Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tolibon» harakati O‘zbekiston xavfsizligiga tahdid qilmaslikka va’da berdi (video)

«Tolibon» harakati O‘zbekiston xavfsizligiga tahdid qilmaslikka va’da berdi (video)

Foto: TIV matbuot xizmati

2020-yil 28-fevral kuni Qatarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulzaziz Komilov «Tolibon» harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi.

29-fevral kuni esa AQSh va Afg‘onistonning «Tolibon» harakati o‘rtasida uzoq kutilgan, afg‘on xalqiga umumilliy yarashish keltirish mumkin bo‘lgan tinchlik bitimi imzolandi. Mazkur bitim imzolanishida o‘zbek diplomatiyasining hissasi juda katta.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mazkur bitim haqida so‘zlab berdi.

— AQSh va «Tolibon» harakati o‘rtasidagi muhim bitim imzolanishini kuzatdik. Har ikki tomon to‘xtalgan asosiy shartlar o‘t ochishni to‘xtatish, zo‘ravonlikni to‘xtatish va Afg‘onistonda tinchlik muzokaralarini boshlash. Bu yo‘l so‘nggi qirq yil ichida ilk bor ochilmoqda.

Aytish mumkinki, prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan Toshkent konferensiyasidan so‘ng o‘tgan ikki yil ichida juda ko‘p ishlar qilindi. Boz ustiga, O‘zbekiston tomonidan bu ishlar murakkab sharoitlarda amalga oshirildi. Birinchidan, yirik davlatlarning O‘zbekiston bunday muammolarni hal eta olishiga to‘liq ishonchi yo‘q edi, ikkinchidan, juda ko‘p bahs va munozaralar bo‘ldi. Lekin, prezidentimizning qat’iyati va pragmatizmi, vaziyatni haqqoniy baholay olishi bilan biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik.

Amalda so‘nggi ikki yil ichida Toshkentdan Dohagacha — Afg‘onistonda qirq yillik urush davrida bosilmagan — ulkan yo‘lni bosib o‘tdik. Birinchidan, O‘zbekiston atrofida xotirjamlik va xavfsizlik kamari shakllanmoqda. Afg‘oniston yo‘nalishida prezidentimiz tomonidan qo‘llanayotgan barcha sa’y-harakatlarning muayyan natijalaridan biri respublikamizning xavfsizligi mustahkamlanishi bo‘lmoqda.

Men bitta misol keltiraman: bu bizning Dohada «Tolibon» harakati rahbariyati bilan uchrashuvimiz. Bu harakat rahbariyatining vakillari bizga Afg‘oniston hududida respublikamiz xavfsizligiga biror-bir tahdid vujudga kelishiga ular tomonidan hech qachon yo‘l qo‘yilmasligini va’da qilishdi. Men buni aytayotganimga sabab, «Tolibon» harakati ertaga O‘rta Osiyoga, jumladan O‘zbekiston tomon harakat qila boshlashi, vaziyat yana portlashi haqida ayrim «sharhlar» va taxminlar hanuz yangramoqda. O‘ylashimcha, bunday «sharhlovchilar» va kuzatuvchilar kerakli xulosalarni chiqarib olishlari kerak.

Ikkinchidan, bizning oldimizda mahsulotlarimiz eksporti, savdo-sotiq, janubiy davlatlar bilan kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imokniyatlar ochilmoqda. Bu — Pokiston, Eron, Hindiston kabi davlatlar va Afg‘onistonning o‘zidan iborat ulkan bozordir, — dedi A.Komilov.

Hozirda Dohada tinchlikka erishish uchun ilk aniq qadamlar qo‘yilgani bo‘yicha hech kimda shubha qolmagani aytilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring