Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tanani ayab o‘tirmaydigan kasallik. U hatto nogironlik darajasiga olib keladi (video)

Bugun yaqinlarimiz yoki ko‘p tanishlarimizdan «Kechasi bilan tizzam og‘rib chiqadi», «Oyog‘im bosishga bermaydi» degan shikoyatlarni eshitib qolamiz. Ha, bo‘g‘im xastaliklari odamni asta-sekinlik bilan yengadi. Agar o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, to‘shakka mixlab qo‘yishi ham hech gap emas.

Anglaganingizdek, navbatdagi mavzuimiz bo‘g‘im xastaliklari haqida. «Xabar.uz» sayti galdagi suhbatni Toshkent tibbiyot akademiyasining revmatologi Mirhamidov Mirziyod Vosiljonovich bilan o‘tkazishni rejalashtirdi.

Hozirgi kunda bo‘g‘im yoki oyoq-qo‘ldagi og‘riqdan shikoyat qilmagan odamni topish qiyin. Ayniqsa, xalqimiz «Revmatizm» nomini ko‘p ishlatadi. Ya’ni bo‘g‘imi og‘riyotgan har ikkita bemordan biri o‘ziga «revmatizm» tashxisini qo‘yib oladi. Bunga aniqlik kiritish uchun, avvalo, bo‘g‘im haqida qisqacha ma’lumot berishni o‘rinli deb bilaman.

O‘zi bo‘g‘im bir nechta elementlardan tashkil topgan. Bular quyidagilar:

  • Bo‘g‘im bo‘shlig‘i;
  • Suyaklarning epifiz qismi;
  • Bo‘g‘imlarning tog‘ay qismi;
  • Bo‘g‘im kapsulasi;
  • Bo‘g‘im pardasi;
  • Bo‘g‘im suyuqligi.

Ahamiyat bersangiz, bo‘g‘im o‘ta murakkab tushuncha. Boisi u bir qancha elementlardan iborat.

Demak, bo‘g‘imda og‘riq paydo bo‘lishining bir nechta sabablari bor. Shulardan biri – travma. Ya’ni jarohat, buning uchun bemor shu bo‘g‘imini urib yoki qayirib olgan yoxud noqulay harakat qilgan bo‘ladi. Mazkur vaziyatda yuqorida sanab o‘tilgan bo‘g‘im elementlaridan birida o‘zgarish kuzatiladi: siljish, cho‘zilish, sinish, uzilish va hokazolar. Ushbu holatda bemor travmatologga murojaat etishi kerak. Bordi-yu, bezovtalik jarohatga bog‘liq bo‘lmasa, ya’ni bo‘g‘imda o‘z-o‘zidan muammo kelib chiqsa, bu kasallik hisoblanadi.

Bo‘g‘imi bezovta qilayotgan bemorda asosan quyidagi shikoyatlar yuzaga keladi:

- bo‘g‘imlardagi qisirlash yoki qarsillash.

- bo‘g‘imlardagi og‘riq.

- bo‘g‘imlardagi shish kabilar.

Bo‘g‘imdagi qarsillash yoki qisirlashning o‘zini 2 va 3 xilga bo‘lish mumkin. Birinchisi: bu hammamizga ma’lum holat, ya’ni qo‘llarni majburan qisirlatish. Bunda bo‘g‘imlar harakati vaqtida bo‘g‘im pardasi tomonidan suyuqlik ajralib chiqib, uning ichida gaz pufakchalari hosil bo‘ladi. Aynan mana shu pufakchalarning yorilishi natijasida qarsillash ovozi kelib chiqadi. Qarsillash ma’lum bir vaqtdagina kuzatiladi, pufakcha yorilgach esa to‘xtaydi. Yana qarsillashi uchun qanchadir vaqt o‘tishi kerak.

Bo‘g‘imlardagi qarsillashning keyingi turi harakat vaqtida uchraydi. Bu holat bo‘g‘imlardagi tog‘ay bilan bog‘liq. U jiddiy sanalib, mutaxassis ko‘rigini talab etadi.

Navbatdagi bezovtalik bu – og‘riq. Og‘riqlar bir nechta bo‘g‘im xastaliklarida uchraydi. Shulardan biri start xarakteridagi og‘riq, ya’ni bemor uzoq vaqt harakatsiz holatda bo‘lib, so‘ng turib yura boshlaganida og‘riq kuzatilishi. Ya’ni bunda bo‘g‘im harakatga qarshilik qiladi. 3-4 qadam yurgach esa ahvol yengillashadi va bemor bemalol yurib ketadi. Bu bo‘g‘im tog‘ayi bilan bog‘liq holatdir.

Keyingi bezovtalik bo‘g‘imlardagi og‘riqqa qo‘shimcha bo‘ladigan shish. Bu tibbiyot tilida – ARTRIT deb nomlanadi. Artrit – bo‘g‘im shamollashi. Artrit bir nechta bo‘g‘im kasalliklarida uchraydi. Ulardan eng ko‘p kuzatiladigani revmatik isitma (xalq tilida revmatizm deyiladi), revmatoid artrit (xalq tilida poliartrit deyiladi) va hokazolar.

Revmatik isitma – yoshlikda rivojlanadigan tomoq og‘riqlari, ya’ni tonzillit va faringit bilan ko‘p og‘rigan bemorlarda uchraydi. Bu dardga chalingan xastalar bo‘g‘imida shish va og‘riq kuzatiladi. Artritning o‘ziga xosligi – uchuvchan xarakterga egaligi, ya’ni bugun tizza bo‘g‘imida shish va og‘riq tursa, ertasiga birdan yo‘qolib, bezovtalik tirsak, yelka yoki boldir-tovon bo‘g‘imlariga ko‘chib qoladi.

Revmatoid artrit esa bo‘g‘imlar shamollashi bilan kechadi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, artrit bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq bo‘g‘imlarda uchraydi va kundan-kunga yangi bo‘g‘imlar qo‘shilib boraveradi. Asosiy og‘riq vaqti – ertalab, kunning ikkinchi yarmiga borib bezovtalik sekin-asta kamayadi. Ya’ni bunda bemor ertalab uyg‘onganida o‘rnidan o‘zi mustaqil turolmaydi, tursa ham qiyinchilik tuyadi, sochini tarolmaydi, kiyimini yechib-kiyishga qiynaladi, qo‘l barmoqlarini bukolmaydi, choynak-piyola ushlolmaydi. Bularning bari ertalabki karaxtlik deyiladi. Kunning o‘rtasiga kelganda, ya’ni quyosh tikka ko‘tarilgan vaqtdan boshlab bemor ahvoli sekin yaxshilana boradi.

Bugun aholi orasida eng ko‘p uchrayotgan bo‘g‘im kasalliklari bu – osteoartroz, revmatik isitma va revmatoid artritlardir.

Osteoartrozda asosiy muammo tog‘ayda bo‘ladi. Kasallik belgisi: bemor uzoq o‘tirgach o‘rnidan turib yurmoqchi bo‘lganida tizza yoki tos-son, ya’ni yuklama tushadigan bo‘g‘imlarida og‘riq sezadi, 3-4 yoki 10 qadamcha tashlagach ahvoli yengillashib, yurib ketadi. Kun oxirida yana shu bo‘g‘imlarida og‘riq sezadi, ya’ni qancha ko‘p yuklama bersa, bezovtalik shuncha kuchayadi. Bu kasallik ko‘proq o‘rta yoshli, yoshi katta va tana vazni yuqori insonlarda uchraydi.

Revmatik isitma esa asosan yoshlik paytida – 7 – 15 – 25 yoshlarda boshlanadi, tonzillit va faringit bilan ko‘p og‘rigan bemorlarda aniqlanadi.

Endi kasallikning oldini olish haqida gaplashsak.

Osteoartroz – bu hayot davomida orttiriladigan xastalik. Uning rivojlanishiga sabab bo‘ladigan omillar quyidagilar: yosh, kasb, tana vazni va kerakli minerallar yetishmasligi. Ya’ni bu dardning oldini olish uchun tana vazni yuqorilar, uzoq vaqt oyoqda tik turuvchi kasb egalari, masalan – o‘qituvchilar, sartaroshlar, xirurglar, stomatologlar va boshqalar – tizza, tos-son va boldir-tovon bo‘g‘imlariga tushadigan yuklamani kamaytirishlari lozim. Ular tizza bo‘g‘imlariga tushadigan yuklamani kamaytirish uchun son suyagi ustidagi to‘rt boshli mushakni maxsus mashqlar yordamida doimiy shug‘ullantirib yurishlari zarur. Shuningdek, tanani kerakli mineral va ozuqalar bilan to‘yintirish ham muhim: meva-sabzavotlar, ko‘katlar, dengiz mahsulotlari va kalsiy saqlovchi yeguliklar.

Revmatik isitma kasalligi (ya’ni revmatizm)ning oldini olish uchun esa tonzillit va faringit xastaliklarini o‘z vaqtida to‘g‘ri davolash hamda ulardan saqlanish darkor. Shuningdek, ijtimoiy muhitni ham yaxshilash lozim.

Revmatoid artrit profilaktikasiga kelsak, hozircha bu kasallikning kelib chiqish sababi butun dunyoga noma’lum. Shu bois birlamchi profilaktika o‘tkazilmaydi, lekin kasallikning kelib chiqishiga turtki bo‘ladigan omillar mavjud. Bular: tanadagi infeksiya o‘choqlari, milklardagi shamollashlar, chekish va boshqalar. Shularni bartaraf etish kerak.

Suhbatning to‘liq shakli bilan video orqali tanishishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring