Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshbo‘ron va chipta voqeasidan keyin O‘zbekiston yana bir musobaqaga mezbonlik qiladi

Toshbo‘ron va chipta voqeasidan keyin O‘zbekiston yana bir musobaqaga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislari 2023 yilning 1-18 mart kunlari O‘zbekiston maydonlarida o‘tkaziladigan U-20 Osiyo kubogiga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan.

O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov OFK tasnifidagi turnirlarni yanada yuqori saviyada o‘tkazish, musobaqalar geografiyasini oshirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergan. Hududlarga Qarshi va Namangan viloyatlari misolida futbol infratuzilmasini bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga mos keltirish vazifasini topshirgan.

Shu maqsadda kecha, 22 iyun kuni O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoroga borgan. Tashrif davomida viloyatdagi mavjud sharoitlar, futbol infratuzilmasi, stadionlar, mashg‘ulot maydonlari hamda delegatsiyalar joylashadigan mehmonxonalardagi qulayliklar va xizmat sifati, yashash xonalari va ovqatlanish joylari o‘rganib chiqilgan.

Ravshan Ermatov Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashib, U-20 Osiyo kubogining bir guruh uchrashuvlarini Buxoro shahrida tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda yakuniga yetgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi finalida O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga yutqazib, ikkinchi o‘rinni olgandi. Ushbu musobaqa bir qator mojaroli vaziyatlari bilan yodda qolgan.

Masalan, dastavval chorak finalda Iroqqa qarshi o‘yinda stadionga kirgan muxlislar futbolchilarga qarata tosh va boshqa buyumlar uloqtirishgan. Kirish tekin bo‘lgan o‘yinga kirmoqchi bo‘lgan jurnalistlar IIB xodimlari tomonidan kaltaklangan edi.

Keyinroq IIV toshbo‘ron uyushtirganlarni ushlab, jazolagan, ammo jurnalistlarning kaltaklanganini rad etgan. Xabarlarga ko‘ra, jurnalistlarning videokameralari olib qo‘yilgan va ichidagi barcha ma’lumotlar o‘chirilgan.

Ushbu toshbo‘ron uchun Osiyo futbol konfederatsiyasi musobaqani o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlay olmagani uchun O‘zbekistonni 50 ming dollar jarimaga tortgan va yarim final o‘yinini muxlislarsiz o‘tkazishga qaror qilgandi.

Bundan keyingi eng katta mojaro final o‘yini uchun chiqarilgan chiptalar bilan sodir bo‘lgan. Avvaliga chiptalar faqat onlayn sotiladi deyilgan, ammo yakunda ma’lum bo‘lganki, chiptalar sotuvga chiqarilishidan ancha avval o‘z egalarini topib ulgurgan.

Natijada 25, 50 va 100 ming so‘mlik chiptalar amalda bir necha baravar qimmatga sotilgan. Ushbu holatga O‘FA haligacha biror tayinli izoh bermagan. Chipta mojarosi ham unut bo‘lib ulgurdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring