Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiya o‘zbekistonlik talabalarga viza berishdan oldin tekshiruvni kuchaytirmoqchi

Yaponiya o‘zbekistonlik talabalarga viza berishdan oldin tekshiruvni kuchaytirmoqchi

Viza talablariga amal qilmayotganlar soni keskin oshib borayotganligi sababli, Yapon hukumati Yaponiyada o‘qishni xohlovchi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishdan oldin amalga oshiriluvchi tekshiruvni kuchaytirmoqda.

Sababi nima?

Afsuski, Yaponiyada tahsil olayotgan ko‘pgina xorijliklar o‘qishi yakunlanib, o‘qish uchun berilgan viza muddati tugagandan keyin ham Yaponiyadan chiqib ketmaydi – noqonuniy qolib, ishlab yurishga urinishadi. Noqonuniy qolib ishlayotgani ma’lum bo‘lgan xorijliklarga nisbatan Yaponiyadan deport qilishgacha bo‘lgan choralar qo‘llaniladi.

Bunday urinishlarni amalga oshiruvchi xorijliklar orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Mazkur chora Yaponiyada noqonuniy qoluvchilar sonini qisqartirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Yaponiya hukumati bunday chorani oxirgi marta qachon qo‘llagan?

Aytish joizki, Yaponiyada ishchi kuchi yetishmaydi. Xorijliklar, jumladan xorijlik talabalar Yaponiyada yetishmayotgan ishchi kuchining o‘rnini anchagina to‘ldirib turadi. Jumladan, Yaponiyada tahsil olayotgan xorijlik talabalarga haftasiga 28 soat ishlashi uchun qonunan ruxsat berilgan.

Ishchi kuchi yetishmasligi muammosiga qaramay, viza muddati tugagach mamlakatda noqonuniy qolayotganlar soni keskin oshishi Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligini qat’iy chora ko‘rishga majbur qilgan.

Agentlik xorijlik talabalarga viza berishdagi tekshiruvchi kuchaytirish chorasini oxirgi marta bundan 30 yil oldin qo‘llagan. Hozirda Yaponiyada o‘qishni xohlovchi 7 mamlakat fuqarolariga viza berishda kuchaytirilgan tekshiruv amal qiladi. Bu mamlakatlar –Xitoy, Vetnam, Nepal, Shri-Lanka, Myanma, Bangladesh va Mo‘g‘uliston.

Bu safar nechta mamlakat fuqarolari uchun chora ko‘rilishi rejalashtirilgan?

Bu safar jami 80 ta davlat fuqarolariga o‘qish uchun viza berishdan oldin kuchaytirilgan tekshiruvni qo‘llash nazarda tutilgan. Ular orasida O‘zbekiston ham mavjud. E’tiborga molik jihati shundaki, bunday davlatlar orasidan Xitoyni chiqarib tashlash rejalashtirilgan.

Kuchaytirilgan tekshiruv qachondan amal qila boshlaydi?

80 mamlakat fuqarolari uchun kuchaytirilgan tekshiruv 2020-yilning aprelidan boshlab amal qila boshlaydi. Ungacha ushbu mamlakat fuqarolari odatiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Davlatlar ro‘yxati nimaga asoslanib tuzilgan?

Agentlik iqtisodiy holati nisbatan yaxshi bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini shakllantirgan. Bu ro‘yxatdan 118 mamlakat joy olgan. Iqtisodiy holat yaxshiroq davlatlar fuqarolarining noqonuniy qolib ishlash ehtimoli kam ekanligi hisobga olingan.

80 ta mamlakat esa iqtisodiy holati u qadar yaxshi bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatidan joy olgan. Mazkur mamlakatlar fuqarolarining noqonuniy qolib ishlash ehtimoli yuqori bo‘lganligi sababli, ularga nisbatan kuchaytirilgan tekshiruv joriy qilinmoqda. Noqonuniy qoluvchilar soni ham hisobga olingan, albatta.

Tekshiruv qiyinlashadi degani nima?

Bu degani vizaga nomzoddan qo‘shimcha hujjatlar talab qilinadi.

Masalan, hozirda kuchaytirilgan tekshiruv amal qiluvchi 7 mamlakat fuqarolari, boshqa davlat talabalaridan farqli ravishda, viza uchun Agentlikka ariza topshirishda quyidagi qo‘shimcha hujjatlarni ham taqdim qilishi lozim:

1. Eng oxirgi ta’lim bosqichida olingan diplom/sertifikat.
2. Talaba Yaponiyada o‘qiyotgan payti uni iqtisodiy ta’minlab turuvchi vatanidagi qarindoshlarining bank hisob raqamlaridagi summalar.
3. Talabaning ota-onasi/qarindoshlariga qarindoshlik aloqasi bilan bog‘langanini isbotlovchi hujjat.

Shunday qilib, joriy yilning aprelidan boshlab Yaponiyada o‘qishni xohlovchi vatandoshlarimiz uchun viza olish yanada qiyinlashadi.

P.S. Vatandoshlarimiz qaysi davlatda borishdan qat’iy nazar, viza va boshqa masalalarga oid qonunchilikka amal qilishlarini so‘rab qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring