Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

To‘raqo‘rg‘on, Taxiatosh va Navoiy IESda yangi bug‘-gaz uskunalari o‘rnatiladi

To‘raqo‘rg‘on, Taxiatosh va Navoiy IESda yangi bug‘-gaz uskunalari o‘rnatiladi

Vazirlar Mahkamasi 2019-yilda umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan 145 ta loyiha bo‘yicha sanoat ob’yektlarini o‘z vaqtida ishga tushirishi kerak.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni o‘tkazilgan iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda topshiriq bergan.

Bu loyihalar ichida “Navoiyazot”da polivinilxlorid va azot kislotasi ishlab chiqarish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni kengaytirish, To‘raqo‘rg‘on, Taxiatosh va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida yangi bug‘-gaz uskunalarini o‘rnatish, Toshkent metallurgiya zavodini qurish loyihalari ham bor.

Tahlillarga ko‘ra, oxirgi o‘n yilda ishga tushirilgan qirqqa yaqin yirik korxona quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan korxona va ob’yektlar faoliyatini tahlil qilib, kam quvvatda ishlayotganlarini loyiha parametrlariga olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Yig‘ilishda 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirish masalasi ham muhokama qilingan. Ushbu dasturga, avvalo, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan 650 ga yaqin kelishuvlarga muvofiq ishlab chiqilgan aniq loyihalarni, shuningdek, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, muqobil energetika, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari, agrosanoat kabi yuqori texnologiyali tarmoqlardagi loyihalarni kiritish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring