Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vadim Abramov: «Biz Yamanni doskada yutib bo‘ldik, endi maydonda yutish qoldi»

Vadim Abramov: «Biz Yamanni doskada yutib bo‘ldik, endi maydonda yutish qoldi»

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov JCh-2022 saralash musobaqasi ikkinchi bosqichining uchinchi turida Yamanga qarshi kechadigan bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Matbuot anjumani avvalida Abramov ertaga bo‘ladigan o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Ertaga kim bilan o‘ynashimizni hamma yaxshi biladi. Bu o‘yin haqida biror fikr bildirishga ham hayronman. Hamma yigitlar bizni qanday o‘yin kutib turganini yaxshi biladi. Ochko yo‘qotish mumkin emas. Shunday ekan, bor kuch bilan o‘ynaymiz.

— Ertaga O‘zbekiston terma jamoasini mutlaqo boshqacha kayfiyatda ko‘ramizmi?
— Hozir o‘zimizni oqlash uchun har qanday gapni aytishimiz mumkin. Bu bizning ishimiz, yaxshi o‘yin ko‘rsatish. Raqibni yengish kerak va biz bu ishni uddalay olamiz, deb o‘ylayman.

— Raqibni o‘rgangansiz, ularning kuchli va kuchsiz tomonlarini ayta olasizmi? Nimadan xavotirdasiz?
— Bizni faqat bir narsa tashvishga qo‘ymoqda. Raqib tarkibida «10» raqamli futbolchi (Muxsin Muhammad - tahririyat izohi) o‘ynamaydi. Bu yaxshimi yoki yomon, bilmayman. Yaman aynan shu futbolchiga tayanib harakat qilardi. Bu jamoa himoyadan o‘ynaydi, faqat bir kishi oldinda bo‘ladi, qolganlar himoyada. Qiziq tomoni, shunday o‘yin bilan Yaman Saudiya Arabistoniga ikkita gol urishdi. Yana Singapurga ham. Aslida Singapur yaxshiroq o‘ynagandi. Yamanning o‘yini oddiy, ammo samarali. Ertaga bo‘ladigan o‘yinda ham raqibdan «avtobus» himoya kutyapmiz. Raqibning darvozaboni yaxshi o‘ynaydi. Yana u juda omadli ham. Ba’zan haddan tashqari omadli.

— Raqibni o‘rganish orqali va o‘z futbolchilarimizni yaxshi bilgan holda bizning ustun tomonlarimizni ayta olasizmi?
— Yamanda hozir ichki chempionat yo‘q, shu sababli terma jamoa har doim birga shug‘ullanadi. Shuning uchun jamoa sifatida bir-birini juda yaxshi tushunadi. Ammo nima bo‘lganda ham biz — O‘zbekistonmiz. Biz kuchliroqmiz va buni maydonda isbotlashimiz lozim.

— Raqib Ektor Kuper davridagi O‘zbekistonni o‘rgangan. Ammo sizning jamoangizni yaxshi bilmaydi. Bu holat bizga ustunlik berishi mumkinmi?
— Umid qilamanki, ustunlik beradi. Hozircha o‘zim ham ertaga qanday o‘yin bo‘lishini bilmayman. Raqibni o‘rgandik, unga qarshi taktika tuzib qo‘yganmiz. Biz doskada Yamanni yengib bo‘ldik, endi maydonda yutish qoldi (zalda kulgu). Biz o‘z uyimizda o‘ynaymiz, bunday vaqtda qadrdon devorlar ham yordam berishi lozim. Muxlislar qo‘llab-quvvatlashini kutmoqdamiz.

— Siz bilan federatsiya necha yillik shartnoma imzoladi?
— Men shu yerda o‘tiribman, shunday ekan, terma jamoani boshqarmoqdaman. Shartnomaga kelsak, avval oldinda bizni kutayotgan ikkita o‘yinni yutib olaylik, keyin shartnoma haqida o‘ylaymiz.

— Odil Ahmedov ertaga maydonga tushadimi?
— Unda jarohat bor. Agar uning holati imkon bersa, ilk daqiqalardan maydonga tushadi. Menimcha Singapurga qarshi kechadigan o‘yinga qadar to‘liq safga qaytadi.

— Siz har bir o‘yinga bitta taktika bilan tushasizmi yoki terma jamoani kuchaytirish uchun turli qarorlarga qo‘l urasizmi?
— Hozir faqat ikkita o‘yin haqida o‘ylashimiz shart. Guruhdan chiqishga harakat qilishimiz va shu bilan birga chiroyli futbol ko‘rsatishimiz ham kerak. Ba’zan xunuk o‘yin bilan ham g‘alaba qozonish mumkin. Ammo bunaqasi kamdan-kam uchraydi. Shu sababli bir o‘q bilan ikkita quyon urishga harakat qilamiz — ham chiroyli o‘ynab, ham uch ochko olamiz. Singapur kuchli jamoa, yana u yerda iqlim ham og‘ir. Shunday ekan, bu ikki uchrashuvda g‘alaba qozonish shart.

— Jamoani Ektor Kuper uslubidan olib chiqib, o‘z uslubingizni joriy etish qiyin bo‘lmadimi?
— Kuper uchun gapirishni istamayman. Men o‘z qarashlarimni jamoaga yetkazishga harakat qildim. Olimpiya terma jamoasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yinida mana shu qarashlarni amalga joriy etishga harakat qildik. Menimcha murabbiy o‘zgarishi og‘riqsiz kechadi. Hammasi yaxshi bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi.

— Iordaniyani qanday mag‘lub etganimiz yodimda? O‘shanda Sahob Jo‘rayev butun vujudi bilan zarbalarni qaytargan edi. Ammo hozir himoyachilarimiz zarbadan qochadi. Shu ma’noda klub hamda terma jamoa bosh murabbiyi sifatida nima deya olasiz?
— Futbolchini bitta o‘yin bilan baholash qiyin. Terma jamoaga keladigan har bir futbolchi borini tashlab ketishga harakat qiladi. Bir vaqtlar Maksim Shatskix haqida tanqidiy fikrlar bo‘lardi. Hozir mana Odil haqida shunaqa gaplar paydo bo‘ldi. Ammo ishoning, terma jamoaga kelayotgan har bir futbolchi g‘alaba uchun borini beradi. Himoyachilar zarbadan qochadi, deb aytmagan bo‘lardim. Balki biror vaziyatda shunday bo‘lgandir. Ammo har bir o‘yinchi bor kuchi bilan termaga sodiq. G‘alaba va mag‘lubiyatlar taqdirga bog‘liq. Shuni ham unutmaylik.

— Olimpiya terma jamoasi futbolchilari orasida MTJga nomzodlar bormi?
— Bor. Ularni olib qolishimiz ham mumkin edi, ammo olimpiya terma jamoasi foydasini ko‘zlab ba’zilarni berib yubordik. O‘rtoqlik o‘yinida olimpiyachilar o‘zini yaxshi ko‘rsatdi. Biz bu uchrashuvni aynan milliy terma jamoaga nomzodlarni saralash uchun o‘tkazgan edik. Hozirgi tarkibda bizni qiziqtiradigan futbolchilar bor. Afsuski hozir vaqtimiz kam. Shu ikki o‘yinni o‘tkazib olsak, keyin nomzod futbolchilarni ko‘rib chiqamiz. Ularning ro‘yxati ancha uzun.

— Ertaga Yamanga qarshi kechadigan o‘yinga kutilmagan sovg‘a tayyorlab qo‘yganmisiz?
— Albatta. Bunisini maydonda ko‘rasiz.

— Terma jamoa ancha o‘yinlarni «Bunyodkor» stadionida o‘tkazar edi.
— U yerda maysa boshqacha sifatga ega, biroz og‘irroq. Bunday maydonda himoyalanish oson. Biz esa hujumkor o‘ynashimiz kerak. Shuning uchun «Paxtakor» stadionida o‘ynashni ma’qul ko‘rdik.

— Avval ham termani boshqargansiz. Yana boshqaruvga keldingiz. Bu ikki jamoa haqida nima deya olasiz, jamoada potensial bormi?
— Men avvalgi jamoa futbolchilarini juda yaxshi bilar edim. Bunisini o‘rganishim uchun vaqt kerak. Ikki oydan so‘ng sizga jamoada qanday potensial borligini aytaman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring