Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda sud raisi yordamchisi qotillik qurboni bo‘ldi

Toshkentda sud raisi yordamchisi qotillik qurboni bo‘ldi

Kecha qator internet saytlarida Toshkent shahar Sirg‘ali tuman ma’muriy sudi raisi yordamchisi O. Shomaqsudov qotillik qurboni bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Aytilishicha, Sirg‘ali tuman ma’muriy sudi rais yordamchisi vazifasida ishlagan O. Shomaqsudov o‘z tanishi, sobiq YHX xodimi, ilgari ikki marta sudlangan Rustam Ergashev (1964 y.t.) tomonidan qasddan o‘ldirilgan. U qabih ishini marhumga avval meva sharbatiga uyqu dori aralashtirib ichirib, o‘zini bilmaydigan darajaga keltirgach, boshiga og‘ir jism bilan urgan holda amalga oshirgan.

Niyati amalga oshgach, R.Ergashev tanishi — muqaddam ikki marta sudlangan Bahrom Amanovni (1966 y.t.) chaqirib, O. Shomaqsudovning jasadini yo‘q qilishda yordam berishini so‘raydi. Evaziga Sirg‘ali tumanida yangi qurilayotgan uylardan olishi uchun dastlabki badalni to‘lab berishni va’da qiladi. Shu tariqa ikkovlon xushsiz holdagi O. Shomaqsudovni «Neksiya»da Zangiota tumani hududida olib borishadi va og‘zi ochiq quvurga tashlab, ustida tuproq tortib yuborishadi. Bu paytda O. Shomaqsudovning joni uzilmagani keyinchalik o‘tkazilgan ekspertiza tasdiqlanadi...

Voqelik 2019 yilning 26 fevral kuni sodir bo‘lgan. Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida R. Ergashev va B. Amonov 4 mart kuni hibsga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati voqelikni tasdiqladi. Biroq mazkur qotillik jinoyati bo‘yicha tarqatilgan xabarlarda noaniqliklar ham yo‘q emas.

Chunonchi, xabarlarda R. Ergashev va B. Amonovga nisbatan qotillik va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar e’lon qilingani va tergov harakatlari ketayotganiga aytiladi. Yo‘q, bunday emas. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari allaqachon tugab, hatto sud hukm chiqarib bo‘lgan.

Ya’niki, 2019 yil avgust oyning 27 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi O.Qlichev raisligida (xalq maslahatchilari X.Rixsiyeva, G.Qosimova) o‘tkazilgan sud yakuniga ko‘ra har ikkala sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi «v,j,i,p» bandlari, 267-moddasi 2-qismi «g» bandi va 227-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Unga ko‘ra, R.Ergashev 20 (yigirma) yil muddatga, B. Amonov esa 17 (o‘n yetti) yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring