Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uzoq tarix va o‘ziga xos an’analarga ega soha (foto, video)

Kecha, 6-may kuni Toshkentdagi AKTga yo‘naltirilgan fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maktabda Aloqachilarning kasb bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

An’anaviy tarzda nishonlanayotgan ushbu tadbirga bu  yil boshqacharoq tayyorgarlik ko‘rildi.

Bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantrish vazirligining idoraviy mukofotlariga sazovor bo‘lganlar poytaxtga taklif qilindi.

Ular uchun alohida madaniy dastur tashkil etildi. Mehmon aloqachilar O‘zbek akademik milliy drama teatrida «Imon» spektaklini tomosha qilishdi. Ular uchun Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan «G‘alaba bog‘i»ga sayohat uyushtirildi.

So‘ngra mehmonlar, soha korxonalari rahbar va mutaxassislari AKT maktabida yig‘ilishdi. Tantanali marosimda AKT vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, barcha soha xodimlarini kasb bayramlari bilan qizg‘in qutladi.

«Aloqa sohasi juda uzoq tarixga va o‘ziga xos an’analarga, shu bilan birga, juda porloq kelajakka ega soha. Bugungi tadbirni AKT maktabida o‘tkazayotganimiz bejizga emas. Malakali mutaxassislar shu kabi maktablarda tayyorlanadi. O‘ylaymizki, kuchli kadrlar soha rivojiga munosib hissa qo‘shadilar», — dedi Sherzod Shermatov.

Shundan so‘ng bir guruh aloqachilarga AKT vazirligining idoraviy mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Xususan, ularning 4 nafariga «Mohir aloqachi» faxriy unvoni,  40 nafari «Faxriy yorliq» va 29 nafari esa «O‘z kasbining ustasi» belgisi bilan taqdirlandi.

O‘z navbatida, kasb bayrami arafasida bir guruh mehnat faxriylari ham bir piyola choyga taklif etilib, alohida ehtirom ko‘rsatildi.

Mustaqillik yillarida sohada mehnat qilgan rahbar va xodimlarning 283 nafari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Ularning 22 nafari «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi» faxriy unvoni, 4 nafari «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni, 20 nafari «Mehnat shuhrati» ordeni, 2 nafari «El-yurt hurmati» ordeni, 4 nafari «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, 49 nafar «Do‘stlik» ordeni, 18 nafari «Sodiq xizmatlari uchun» medali, 5 nafari «Jasorat» medali, 151 nafari «Shuhrat» medali, 3 nafari «Kelajak bunyodkori» medali,  3 nafari «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti, 2 nafari «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Soha xodimlaridan 377 nafari «Mohir aloqachi» unvoni,  1370 nafari  «Faxriy yorliq», 1220 nafari «O‘z kasbining ustasi» belgisi bilan taqdirlangan. Jami 2967 aloqachi sohaning ana shunday idoraviy mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring