Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda yana bir xorijiy institut tashkil etildi

Toshkentda yana bir xorijiy institut tashkil etildi

Foto: «Google.com»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrida Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti 2020/2021 o‘quv yilidan ta’lim faoliyatini boshlaydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ma’lumot berishicha, institutning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va vazifalari etib yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash va boshqalar belgilandi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Institutning ta’sischisi, Belarus milliy texnika universiteti va Respublika kasb-hunar ta’limi instituti (Belarus Respublikasi) Institut faoliyatini tashkil etish ishtirokchilari hisoblanadi.

Institut O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklidagi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Institut oliy malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Bitiruvchilarga ta’lim yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Belarus milliy texnika universitetining oliy ta’lim to‘g‘risida belgilangan namunadagi diplomi topshiriladi.

Qabul parametrlari va qo‘shma ta’lim dasturlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ta’sischi va ishtirokchilarning asoslangan takliflariga binoan manfaatdor vazirliklar va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari asosida Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.

Institutda to‘lov-kontrakt asosida ta’lim uchun to‘lovlar miqdori O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’sischi tomonidan, Belarus Respublikasi hududida – Belarus milliy texnika universiteti tomonidan belgilanadi.

Davlat grantlari asosida ta’lim olgan bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.

2021 yilda Navoiy shahrida Institutning sanoatning ustuvor yo‘nalishlari, injiniring, texnologiyalar va IT-dasturlash bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan filiali tashkil etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring