Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tozalanmagan ariq, butalmagan daraxt va o‘ydim-chuqur ko‘chalar. Prezident Chirchiqda yana nimalarni ko‘rdi?

Tozalanmagan ariq, butalmagan daraxt va o‘ydim-chuqur ko‘chalar. Prezident Chirchiqda yana nimalarni ko‘rdi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Nurafshon shahrida bo‘ldi. Qoq tush vaqtida Toshkent viloyati hokimligi binosida Xalq deputatlari kengashi o‘tkazilayotgandi. Men esa hokimlik ro‘parasidagi yo‘nalishli taksida o‘tirgandim, mashina to‘lishini kutayotgandim, zerikmayotgandim, oldingi o‘rindiqdagi ayol telefonda shunaqa suhbat qilardiki, eshitmay iloj yo‘q.

— Ha, opa, To‘ytepadaman. Ha, prezident kelgan. Yo‘q, biz tomonga bormaydi, borganlarida hamma joyni oqlab, asfaltlab, ariqlarni tozalab qo‘yishgan bo‘lardi. Bormaydi...

«Aha, kecha Chirchiqdagilar ham shunaqa o‘ylagandi. Keyin nima bo‘ldi?» — hayolimdan o‘tdi mening.

Bilishmaganda, prezident yo‘l yuzidan qaytib ketmaydi, ichkariga yuradi. Bo‘lmasa IIB boshlig‘i shuncha gap eshitguncha, bir kun oldin o‘zi tozalab ketgan bo‘lmasmidi o‘sha ariqlarni.

Nimaga bir kun oldin? Nega IIB boshlig‘i? Nima, ikki kun, ikki hafta yoki ikki oy oldin tozalab qo‘yishsa bo‘lmasmidi?

Bu savollarning javobi shunday — aftidan bizda tozalik va yangi asfalt faqat prezident tashrifi uchun bo‘ladi, shekilli. Aks-holda O‘zbekistonda bunday joylar kammi, do‘stim!



Umuman, keling hammasi haqida bir boshdan gaplashsak. Tozalik va IIB boshlig‘iga hali yana qaytamiz...

Prezident ikki kun oldin Toshkent viloyatiga tashrif doirasida Chirchiq shahrida bo‘ldi. Rejaga ko‘ra Shavkat Mirziyoyevga yangilangan markaziy isitish qozonxonasini ko‘rsatishlari kerak edi. Bino yon-atroflari ko‘p qavatli turarjoylardan iborat. Odatda prezident bunday joyga kelganda xalq bilan muloqot qilmasdan ketmaydi. Hokimlar ham buni biladi — qozonxona ro‘parasidagi «dom»lar atrofi top-toza, supurib-sidirib qo‘yilgan. Yo‘laklar ta’mirlangan, qator oralariga «soqchi» qo‘yilgan, odamlarga uydan chiqmay o‘tirish tayinlangan, hammasi joyida. Avvaldan tayyorlangan faollar ham prezident bilan ko‘rishishga shay bo‘lib turibdi.

Ammo qayerdan bilishsinki, davlat rahbari bunaqa joylarga qarab ham qo‘ymaydi. Salgina nariroqda, ko‘p emas yuz-ikki yuz qadamdan keyin hayot qanaqa ekanini u juda yaxshi biladi.

Prezident qozonxonani ko‘rib chiqqandan so‘ng xuddi o‘sha tomonga yurdi. Mana u tozalanmagan ariqning ustidan hatlab o‘tyapti. Ariq qarovsizlikdan to‘lib, bitib qolgan. Nariroqda esa butalmagan daraxtlar, davlat rahbari o‘tib olishi uchun kimdir shoxlarni ko‘tarib turibdi. Oyoq ostiga esa qarab bo‘lmaydi, sellofan paketu muzqaymoq o‘ramlari rangba-rang bo‘lib yotibdi.

Shavkat Mirziyoyev ko‘pqavatli uy oldida to‘xtadi. Hokimlik, mahalliy IIB va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari prezident bu yergacha kelishiga aniq ishonmagan, chunki aholi ko‘chada edi. Shunchaki, ularga prezident kelgan tomonga o‘tmaslik buyurilgan shekilli. Har-xil gap-so‘zdan qo‘rqishgan.

Prezident esa o‘zi xalqning oldiga keldi.

Ishoning, o‘sha vaziyatda davlat rahbarining aholi bilan muloqotidan ham ko‘ra atrofdagi kattayu kichik mutasaddilarning yuz ifodasini kuzatish qiziqroq edi. Hayrat, qo‘rquv, umidsizlik — taassufki, uyatdan boshqa hamma emotsiyalarni ko‘rdik. Afsus. Hech bo‘lmasa prezident korteji to‘xtagan joydan ellik metr bu yog‘ini asfalt qilishmaganidan uyalishsa bo‘lardi...

Prezident esa odamlar bilan hayot, muammolar va rejalar haqida gaplashdi. Chirchiqda amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar haqida ma’lumot berdi. Umuman, bular haqida rasmiy axborotda yetarlicha o‘qigansiz. Men sizga boshqa tomondan ko‘rganlarimni yozsam.

Shavkat Mirziyoyevning bitta odati bor — qo‘l ostidagi vazirlar, hokimlar va boshqalarga qancha qattiqqo‘l bo‘lsa, oddiy odamlar bilan uchrashganda shunchalik samimiy va muloyim gaplashadi. Ayniqsa, iqtidorli, bilimli va hunari bor yoshlarni ko‘rsa yayrab ketadi. Chirchiqdagi uchrashuv ham boshqalaridan farq qilmadi. Prezident shoshilmasdan, iloji boricha ko‘proq odamlar bilan gaplashishga va ko‘proq joyni ko‘rishga harakat qildi. Tun qorong‘usida Chirchiqning o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalarida yurgan prezident tasvirini internetda yetarlicha ko‘rgandirsiz.

Ishonaman, bu yurishning foydasi bo‘ladi. Yana bir yildan keyin borsangiz shahar ancha o‘zgarganini ko‘rasiz, nasib.

Endi boshqa masalaga o‘tsak, yana IIB boshlig‘i mavzusiga qaytamiz. O‘sha ahlat sochilib yotgan mahalla IIBga qarashli hudud ekan. Sektor rahbari o‘z ishini bajarmagan, ko‘rinib turibdi. Ammo bir savolga javob qidiraylik — odamlarning o‘zi nima qilgan? O‘sha yerda yashayotganlar jillaqursa bir oyda bir marta keladigan mehmondan uyalib yon-atrofni tozalasa bo‘lmasmidi? Buning uchun qancha pul kerak? Ko‘pmi?

Biroz qunt va mehnat kifoya, atrof toza bo‘ladi. Ertalab ishga yaxshi kayfiyatda ketib, yaxshi kayfiyatda qaytish mumkin. Tozalik bor joydan baraka ketmaydi.

Qolaversa, o‘sha chiqindini atrofga tashlagan ham o‘sha odamlarning o‘zi! Agar mening uyim oldini boshqalar kelib supurib bersa, uyalgan bo‘lardim.

Ishonaman, siz ham uyalardingiz. Shuningdek yana bir narsaga ham ishonamanki, agar biz o‘zimiz uchun yashashni o‘rganmas ekanmiz, ahvol hali beri o‘zgarmaydi.

Men ko‘chalarimiz prezident kelib ko‘rishi uchun emas, odamlar uchun asfalt qilinishini juda istayman.

Sizchi?

Zafar QOSIMOV

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring