Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda buziladigan uy-joy egalari va IIV xodimlari o‘rtasida janjal bo‘ldi. Ikki xodim jarohatlangan

Surxondaryoda buziladigan uy-joy egalari va IIV xodimlari o‘rtasida janjal bo‘ldi. Ikki xodim jarohatlangan

Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumanida buziladigan uy-joy egalari va hokimiyat vakillari o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Bu haqda Surxandaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabar berib o‘tdi.

«Joriy yilning 14 fevralida viloyatning Oltinsoy tumani, «Halqabod» mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydoniga mahalliy fuqarolar tomonidan noqonuniy uy-joy qurib olinganiga aniqlik kiritish hamda ushbu yerlarni fermer xo‘jaligiga qaytarish maqsadida, tuman hokimiyatining qurilish masalalari bo‘yicha vakili, tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Oltinsoy filiali mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh borgan. Guruh tomonidan Oltinsoy tuman hokimining 2019 yil 6 dekabr kunidagi farmoyishi ijrosini ta’minlash uchun manzilga chiqib, mahalliy fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilayotganda ayrim fuqarolar qo‘llariga turli buyumlar (tayoq, bolta, tosh, bel kurak va boshqa) bilan ishchi guruh vakillariga tajovuz qilganliklari oqibatida o‘rtada janjal kelib chiqqan.

Chaqiruvga asosan jamoat tartibini saqlash uchun 16.00larda voqea joyiga yetib borgan tuman IIB xodimlari mahalliy aholidan jamoat tartibini buzishni to‘xtatib, uylariga tarqashni talab qilgan. O‘sha vaqtda mahalliy fuqarolardan I.Muxammadiyev, D.Muxammadiyev, F.Nurov, A.Toshov, S.Muxammadiyev va A.Safarovlar ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘llaridagi buyumlar bilan tajovuz qilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, jamoat tartibi barqarorlashtirilgan.

Huquqbuzarlarning tajovuzlari natijasida IIB xodimi safdor Sh.Mustofoqulovga «Bosh miyaning yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, boshning peshona o‘ng qosh usti, o‘ng yon tomoni ezilgan, yirtilgan jaroxatlari, o‘ng ko‘z qovog‘i yumshoq to‘qimalarning ezilishi va gematomasi, burnining o‘ng tomoni yuz sohasidagi yirtilgan jarohat», shuningdek profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga «Chap yelka o‘mrov akramiyal bo‘g‘imi sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi» kabi tan jarohatlari yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda fuqarolarimizdan har qanday vaziyatda jamoat tartibini buzishlariga yo‘l qo‘ymaslikni, nizoli vaziyatlarni qonuniy tartibda hal etishlariga chaqirib qolamiz.

Mamlakatimizda qonun ustivorligi ta’minlanadi hamda aybdorlar qilmishidan qat’iy nazar javobgarlikka tortiladi», — deyiladi IIV Axborot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring