Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda o‘smirlar «Anti Ryodan» harakatini tashkil qilgani aniqlandi (video)

Toshkentda o‘smirlar «Anti Ryodan» harakatini tashkil qilgani aniqlandi (video)

Toshkent shahrida o‘ttizdan ortiq yoshlar tomonidan «Ryodan» harakatiga qarshi «Anti Ryodan» harakati tashkil etilgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.  

«Biz alohida guruh tashkil qildik. Uning ishtirokchilari «Ryodan» harakati g‘oyalari hech qanday foyda keltirmasligi va davlatga xavf tug‘dirishi mumkinligini tushunib yetdi», deydi guruh a’zosi.

Guruh asoschilaridan birining aytishicha, «Ryodan» harakati haqida internetdan to‘liqroq ma’lumot olishgan.

«O‘rganish jarayonida harakat a’zolari dinimiz, davlatimiz haqida yomon gaplar gapirganini ko‘rdik. Eng yomoni, ular ko‘chada ketayotgan yoshlarga pichoq berib, odamlarga qarshi chiqish kerakligini, urib pichoqlash kerakligini uqtirgan. Shundan so‘ng «Anti Ryodan» harakatini tuzish xayolimizga keldi. Ijtimoiy tarmoqda guruh ochdik, o‘ttiztacha odam yig‘ildi. U yerga bitta «ryodan»chi qo‘shilib olib, yakshanba kuni barchangizni yo‘q qilamiz deb do‘q urdi», deydi u. 

«Ryodan» yoshlar submadaniyati bo‘lib, uning ishtirokchilari manga va anime (yapon komikslari va multfilmlari) «Hunter x Hunter»dan ilhomlangan. Ushbu guruhdagi o‘smirlar uzun qora soch va katakli shim bilan ajralib turadi. Shuningdek, ularning kiyimlarida «4» raqami tushirilgan o‘rgimchak rasmi ham tasvirlangan. Anime va mangada «Geney Ryodan» yoki «O‘rgimchaklar» deb nomlangan jinoiy to‘da mavjud va o‘rgimchak ularning ramzi hisoblanadi.

Dastlab «Ryodan» harakati internetdagi bir nechta virtual jamoalardan tashkil topgan. Ular anime muxlislari bo‘lib, jamoada Yaponiya animelarini muhokama qilgan. Biroq ayni paytda «Ryodan» harakati turli darajadagi tan jarohati yetkazish, birovning mulkiga zarar yetkazishni ko‘zlagan.

Toshkent shahar IIBB bunday harakatlar tashkilotchilari aholi orasida adovat va vahima uyg‘otishga urinayotganidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5 mart kuni «Ryodan» submadaniyati targ‘iboti ostida Toshkent shahrining Xalqaro forumlar saroyi binosi yonida ellikka yaqin o‘smir to‘plangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring