Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Tog‘li Qorabog‘: kimning tili uzunroq?

Tog‘li Qorabog‘: kimning tili uzunroq?

Foto: «RIA Novosti»

Kavkaz xalqlari tarixan juda ko‘p jang-jadallarni boshdan kechirgan. Jang-jadallarga ishqibozlik qonida bormi yoki ichiga «ilon» kirib olganmi, xullas, Kavkaz g‘avg‘osi bu yil ayniqsa avjiga chiqdi. Iyul oyida «Kavkazcha mashmasha»: Qorabog‘ — qora dog‘mi?» sarlavhali maqolada ozar-arman munosabatlariga, ularning harbiy qudratiga batafsil to‘xtalgandik. Qorabog‘ masalasi hanuzgacha barham topmagani, G‘arb davlatlarining «e’tiborsizligi», Rossiyaning jimligidan nima anglashilmoqda? Qorabog‘ ustida jang bo‘lishidan kimlar manfaatdor?

«Hammasi yaxshi, cho‘kyapmiz!»

O‘nlab yillik mojaroning negizida Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi turibdi. Bu Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olingan, ammo uni etnik armanlar nazorat qiladi. Hamma muammo ham shunda: Armaniston xalq bahonasida yangi yerlarga ega chiqmoqchi bo‘lsa, Ozarbayjon xalqaro miqyosida tan olingan joylarini bermoqchi emas.

1980-yillarning oxiri va 90-yillarning boshlarida ikki mamlakat mintaqa ustidan qonli urush olib borishdi. Ora-orada sulhlar tuzib turishsa-da, hech qachon tinchlik shartnomasiga erisha olmaganlar. Sulhlar imzolanaverdi, sulhlar buzilaverdi...

Mashhur siyosiy publitsist, faylasuf va tilshunos Noam Xomskiy Qorabog‘ mojarosi haqida shunday dedi: «Dunyodagi dolzarb muammolarning aksariyati «xaritalarni chizish»ga asoslangan. Xaritalarni Stalin Qorabog‘da, fransuz va ingliz imperialistlari Yaqin Sharqda chizgan. Va aynan mana shunday «rassomlar» tufayli hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlar azob chekmoqda».

Turkiya Ozarbayjon bilan yaqin aloqada, Rossiya esa Armaniston bilan ittifoqdosh bo‘lsa-da, Ozarbayjon bilan ham yaxshi munosabatda. Armaniston Rossiyadan ko‘p narsa kutishiga ayrim sabablar bor. Masalan, Rossiya va Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining (KXShT) a’zolari. Armaniston Rossiyani boshqa pravoslav davlatlari kabi o‘ziga homiy va xavfsizligining asosiy ta’minotchisi deb biladi. Nega unda Rossiya Armanistonga ko‘mak bermayapti, degan savol paydo bo‘ladi. Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, Rossiya agar Ozarbayjon Armanistonning umume’tirof etilgan chegaralariga bostirib kirsagina, Armanistonga harbiy sohada yordam berishi va hattoki Ozarbayjonga urush ochishi mumkin.

Kavkaz Yevropaning janubi-sharqidagi strategik jihatdan muhim tog‘li mintaqadir. Asrlar davomida mintaqadagi turli xil kuchlar — ham nasroniylar, ham musulmonlar — u yerda nazorat qilish uchun kurash olib boradilar. Yaqin Sharqda gegemoniya o‘rnatishga astoydil kirishgan Turkiya ham Ozarbayjonni qo‘llamoqda. Agar janglar davom etadigan bo‘lsa, katta ehtimol Ozarbayjon g‘alaba qozonadi va Qorabog‘ni to‘la tasarrufiga oladi. Bu nima degani? Bu Sharqiy Yevropaga  musulmon davlatlari tobora kuchliroq ta’sir o‘tkaza olishiga zamin bo‘lishi mumkin.

Xristian davlatlari odatda yevropaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanar edi. Ammo bu safar negadir hech kim qattiqroq «yo‘talmayapti». Germaniya kansleri Angela Merkel Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan suhbatlashgandan so‘ng zo‘ravonlikni darhol to‘xtatishga chaqirdi.

«Kansler ... zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va muzokara stoliga qaytishga chaqirdi», — deb yozdi Germaniya kansleri Angela Merkelning vakili Shteffen Zaybert Tvitterda. Germaniya ultimatum shartlarni yubormadi, fransuzlardan ham tayinli harakat yo‘q. Pandemiya va iqtisodiy o‘sish sur’atlaring pasayishi, Yevropaning siyosiy tushkunligiga ham sabab bo‘layotgandek. Musulmon davlatlarining xristian davlatlariga xavfi oshib borishi ayrim davlatlarni ichiga «qurt» oralatgan bo‘lsa ajabmas. Ammo tayinli urinishlar yo‘q. Bir dengizchi aytganidek: «Hammasi yaxshi, cho‘kyapmiz».

Sulhlar buzish uchun imzolanadimi?

BMT qarib qoldimi, yoki boshqa jihat xalqaro janjallar sodir bo‘lsa, BMT emas Tramp-u Putin, Merkil-u Makron, Erdog‘on-u Si Szinpinlarning nomi ko‘proq jaranglaydi. BMT esa «hay-hay tinchlan» deydi xolos. Qorabog‘ masalasida ham janglarni «zudlik bilan» to‘xtatishga chaqirib ko‘rdi. Biroq katta sahnaga yana Rossiya chiqdi. Rossiya vositachiligida Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Armaniston va Ozarbayjon tomonidan kelishilgan mo‘rt insonparvarlik sulh bitimi 10 oktyabrda rasmiy ravishda kuchga kirdi. Bir kun o‘tib esa…

Shanba kuni kechqurun bahsli Tog‘li Qorabog‘ poytaxti Stepanakertda portlashlar sodir bo‘ldi, deydi guvohlar va Armaniston ommaviy axborot vositalari.

Ikkala tomon ham avval bir-birini bombardimonlarni davom ettirishda ayblagan. Ikki hafta davom etgan janglardan so‘ng, ikki mamlakat juma kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida vaqtinchalik sulhga kelishib olgandilar.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel Fonteles «kelishuvga qaramay» harbiy harakatlar davom etayotgani, shu jumladan fuqarolik nishonlariga qarshi, shuningdek tinch aholining qurbon bo‘lganligi to‘g‘risida hisobotlar «nihoyatda xavotir bilan» qayd etilganini aytdi.

Ozarbayjonning Ganja shahridagi turarjoy binosi bir kecha kun davomida, rasmiylar aytganidek, Armanistonning raketa zarbasi bilan vayron bo‘ldi. Rasmiylarga ko‘ra, yetti kishi halok bo‘lgan va o‘nlab odamlar yaralangan.

Mo‘rt sulh ikki mamlakatga mahbuslarni almashtirish va yaqinda bo‘lib o‘tgan janglarda qurbon bo‘lganlarning jasadlarini almashish imkonini berish edi. Sulhning dozasi bundan boshqasiga yetmaganga o‘xshamoqda.

«Rossiya poytaxti Moskvada 10 soatlik muzokaralardan so‘ng kelishib olindi», dedi rus ma’murlari iftixor bilan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, ikki mamlakat endi «mazmunli» muzokaralarni boshlashi kerak.

Biroq, keyinchalik Armaniston tashqi ishlar vaziri Zohrab Mnatsakanyan muzokaralarni «ancha qiyin» deb baholadi va Armaniston Tog‘li Qorabog‘ xalqaro miqyosda mustaqil davlat sifatida tan olinishini istashini aytdi.

O‘zini Qorabog‘ rasmiylari deb e’lon qilganlar bu chaqiriqni qo‘llab-quvvatladilar va Ozarbayjonni sulh muzokaralarini yangi hujumlarni tayyorlash uchun dastak sifatida ishlatishda aybladilar.

Ayni paytda, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramovning aytishicha, muzokaralar davomida Armanistonga yetarlicha bosim o‘tkazilmagan va Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat shu kabi saqlanib qolishi mumkin emas. Ozarbayjon ko‘proq hududlarni o‘z qo‘liga olishini kutgan va sulh Qizil Xoch jasadlarni almashtirishni tashkil qilgan vaqtdagina davom etadi, dedi u. Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlaydigan Turkiya sulh Armanistonning bahsli hududdan kuchlarini olib chiqish uchun «so‘nggi imkoniyat» ekanligini aytdi. Xullas, sulh imzolangan varaqni endi kim qayerga ishlatadi?

Armaniston mudofaa vazirligi Ozarbayjon kuchlari sulh kuchga kirganidan besh daqiqa o‘tib hujum uyushtirganini, etnik arman kuchlari bunga javob berganini bildirdi. Ozarbayjon kuchlari ham shaharchani bombardimon qilmoqda, dedi Mudofaa vazirligi.

Ayni paytda Ozarbayjon mudofaa vazirligi Armaniston «sulh rejimini ochiqdan-ochiq buzmoqda» va Ozarbayjonning Terter va Agdam mintaqalariga o‘q uzayotganini aytdi. Armaniston esa buni rad etdi. Kim birinchi sulhni buzgani esa noma’lum, hamma o‘zicha haq.

Shu bilan birga, Ozarbayjon o‘zining ikkinchi yirik shahri Ganja va Goranboy viloyatini Armaniston qurolli kuchlari o‘qqa tutganini, kamida bir fuqarosi halok bo‘lganini aytdi.

Shu hafta boshida Bi-bi-si bilan suhbatda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mintaqadagi «genotsid» haqida ogohlantirdi va bu «Armaniston, armanlar tuprog‘i» ekanligini ta’kidladi.

Kimning tili uzunroq?

«Biz yaqin kunlarda nima bo‘lganini aniqlash uchun Minsk guruhining koordinatsiyasini ishga tushiramiz, kim javobgar va chiqish yo‘lini qidiramiz», — dedi seshanba kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning idorasi rasmiysi.

Kreml vakili Dmitriy Peskov Turkiyani «siyosiy va diplomatik vositalar» bilan to‘qnashuvlarga barham berish ustida ishlashga chaqirdi va Turkiya ittifoqdosh Ozarbayjonga qurol bermasligi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Xalqaro doiralar ham sezib turibdiki, kimdir «anaqa, shunaqa, qanaqa» deyavermasdan bu ikki davlatni jim qilishi kerak. Ammo o‘sha kim bo‘ladi? Kimning tili uzunroq?

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi vakili Voqif Dargyahli Armaniston kuchlarining bir kecha-kunduzda o‘z hududlarini qaytarib olganliklari haqidagi da’volarini rad etdi. «Armaniston tomoni go‘yo ilgari yo‘qolgan hududlarni qaytarib berishga muvaffaq bo‘lganligi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda davom etmoqda. Men shuni ta’kidlamoqchimanki, jang paytida arman bosqinchiligidan ozod qilingan barcha hududlar Ozarbayjon harbiylari tomonidan nazorat qilinadi va nazorat qilinadi», — dedi Dargyahli Interfaks-Ozarbayjonga. Bu Ozarbayjonning talablari bajarilmas ekan, u ortga qaytmasligini anglatadi. Armaniston ham shashtidan tushmadi.

Buyuk Britaniya hanuzgacha o‘z muammolarini bartaraf eta olmadi. Breksitdan so‘nggi Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar ham yakunlanmagan. Bundan tashqari xalqaro savdoda ham omadi uncha chopmay turibdi. Qorabog‘ masalasisiz ham britanlarni ko‘plab muammolar qiynamoqda. Britaniya ehtimol «osh tayyor» bo‘lgach qo‘shilar?

AQShdan ham katta qadamlar tashlanmadi. Maykl Pompoyening sulhga chaqirganini inobatga olmasak, Oq uy na armanlarni, na ozarbayjonlarni «shapatilab qo‘ydi». Bunga bir qancha sabablar bor. Masalan, Tramp ham boshqa siyosatchilar ham noyabrdagi saylovlarga tayyorgarlik ko‘ryapti. To‘y taraddusida yurganning azali bilan nima ishi bor qabilida ish bo‘lyapti.

Vaziyat to‘la ochiq tarzda yoritilmayapti. Arman va ozarbayjon tarqatayotgan ma’lumotlar esa milliy manfaatlarni ko‘zlab «ochko» olishga bo‘lib qoldi. Urushlarda g‘oliblar bo‘lmagan. Bugun ham g‘olib davlat bo‘lmaydi. Armaniston va Ozarbayjonda kimdir o‘g‘lidan, kimdir yoridan, kimdir otasidan, kimdir akasidan ayrilyapti. Urush ham tugar ammo dillarda uning jarohati bitmaydi. «Asalning ham ozi yaxshi» degan naql bor xalqimizda. O‘z haq-huquqlarini talab qilish yaxshi, ammo me’yordan o‘tsa bu jaholatdir. Tarix shundan dalolatki, insonlar, davlatlar urushaveradi, kimdir, qaysidir davlat g‘alab ham qozonar, ammo urushda har ikki tomonning bolalari yutqazadi. Urushlarda hech qachon bolalar yutmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring