Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda 100 dan ziyod olmon tili o‘qituvchilari jam bo‘ldi

Toshkentda 100 dan ziyod olmon tili o‘qituvchilari jam bo‘ldi

Anjumanda til o‘rgatishning ilg‘or uslublari bayon qilindi.

Foto: Gyote instituti

3 noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida XV olmon tili o‘qituvchilari anjumani boshlandi. Ilmiy-ma’rifiy tadbirni ochib bergan Germaniyaning yurtimizdagi elchisi o‘rinbosari Alis Volken olmon tilining O‘zbekiston yoshlari uchun o‘qish, ishlash va malaka oshirishdagi ahamiyati haqida gapirdi.

Diplomatga ko‘ra, joriy yil 1 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok uchrashuvida olmon tilini o‘rganish va o‘rgatish mavzusi ham ko‘tarilgan.

Ikki kunlik anjumanning ochilishida Toshkentdagi Gyote instituti hamda TDIU rahbari, DAAD, ZfA tashkilotlari, Shveysariya elchixonasi hamda chet tillarni ommalashtirish agentligi vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning turli viloyatlardan kelgan 100 dan ziyod olmon tili o‘qituvchilari uchun mahorat darslari, amaliy mashg‘ulot va seminarlar tashkil etilmoqda.

Tahlillarga qaraganda, keyingi yillarda O‘zbekistonda olmon tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Hozirda uni bog‘cha, maktab va universitet bosqichlarida, uzluksiz ravishda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 1-2 noyabr kunlari Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok yurtimizda mehmon bo‘ldi.

O‘zbekiston hamda Germaniya tashqi ishlari vazirlari uchrashuvida boshqa muhim masalalar qatorida mamlakatimizda olmon tilini yanada ommalashtirish va o‘qitish darajasini oshirish bo‘yicha keng qamrovli loyiha muhokama qilingan.

“Biz O‘zbekistonda nemis tilini chuqur o‘rganadigan maktablar sonini ko‘paytirishdan manfaatdormiz”, – degan tashqi siyosat mahkama rahbari Vladimir Norov.

Tashrif doirasida A.Berbok hamda V.Norov Toshkent shahridagi olmon tilini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan 60-maktabga ham bordi.

Ikki davlat vazirlari Toshkentdagi 60-maktabda. Foto: O‘zbekiston TIV

Bugungi kunda O‘zbekistonda olmon tili 12 ta maktabda chuqur o‘rganilmoqda, ulardan 6 tasi (Toshkent, Samarqand, Marg‘ilon, Farg‘ona, Andijon va Paxtaobod) rasman tan olingan diplom (Deutsches Sprachdiplom) berish huquqiga ega. 974 ta maktabda 236 mingdan ziyod o‘quvchi olmon tilni o‘rganadi, 3 mingdan ortiq o‘qituvchi ushbu tildan dars beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-2021 yillarda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi vazifasida faoliyat yuritgan Gyunter Overfeld mamlakatimizda olmon tiliga qiziqish oshib borayotganini qayd etar ekan, hatto tog‘da cho‘ponlar ham ushbu tilda muloqot qilganini hayrat ila bayon qilgan edi.

Germaniyaning hozirgi elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner ham O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring