Xalqaro «Yozgi maktab» o‘z ishini onlayn shaklda boshladi
O‘zaro manfaatga asoslangan hamkorlikdagi faoliyat soha taraqqiyotiga xizmat qilishi aniq. Ilm-fanning rivojini ta’minlaydigan mezon ham xuddi shu bilandir. Har qanday sohaning rivojlanish manbai, ilmiy asosi nazariya, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishini davr taqozo qilayotgani sir emas. Busiz maqsad to‘la-to‘kis amalga oshmaydi.
Xuddi shu maqsadda bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Alma-ati shahrida joylashgan Qozog‘iston-Nemis universiteti (KNU) hamda TIQXMMI magistratura bosqichi talabalari uchun mo‘ljallangan «Suv resurslarini boshqarish asoslari: nazariya, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi» mavzusida «Xalqaro yozgi maktab» o‘z ishini onlayn shaklda boshladi. Xalqaro yozgi maktab ham tinglovchilari Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridan bo‘lgan, shu jumladan, afg‘onistonlik talabalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur o‘ziga xos xalqaro yozgi maktabning maqsadi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- talabalarning keyinchalik, Markaziy Osiyo mintaqasi hududida qo‘llanadigan bilimlari va ko‘nikmalarini mustahkamlash;
- KNU va TIQXMMI talabalari o‘rtasida dialog uchun platforma yaratish;
- Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining ilmiy-texnik potensialidan mintaqaviy salohiyatni rivojlanishda foydalanish.
Bugungi tantanali tadbir xalqaro yozgi maktabning ochilishi bilan birga yana bir quvonchli voqea, TIQXMMIda «Suv resurslarini integral boshqarish (SRIB)» laboratoriyasini ochilishiga bag‘ishlandi.
Bu yil qatorasiga uchinchi marta (afsuski, koronavirus pandemiyasi sharoiti tufayli birinchi marta onlayn shaklda) o‘tkazilayotgan xalqaro yozgi maktab ham, nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa uchun ham nodir hisoblanadigan yangi SRIB laboratoriyasi ham TIQXMMIning «Suv ta’lim va hamkorlik (SMART WATER)» loyihasi bilan hamkorligi natijasi hisoblanadi. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «Suv ta’limi va hamkorlik (SMART WATER)» loyihasi AQShlari xalqaro hamkorlik agentligi (USAID) tomonidan moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlangan.
Xalqaro yozgi maktabni ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda TIQXMMI rektori prof. U.Umurzoqov, AQShning O‘zbekistondagi muxtor va favqulodda elchisi Deniyel Rozenblyum, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari V.Ahmadjonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari U.Begimqulov, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ijrochi direktori Z.Mahmudov, KNU va TIQXMMI olimlari va talabalari ishtirok etdilar.
Deniyel Rozenblyum o‘z nutqida muhim muammolarni hal etishda ilmiy zaminga qurilgan o‘zaro hamjihatlik, mazkur rivojlantirilayotgan imkoniyatlar butun mintaqa salohiyati taraqqiyotida katta rol o‘ynashini e’tirof etdi.
Tadbir mehmonlar xalqaro yozgi maktab ishiga va yangi yaratilgan laboratoriya faoliyatiga omad va muvaffaqiyat tiladilar.
Xalqaro yozgi maktab o‘z ishini ikki hafta (17-28 avgust) davom ettiradi.
Rahimboy Jumaniyozov,
institut matbuot xizmati rahbari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter