Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yil boshidan buyon 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi bo‘lib, Oliy sudga kelgan

Yil boshidan buyon 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi bo‘lib, Oliy sudga kelgan

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 14-noyabr kuni odil sudlovni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida sud jarayonida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadi ham belgilangan. Shundan kelib chiqib, mutasaddi va mutaxassislar xalq bilan muloqot qilib, sohadagi muammolarni o‘rgangan.

Yig‘ilishda ana shu muammolar tahlil qilinib, sohani isloh qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, har yili o‘rtacha 1 million 500 ming aholi sudlarga murojaat qiladi. Viloyat sudlari odil qaror chiqarish bo‘yicha yetarlicha mas’uliyat olmayotgani sababli ovoragarchiliklar ko‘p. Misol uchun, yil boshidan buyon 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi bo‘lib, Oliy sudga kelgan.

Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish eskicha davom etyapti. Advokatlarning o‘rni yuqori emas. Tergovchilar o‘z ustida ishlamay qo‘ygan.

Sudga aralashuvlarning oldini olish uchun sudyalarning vakolat muddati uzaytirildi, maoshi keskin oshirildi. Ularni lavozimga tayinlash Sudyalar oliy kengashiga o‘tkazildi. Lekin bu borada haliyam ayrim bo‘shliqlar bor.

Shu bois Prezident sudlarda tortishuv muhitini shakllantirish, huquq-tartibot idoralari ishini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Viloyat sudlari mas’uliyatini oshirish, jinoyat ishini ayblov xulosasi va himoyachi fikri bilan birga qabul qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Sudyalar oliy maktabini tubdan isloh qilish, tuman va viloyat sudlari uchun mol-mulk, oila, soliq, mehnat munosabatlariga ixtisoslashgan sudyalar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Sudyalar hamjamiyatining vakolatlarini kuchaytirish, sudyalar sonini bosqichma-bosqich ko‘paytirish taklifi ma’qullandi.

Davlatimiz rahbari sohada raqamlashtirishni kengaytirib, axborot tizimlarini uyg‘un qilish, zamonaviy texnologiyalar orqali odamlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring