Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sport TV» O‘zbekiston - Qirg‘iziston o‘yinini jonli efirda translyasiya qiladi

«Sport TV» O‘zbekiston - Qirg‘iziston o‘yinini jonli efirda translyasiya qiladi

Foto: Sport TV

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazadigan o‘rtoqlik o‘yini «Sport TV» orqali translyasiya qilinmasligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Bunga sabab sifatida terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramovning translyasiyaga qarshi bo‘lgani ko‘rsatilgandi.

Keyinchalik bosh murabbiy translyasiya amalga oshirilishiga rozilik bergani ma’lum qilindi. Ayni vaqtda «Sport TV» O‘zbekiston - Qirg‘iziston o‘yinini namoyish etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda telekanal direktori Zohid Karimov ma’lum qilib o‘tdi.

«Aslida bu oddiy xabar edi. Lekin ba’zi OAVlar Vadim Abramov yoki boshqalarning gaplarini negativ sarlavhalar bilan yozib, reytingini ko‘tarishmoqchi bo‘lishdi, shekilli.

O‘yin egasi O‘FA. Ular ruxsat bersa, olib ko‘rsatamiz. Ular tomondan aytildiki, informatsion lavhalar, reportajlar beraveringlar, faqat to‘liq translyasiya bo‘lmasin. Sababini esa murabbiyning xohishi, deyishdi. Shu tufayli biz ularga peshvoz chiqdik va TV-dasturga o‘yinni kiritmadik.

Keyin ayrim nashrlar, barchasi emas, qaytaraman, ayrim nashrlar «Sport TV» telekanalidagi insayderlariga tayanib xabar tarqatishdi. Aniq ma’lumot uchun bizga hech kim murojaat qilmadi. Endi esa O‘FA va Vadim Karlenovich translyasiyaga qarshiligimiz yo‘q, deyishmoqda. Biz yana peshvoz chiqamiz ularga. Milliy jamoa o‘yinini translyasiya qilish biz uchun odatdagi ishimiz, bajonidil ko‘rsatamiz. Texnika va ijodiy guruhimiz doim shay.

Translyasiyani amalga oshirmaslik tashabbusi biz tomondan bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Biz muxlislar uchun ishlaymiz!

Umuman olganda, bosh murabbiy bunday iltimos bilan chiqishi normal holat. Jahon futbolida ham uchrab turadi. Shuning uchun biz bundan fojea yasamadik, shov-shuv ko‘tarmadik, oddiy qaradik. Qolaversa, o‘yin yopiq eshiklar ortida o‘tkazilmaydi. Istasangiz, stadionga boring, istasangiz, mana «Sport TV» orqali tomosha qiling», — deydi «Sport TV» telekanali rahbari Zohid Karimov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston - Qirg‘iziston o‘rtoqlik o‘yini 9 noyabr, soat 17.00da boshlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring