Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vadim Abramov yirik hisobdagi g‘alabadan xursand bo‘lmadi. Nima uchun?

Vadim Abramov yirik hisobdagi g‘alabadan xursand bo‘lmadi. Nima uchun?

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov JCh saralashi ikkinchi bosqichi, uchinchi turida Yamanga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng (5:0) matbuot anjumanida ishtirok etdi va jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Matbuot anjumani avvalo murabbiyning o‘yin haqidagi fikri bilan boshlandi.

— Barchani g‘alaba bilan tabriklayman. Futbolchilarda biroz hayajon sezildi, chunki o‘yin ahamiyati yuqori edi. Ammo ular bu bosimni yengib o‘ta olishdi va g‘alaba qozonishdi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

— Jamoangiz yirik hisobda g‘alaba qozondi, ammo nima uchun sizning kayfiyatingiz yaxshi emas?
— Men u yoshdan o‘tganman. G‘alaba qozondik, bu yaxshi. Ammo xursandchilikni baralla nishonlash shart emas.

— Kecha «Yamanni doskada yutib bo‘ldik, endi maydonda yutish qoldi», degan edingiz. O‘yin doskada bo‘lganidek chiqdimi yoki o‘xshamagan joylari bormidi?
— Bu endi sizga yaxshiroq ko‘ringan bo‘lishi kerak. Chunki tepada o‘tirdingiz, men esa pastda.

— Ammo biz taktik chizmalar chizilgan doskani ko‘rmaganmiz!
— To‘g‘ri, biroq xuddi shunday men ham bugungi o‘yinni to‘liq tahlil qilishim uchun videoni ko‘rib chiqishim kerak. Albatta menga yoqmagan joylar bo‘ldi va o‘xshamagan joylarni to‘g‘rilash uchun harakat qilamiz.

— Yirik hisobdagi g‘alaba aldamchi taassurotga sabab bo‘lmaydimi? Kuchliroq raqibga qarshi kechadigan o‘yinda bunday taassurot pand berib qo‘yishi mumkin.
— Hisob o‘yinga mos bo‘ldi. Biroq hammasi risoladagidek bo‘ldi, deb aytmagan bo‘lardim. Menga yoqmagan joylari bor, ammo bu haqda gapirishni istamayman. Biz xatolarni to‘g‘rilashga harakat qilamiz.

— Sanjar Qodirqulov MTJning dastlabki yig‘inida yo‘q edi, qanday qilib tarkibda paydo bo‘ldi?
— U «Bunyodkor»da qo‘l ostimda o‘ynaydi va uning imkoniyatlarini yaxshi bilardim. Ammo shunda ham darhol milliy jamoaga chaqirmadim, avval olimpiyachilar safidagi o‘yinini ko‘rib, ishonch hosil qilgandan so‘ng tarkibga jalb etdim. Agar u bugun omadli o‘ynamaganda menga nisbatan juda katta tanqidlar yog‘ilardi. Masalan, Lutfulla To‘rayev borasida ko‘plab tanqidlar bo‘ldi. Ishoning, agar u bugun maydonda bo‘lganda, o‘yinni buzib qo‘ymagan bo‘lardi. Ammo tanqidlar yomg‘iridan so‘ng biroz kayfiyati tushdi, «Buxoro» bilan ko‘ngildagidek o‘ynay olmadi. Shu bois termada olib qolib, uni qiynamaslikka qaror qildim.

— Maydon markazida futbolchilarning tizimli o‘yinini ko‘rmadik. Qanotlardan to‘pni uzatish sizning ko‘rsatmangiz edimi?
— Maydon markazidagi o‘yinni yo‘lga qo‘yib olishga bizda vaqt bo‘lmadi. Agar jamoa bilan hech bo‘lmasa 10 kun yig‘in o‘tkazib, ikkita o‘rtoqlik o‘yini tashkil etganimizda, o‘yinni ancha yaxshilab olgan bo‘lardik.

— Vitaliy Denisov tarkibga chaqiriladimi?
— Uning imkoniyatlarini juda yaxshi bilaman. Ammo Denisov hozircha o‘yin amaliyotiga ega emas. Shu sababli sport formasida bo‘lgan o‘yinchilarni chaqirishga qaror qildim. Vitaliy Denisov hozir qanday holatda ekanini bilmayman. U o‘z klubida o‘ynay boshlagani hamono albatta o‘yinlarini ko‘rib chiqamiz. O‘zbekiston pasportiga ega barcha futbolchilar uchun terma jamoa eshigi ochiq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring