Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiya Qishki olimpiada mezbonligi uchun topshirgan arizasini «muzlatmoqchi»

Yaponiya Qishki olimpiada mezbonligi uchun topshirgan arizasini «muzlatmoqchi»

Foto: Kyodo News

Yaponiya milliy olimpiya qo‘mitasi Olimpiada-2030ni o‘tkazish uchun topshirgan arizasini vaqtincha to‘xtatishga tayyorlanmoqda. Ikkinchi marta mezbonlikka da’vogar Sapporo avval korrupsiyaning ildiziga bolta urilishini talab qilyapti.

Yaponlarga xos bo‘lmagan «so‘zdan qaytish»ga yaponlarga xos bo‘lgan «korrupsiyaga toqatsizlik» sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, 2021-yilga kelib ro‘yobga chiqqan Tokio-2020 Yozgi olimpiadasiga tayyorgarlik va o‘tkazish jarayonida yirik korrupsiya mojarosi yaponlarni butun dunyo ko‘z o‘ngida mulzam qilib qo‘ydi. Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasi sobiq a’zosi Xaruyuki Takaxasi homiy-kompaniyadan yirik miqdorda pora olganlikda gumonlanib, qo‘liga kishan taqildi. Keyinchalik bu ishga aloqador yana bir necha shaxs hibsga olindi.

Mana endi, Yaponiya MOQ ortidan, Sapporo hokimi Katsuxiro Akimoto ham bayonot berdi: ariza to‘xtatib turiladi. Yaponlar hozircha Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga rasman murojaat yo‘llashmadi.

«Tokiodagi korrupsiya mojarosi to‘liq yakuniga yetkazilmas ekan, Olimpiada o‘tkazilmaydi. Biz (Sapporo)dagi O‘yinlar «toza» bo‘lishi shart. Avvalgi faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqmasak va jahonga isbotlab bermasak, oldinga siljiy olmaymiz», — dedi Sapporo hokimi.

Ma’lumot uchun: Yaponiya Qishki olimpiadaga ikki marta mezbonlik qilgan: 1972-yilda Sapporo, 1998-yilda Nagano jahonning eng yaxshi qishki sportchilarini qabul qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring