uni tubdan isloh qilishga qaratilgan 104 ta normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta farmoni, 24 ta qarori va 9 ta farmoyishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 37 ta qarori hamda 32 ta farmoyishi qabul qilingan.

Sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarini saqlab turish, xodimlarga ish haqi to‘lash, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga 2018-yilda Davlat budjetidan 9,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu 2017-yildagiga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.

Hisobot davrida tibbiy ko‘riklar, jarrohlik amaliyotlari, shu jumladan, yuqori texnologiyali amaliyotlar o‘tkazish maqsadida 209 nafar chet el mutaxassislari mamlakatimizga taklif qilingan. 2017-yilning xuddi shu davriga nisbatan tibbiy ko‘riklar soni 8723 taga, amaliyotlar soni 452 taga, yuqori texnologiyali amaliyotlar soni 289 taga, chet ellardan tashrif buyurgan mutaxassislar soni 45 taga oshgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘z axborotida sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, hali o‘z yechimini kutayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligiga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, tez tibbiy yordam xizmati va sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini muassasalarining, ambulatoriya-poliklinika va statsionar tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarning o‘zaro integratsiyasi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Ayrim tibbiy xizmatlar, jumladan, tez tibbiy yordam hamda patronaj tizimidagi xizmatlar bir-birini takrorlab kelmoqda.

Hududlarda aholini, ayniqsa, yolg‘iz, keksa, nogironligi bo‘lgan, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni, bo‘lajak onalar va bolalarni patronaj xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish borasidagi ishlar talab darajasida emas.

Tez tibbiy yordam xizmati brigadalari hamda avtomobillari zamonaviy raqamli radioaloqa vositalari (ratsiyalar) va GPS-navigatsiya tizimlari bilan hanuzgacha to‘liq jihozlanmagan.

Vazirning axboroti yakunida deputatlar ushbu masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdilar. Jumladan, patronaj tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirish va uni amalga oshirish mexanizmlarini soddalashtirish, qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini puxta va samarali uyushtirish uchun ular faoliyatining huquqiy asosini mustahkamlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, kasalliklarning oldini olish maqsadida tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini faollashtirish va tarmog‘ini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, sog‘liqni saqlash sohasidagi xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga g‘ov bo‘layotgan sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish ham tizimdagi muammolar yechimiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil aprel oyida joylarga chiqib o‘rganishlari davomida mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 8 avgustda qabul qilingan «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan suhbatlar jarayonida nogironlikni belgilashga taalluqli qator masalalar mavjudligi aniqlanib, bu borada sog‘liqni saqlash vazirining axborotini eshitish taklifi bildirilgan edi.

Shu munosabat bilan vazirning ushbu masala yuzasidan bergan axborotida ta’kidlab o‘tilganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish, respublikada nogironlikni belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi, bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilindi.

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2018 yilning 9 martida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati tizimida Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, 14 ta Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari, 5 ta tuman, 70 ta tumanlararo, 4 ta shahar va 14 ta ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyat yuritmoqda.

2018-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar natijasida 16 yoshdan oshgan va nogironligi bo‘lgan shaxslar 582,4 ming nafarni tashkil etib, 12,4 ming nafar fuqaroga birlamchi nogironlik belgilangan.

Nogironlikni asosli belgilashni ta’minlash maqsadida Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va Bosh tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmati tomonidan ikki pog‘onali nazorat o‘tkazish yo‘lga qo‘yilib, birlamchi nogironlik belgilangan 8 ming nafar shaxslarning (64,5 foiz) ko‘rik ishlari o‘rganib chiqilib, ulardan 2,5 mingga yaqini qayta nazorat ko‘rigidan o‘tkazildi hamda 13 nafari shaxsga oid tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyalarining xulosalari o‘zgartirildi.

Aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklar tarqalishining, nogironlikning oldini olish hamda respublika aholisiga ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan hamda malakali kadrlar bilan ta’minlangan 10 ta Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, barcha viloyatlarda ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari tashkil qilindi.

Irsiy va tug‘ma nuqsonli nogiron bolalarning tug‘ilishini oldini olish, bolalikdan nogironlik holatlarini kamaytirish maqsadida bugungi kunda respublikaning 11 ta hududida «Ona va bola» skrining markazlari tashkil etilib, ularda nasliy va tug‘ma kasalliklarga chalinish xavfli guruhiga mansub oilalar tibbiy-genetik tekshiruvidan o‘tkazilib, nogiron bolalar tug‘ilishining oldi olinmoqda.

Shu bilan birga, vazir ushbu yo‘nalishdagi ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib, hozirgi kunda respublikada Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, 10 ta hududiy Reabilitatsiya markazlari faoliyat yuritib kelayotgani, ammo Buxoro, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida reabilitatsiya markazlari hozirgacha mavjud emasligini ta’kidlab o‘tdi. Bundan tashqari, 2018 yilning birinchi choragida Tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyalari tomonidan 2049 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berilgan bo‘lsa-da, shundan Bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan bor-yo‘g‘i 248 nafari (12,1 foiz) ishga joylashtirilgan, xolos.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar tibbiy-mehnat ekspertiza jarayonining shaffofligini ta’minlash, sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslik, hujjatlarning ishlash mexanizmini yanada soddalashtirish, nogironlikka oid masalalarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, mazkur masalalarni qamrab oluvchi yagona hujjat qabul qilish, Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari va davolash-profilaktika muassasalarining dispanser nazoratidagi bemorlarni maqsadli davolash orqali nogironlikning oldini olish borasida hamkorlik faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq ekanini alohida ta’kidladilar.

Muhokamalar yakunlariga ko‘ra har ikkala masala yuzasidan Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari qabul qilindi. Ularda sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq topshiriqlar belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring