Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Surxondaryoda OTB ajratgan kredit mablag‘lari talon-toroj qilindi

Surxondaryoda OTB ajratgan kredit mablag‘lari talon-toroj qilindi

 

Surxondaryoda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan bog‘dorchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan kredit mablag‘larining qariyb 230 ming AQSh dollari miqdoridagi qismi talon-toroj qilingani aniqlandi.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra, viloyatda OTB tomonidan meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan kredit mablag‘larining realizatsiya qilinishi hamda qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishda olib borilgan ishlar yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.

O‘rganishda, Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat ko‘rsatib keluvchi «KT» MChJ rahbari A.Q.ga Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan uzumzor va tomchilab sug‘orish tizimini joriy etish uchun ajratilgan 2,5 mlrd. so‘m (taxminan 230 ming AQSh dollari)dan ortiq pul mablag‘lari talon-toroj etilganligi aniqlandi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan «KT» MChJ rahbari A.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasi uchun Osiyo taraqqiyot banki 2016-yil noyabr oyida 5 yillik imtiyozli davr bilan 25 yilga 154 million AQSh dollari ekvivalentida kredit ajratishni ma’qullagan.

Mazkur loyihani amalga oshirish muddati 5 yil – 2017-2021-yillar etib belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring