Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zo‘ravonlik asosan kimlar tomonidan sodir etilishi aytildi

Zo‘ravonlik asosan kimlar tomonidan sodir etilishi aytildi

BMTning 1999-yil 17-dekabrdagi rezolyusiyasi bilan yillar davomida bir necha davlatlarda «16 kun zo‘ravonliksiz!» deb nomlangan aksiya o‘tkazilmoqda.

Shu munosabat bilan bugun, 26-noyabr kuni «Wyndham Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda BMT taraqqiyot dasturi hamkorligida «Yangi O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish va oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga amaliy ko‘mak berish: muammo va yechimlar» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — xorijda bu masalada olib borilayotgan tajribalar bilan o‘rtoqlashish hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar bilan ishtirokchilarni tanishtirish.

— Joriy yil 2000 taga yaqin ajrashishlar masalasi yuzasidan arizalar kelib tushgan bo‘lsa shulardan 800 ta oilani yarashtirishning iloji bo‘lmadi. Chunki shu paytgacha oilalarni majburan saqlab qolish tamoyili noxush holatlarni keltirib chiqarmoqda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i  o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i polkovnik Umida Abdullayeva. — Shuning uchun oilani saqlab qolishga hech qanday imkon bo‘lmaganda ularni ajratish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Oilani saqlab qolishning iloji bo‘lganida esa er va xotin bilan psixolog, huquqshunos hamda tibbiyot xodimlari shug‘ullanadilar. 

Ma’lumotlarga qaraganda, sudlar tomonidan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq 2012 ta jinoyat ishlari ko‘rilgan. Shundan 1629 nafar shaxsga nisbatan ayblov hukmlari chiqarilgan.

E’tiborlisi, zo‘rovonlik toifasidagi jinoyatlarning 80 foizi hech qayerda ishlamaydigan shaxslar tomonidan sodir etilgan.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova jurnalistlar va mehmonlar tomonidan o‘rtaga tashlangan savollarga javob berarkan: «Gender tenglik masalasida xorij tajribasini qo‘llash bilan birga mentalitetimizga mos bo‘lmagan, qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan omillardan foydalanmaslik maqsadga muvofiq», dedi.

Tadbir doirasida respublikamizning barcha hududlaridagi reabilitatsiya markazlarining faoliyatiga ham to‘xtab o‘tildi.    

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring