Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«MDH mamlakatlari o‘rtasida umumiy bozor yaratishimiz kerak!» — Dilmurod Shomurodov

«MDH mamlakatlari o‘rtasida umumiy bozor yaratishimiz kerak!» — Dilmurod Shomurodov

Foto: Dilmurod Shomurodovning shaxsiy albomi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Italiyaning Rim shahridagi Tor Vergata Universityda tahsil olayotgan hamyurtimiz Dilmurod Shomurodov bo‘ldi. Qahramonimiz Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Hozirda u Yevropa iqtisodiyoti va biznes huquqlari yo‘nalishining magistranti hisoblanadi.

— Dilmurod nima uchun Italiyada tahsil olishga qaror qildingiz?

Bunga bir necha sabablar mavjud. 2017-yil Buxoro muhandislik institutining Menejment yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr bosqichini tamomlaganman. Keyin Navoiydagi NMA korxonasida bir muddat muhandis lavozimida faoliyat ko‘rsatdim. Ish xorijda amaliy va nazariy bilimlarimni oshirishni taqozo  etdi.

Shu boisdan magistratura bosqichini bir necha variantlar orasidan Italiya mamlakatini tanladim. Ochig‘i, bakalavr bosqichida o‘qib yurgan paytlarimdayoq Yevropa integratsion jarayoniga qiziqardim va albatta bu sohada ishlash, ilmiy izlanish qilishni niyat qilganman. Keyinroq, Yevropada o‘qish ishtiyoqi va Yevropa integratsiyasiga doir yo‘nalish Rimda ekanligidan xabar topdim.

Bilsangiz kerak, Yevropa Ittifoqining tarixi aynan 1957-yil 25-martda qit’aning 6 ta davlati tomonidan imzolangan Rim bitimi va undan so‘ng paydo bo‘lgan Yevropa Iqtisodiy Hamkorligiga borib taqaladi. Shundan keyin 1992-yili Niderlandiyaning Maastrix shahrida Yevropa Ittifoqi tashkil topgan.

Yevropa integratsiyasining aynan Rimda boshlanganligi ushbu davlatni tanlashimning asosiy sabablaridan biri.

Qolaversa, Italiya davlatining tarixi, madaniyati va pazandachiligi ham avvaldan qiziqishimga sabab bo‘lgan.

Hozirda, aniqrog‘i, 2018-yildan buyon Rim shahridagi «Tor Vergata University»da Yevropa iqtisodiyoti va biznes huquqlari yo‘nalishida o‘qiyapman.

Foto: Dilmurod Shomurodovning shaxsiy albomi

— Rim haqida taassurotlar qaday?

Qariyb ikki yildan buyon Italiyada istiqomat qilayotgan inson sifatida ayta olamanki, Rim ajoyib shahar. Dunyoning ilk sivilizatsion nuqtalaridan hisoblanadi. Shahar huddi muzeydagidek saqlanib qolgan. Tarixiy inshootlari hayratlantirmay qolmaydi. Yana bir e’tiborli jihati, shahar ichida alohida Vatikan davlatining borligidir. Bilishimcha, Vatikan 1929-yil 11-fevralda paydo bo‘lgan. Fuqarolar soni minglar atrofida.

Rimda yashashning qulayligi bu yerda boshqa Yevropa mamlakatlaridan faqrli ravishda narx-navo past va iqlimining mo‘tadilligidir. Xorijiy talabalarga beriladigan imtiyozlari ham shular jumlasidan.

Qolaversa, ko‘pgina BMT tashkilotlari Italiyada joylashgan. Iqtidorli talabalar bemalol o‘sha tashkilotlarda stajirovka o‘tashlari yoki ishlashlari mumkin.

Albatta, bu yerda qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Avvalo, oila, yaqinlar va do‘stlardan olisda bo‘lish va o‘zingiz tug‘ilib o‘sgan yurt sog‘inchi qiynamay qolmaydi.

Yana oddiy italiyaliklar deyarli ingliz tilini bilmaydi. Ko‘chalarda muloqot faqat italiyan tilida. Avtobus, metro va supermarketlarda ham faqat italiyan tilida so‘zlashishadi. Boshida kelganimda bundan qiynalganman. Faqat universitetlar, shahar markazidagi restoran va mehmonxonalardagina ingliz tilini bilishadi. Biror tashkilotlarda doimiy ish uchun birinchi navbatda italiyan tilini bilishingiz talab etiladi.

— Italiyan tilini o‘rganish murakkabmi?

U darajada ham qiyin, deb o‘ylamayman. Odatda 6 yoki 7 oyda muloqot qila olish mumkin. Boisi, ingliz tilini bilgan odam uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ya’ni, italiyan tili ingliz tiliga  juda o‘xshash. Ko‘pincha so‘zlar qo‘sh undoshli bo‘lib, unli tovushlar bilan tugaydi. Gapda so‘z tartibi erkin. Albatta qunt bilan harakat qilinsa, o‘rgansa bo‘ladigan til. Statistika bo‘yicha eng tez va ko‘p gapiradigan xalq ham italiyanlar ekan. Bugungi kunda bu tilda qariyb 85 million odam so‘zlashadi.

— Italiyaliklar qanday xalq va ular O‘zbekiston haqida bilishadimi?

Kuzatishlarim natijasida shuni sezdimki, italiyaliklar juda emotsional, harakatchan va hayotni sevadigan xalq. San’atni nihoyatda qadrlashadi. Ayniqsa, bu yerda rassomlar soni juda ko‘p.

Meni ajablantirgan jihat — jamoat transportlarida qariyalarga joy bergudek bo‘lsangiz, buni ko‘p hollarda noto‘g‘ri tushunishadi. Ya’niki, qariyalar joy berish taklifidan o‘zlarini tahqirlangandek sezishadi. Ammo eng e’tiborlisi, ko‘p italiyanlar oilaparvar. Bir-biridan olisda yashovchilar kuniga kamida bir marta telefon orqali gaplashib hol-ahvol so‘rashadi.

Mamlakatimiz haqida esa, ko‘p ham bilishmaydi. Ko‘proq ular, Amir Temur, Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy kabi ajdodlarimizni tanishadi. Ular to‘g‘risida gapirib bersangiz, ajablanib «O‘zbekistondanmi?» degan savolni berishadi.

Foto: Dilmurod Shomurodovning shaxsiy albomi

— Sizningcha, Italiya qanday omillar ortidan taraqqiyotga erishdi?

Italiya o‘z taraqqiyotiga sifatli ta’lim tizimi hamda turli integratsion tashkilotlardagi faolligi orqali erishgan, deb o‘ylayman. Mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lganligi uchun bu yerda a’zo davlatlar o‘rtasida hech qanday boj va soliq to‘lanmaydi. Bu bilan ular o‘zlarining bozorini boyitadi va chetdan kelgan importdan umuman zarar ko‘rmaydi. Uni ko‘pincha Yevropa bozorining amartizatsion qurilmasi deb ataydilar. Qisqa qilib aytganda, «Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar» degan maqol aynan shu holatga mos.

Keyin Italiya iqtisodiyotida avtasanoatning ham o‘rni katta. Dunyoga mashhur Ferrari, Lamborghini, Maserati, Fiat kabi yirik avtokompaniyalar shu yerda joylashgan.

Shuningdek, moda sanoati markazi — Milan ham taraqqiyot omillaridan biri. Albatta rivojlanishda turizmning ham o‘rni beqiyos. Har yili Italiyaga 60 mln sayyoh tashrif buyuradi va ulardan tushgan foyda o‘rtacha 10 mlrd AQSh dollarini tashkil qiladi. Mamlakatda nafaqat tarixiy joylar, balki manzarali va betakror tabiatni ham ko‘rish mumkin.

— O‘zbekistonda ularning qanday tajribalarini joriy etish mumkin, deb hisoblaysiz?

Juda ko‘p tajribalarini joriy etsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ayniqsa integratsion sistemasini. Hozirda bitiruv tezis ishimni European Integration and Structural Reforms fani professori rahbarligida yozmoqdaman. Tezis ishim O‘zbekiston va MDH davlatlarining iqtisodiy holati, tahlili va integratsion jarayoni haqida bo‘ladi. Aynan MDH davlatlari ichida umumiy bozorni barpo qilish va tashqi savdo-sotiq bojlarini huddi Yevropa mamlakatlaridek boj bilan taqsimlash hamda chiqadigan eksport mahsulotlar miqdorini ko‘paytirib davlatlararo kirib chiqish erkinligini ta’minlashning rivojlanishdagi o‘rnini tahlil qilish shular sirasidan. Bunda texnika va texnologiyalarni yangilab borish va takomillashtirish ham katta vazifalardan biri.

O‘ylashimcha, O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistondagi mahsulotlar har doim katta talabga ega bo‘gan. Rossiya, Ukraina, Turkiya va boshqa shu kabi mamlakatlar mintaqa mahsulotlarining yirik iste’molchisi. Shunday ekan, MDH mamlakatlari ichida umumiy bozor yaratib, bu talab va imkoniyatlardan foydalansak, nafaqat iqtisodiyotimizga foydali, balki yaqin 10-15 yildan keyin Yevropa Ittifoqi erishgan natijalarga  erisha olishimiz mumkin. Albatta bularni har tomonlama chuqur tahlil qilib, shundan keyingina amaliyotga joriy etish kerak. Kelgusida O‘zbekistonga qaytganimda bu borada orttirgan tajribalarim bo‘yicha yurtimiz rivojiga hissa qo‘shmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring