Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sotuvga qo‘yilgan masjid binosi: «aysberg»ning uchimi yoki «hiylai shar’iy»?

Sotuvga qo‘yilgan masjid binosi: «aysberg»ning uchimi yoki «hiylai shar’iy»?

Foto: «7news.uz»

Andijon shahridagi sobiq masjid binosida yashayotgan oilalarga uy-joy berilgani xo‘b yaxshi ish bo‘ldi-da. Ayniqsa, Ramazonda! Muborak oyda amalga oshirilgan xayrli ishlarning savobini ayting...

Sobiq masjid binosining o‘zi-chi? Uning taqdiri nima bo‘ladi?

«Sobiq masjid binosi» deyayotganimiz qo‘lma-qo‘l bo‘lishi natijasida hujjatlarda «savdo va mashiy binolar»ga aylanib, Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi tasarrufiga o‘tib ketgan ob’yekt ekanini ko‘plar ilg‘ayotgan bo‘lsa kerak. Ozmuncha yozilyaptimi bu haqda? Andijon shahridagi Do‘stlik ko‘chasi 7-manzilda joylashgan bu ob’yektga hazilakam mehnat va mablag‘ ketmagandir?! Axir, umumiy foydalanish maydoni 1 716,24 kv. metr, qurilish maydoni 1 931,86 kv. metr bo‘lgan 18 ta xonadan iborat ikki qavatli binoni ko‘tarib, juda sifatli holda ta’mirdan chiqarishning o‘zi bo‘lmaydi-da.

Barcha chiqimlar homiylik va hashar yo‘li bilan amalga oshirilgani e’tiborga olinsa, bu dargohning g‘isht-u sinchiga savobtalablarning mehnati, mablag‘idan tashqari mehriyam singganini his etish mumkin.

Mazkur ob’yekt ayni paytda rasman sotuvga qo‘yilgani bugun kimga sir? Sababi ham ma’lum: avval aytilganidek, Andijondagi «ELDAZ DESIGN» degan mas’uliyati cheklangan jamiyat «Aloqabank»ning viloyat filialidan 1 150 000 000 so‘m kredit olarkan, garovga sobiq masjid binosi qo‘yib yuboriladi. Kredit to‘lovlari vaqtida amalga oshirilmagani sabab ish sudgacha yetib, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining shu yil 24 yanvardagi hal qiluv qaroriga ko‘ra undiruv garovdagi mulklarga qaratiladi.

Ayni paytda sobiq masjid binosining Majburiy ijro byurosi changaliga tushib, kimoshdi savdosiga chiqib ketishining boisi shu.

Bu yog‘i nima bo‘ladi?

Hozirda sud qarori qonuniy kuchda. Demak, sud qarori bekor bo‘lmaguncha voqealar rivoji kelgan joyidan shu zaylda davom etaveradi. Chunki, masalaga sud qarorini bekor qilishdan boshqa huquqiy yechim yo‘q. Buning uchun yuqori bosqichga murojaat qilish talab etiladi.

Hamma balo shundaki, yuqori bosqichga javobgarlar — «ELDAZ DESIGN» MChJ va Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazidan boshqa sub’yektning murojaat qilish huquqi yo‘q. Javobgar esa sud boshlanishi hamono «oq bayroq»ni ko‘tarib, taslim bo‘lgan-qolgan...

Masjid binosi garovga qo‘yilib, kredit olinishini mutasaddilar tadbirkorlikni (tadbirkorni desak to‘g‘ri bo‘ladi aslida) qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘lashi aniq. Har holda hujjatlar shunga dalolat qilmoqda. Ya’niki, «ELDAZ DESIGN» MChJ xom ashyo sotib olishga mablag‘i yo‘qligi bois kredit masalasida amaliy yordam so‘rab, Andijon shahar hokimligiga murojaat qilgan. Mutasaddilar bunga «labbay» deya javob berar ekan, shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazi balansidagi sobiq masjid binosini qo‘shqo‘llab garovga qo‘yishadi.

Xullas, kredit masalasi favqulodda hal etiladiki, bunaqa tezkorlik rivojlangan G‘arbda ham uchramasa kerak.

Mana, qarang: «ELDAZ DESIGN» MChJ o‘tgan yilning 16 mart kuni kerakli miqdordagi kreditni so‘rab, «Aloqabank»ning Andijon filialiga murojaat etadi va... shu kunning o‘zida murodi hosil bo‘ladi?!

Tasavvur qilyapsizmi buni?!

Ya’niki, o‘sha kuniyoq tomonlar o‘rtasida garovga qo‘yilayotgan ob’yektning boshlang‘ich bahosi kelishilib, dalolatnoma tuzadilar. Vakolatli baholovchilar sobiq masjid binosining narxini  1 mlrd. 651 mln. 775 ming 108 so‘m deyishgan ekan. Biroq tomonlar «bozor holatidan kelib chiqib» uning bahosini 767 mln. 500 ming so‘m etib belgilashadi (tafovutning kattaligini qarang!).

Yana deng, bank mutasaddilari shu kunning o‘zida (!) yig‘ilish o‘tkazib, ko‘rsatilgan miqdordagi kreditni berish haqida qaror chiqarishga ulgurgani-chi?

Mazkur qaror siyohi qurib-qurimay kredit shartnomasi ham imzolanadiki, bunday tezkorlikdan hayratlanmay iloj yo‘q...

Shu o‘rinda eslatib o‘tish shart: kredit 18 oy muddatga (yillik 20 foiz ustama to‘lash sharti bilan 3 oy imtiyozli davri bilan) berilgandi...

Voqealarning keyingi rivoji ma’lum.

MChJ kredit to‘lovini vaqtida amalga oshirmaydi. Vassalom.

Bank sudga murojaat qilgan paytda (2019 yil, yanvar) kreditning qaytarilmagan tani 1 mlrd. 116 mln. 761 so‘mni, muddati o‘tgan foizlari miqdori 53 million so‘mdan oshib, penyasi esa ikki yarim million so‘mni qoralab qolgandi...

Qayd etilgan raqamlar MChJ kredit to‘lovlarini vaqtida amalga oshirish haqida hatto jiddiyroq o‘ylamaganini mantiqan tasdiqlamayaptimi? Chunki ko‘ngil to‘q-da: do‘ppi tor kelsa, bank garovdagi mulklarni oladi, jonini emas.

Shunday bo‘ldi ham. Mana, bank amalda masjid, qog‘ozda «savdo va maishiy binolar»ga ega chiqib turibdi.

Yuqoridagi manzaralar masjid binosidan «unumli» foydalanish uchun o‘ylangan «hiylai shar’iy»mi yoki sirli va sehrli kredit olishdagi o‘yinlardan belgi beruvchi «aysberg»ning uchimi?

Bu savolning javobi prokuratura organlariga tan.

Andijon aholi eng zid yashaydigan hudud. Shaharni-ku, aytmang: burunga qo‘ngan pashshani haydamoqchi bo‘lgan odamning qo‘li qo‘shnining yuziga tushadi. Har qarich yer oltinga barobar. Agar rostdanam «savdo va maishiy bino» bo‘lganida ushbu ob’yekt tadbirkor-u uddaburon andijonliklar o‘rtasida talash bo‘lib, allaqachon egasini topib ketardi, ishonovring! Biroq ko‘p yillardan beri masjid sifatida foydalanib kelingani, zamona zayli bilan maqomini yo‘qotganiga qaramay bu maskanga birorta boyvachcha «ot solmagani» sababiyam shunda bo‘lsa, ehtimol. Chunki, masjid — Allohning uyi, uni sotib olib, ishlab chiqarishmi yoki savdo uyimi, ishqilib, tijorat maskaniga aylantirishga birim ikki bo‘lsin degan hammayam jur’at qilolmaydi. Moddiy manfaatdan e’tiqod quvvati baland kelaveradi bunday holatda. Zotan, e’tiqod — hassos tuyg‘u, u bilan hatto hazillashib bo‘lmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring