Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh elchisi O‘zbekistonning YOIIga a’zoligi masalasiga munosabat bildirdi

AQSh elchisi O‘zbekistonning YOIIga a’zoligi masalasiga munosabat bildirdi

Elchi Deniyel Rozenblyum.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari bilan jonli muloqot qildi.

Facebook Chat davomida diplomat siyosatdan tortib madaniyat va ta’limga qadar – turli sohalarga doir savollarga javob qaytardi. Quyida diplomatning ayrim fikrlari bilan tanishing.

O‘zbekistonning YOII va JSTga a’zoligi haqida

«Avvalo, biz hamisha O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimizni ta’kidlashni istar edim. Suverenitet esa har bir mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik masalalarini mustaqil hal etmog‘ini anglatadi. Shu bois ham biz O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) a’zolik masalasida qabul qilgan har qanday qarorini hurmat qilamiz. Ayni choqda, biz O‘zbekiston bu kabi qarorlarni qabul qilishda barcha musbat va manfiy jihatlarni inobatga olishiga xayrixohmiz. Negaki, bunday qarorlar kelgusida suverenitet va mustaqillikka ta’sir etishi mumkin. Bu borada ochiq bahs-munozara bo‘lgani ma’qul.

Jahon savdo tashkilotiga (JST) kelsak, to‘g‘ri, ayrim mamlakatlar ikki tuzilma (ham YOII, ham JST – S.S.) a’zoligini ko‘zlagan. Ammo  YeOIIga a’zolik O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonini murakkablashtirishi va uzaytirishi ayni haqiqat.  Qozog‘iston ham, garchi keyinchalik JSTga a’zo bo‘lgan esa-da, ayni shunday voqelikka ro‘baro‘ keldi. Eng muhimi, O‘zbekiston o‘z iqtisodiy taraqqiyoti istiqboli borasida aniq to‘xtamga kelmog‘i zarur –  mamlakat global YaIMning 2 foiziga egalik qilayotgan, yuqori tashqi tariflar o‘rnatilgan ittifoq tarkibida bo‘ladimi yoki jahon iqtisodiyotinng 98 foiz qismi bilan birga bo‘lishni ma’qul ko‘radimi...»

So‘z va fikr erkinligi haqida

«AQSh so‘z va fikr erkinligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.  Ochiq jamiyat uchun ushbu qadriyatlar suv bilan havodek zarur ekaniga imonimiz komil. Biz jurnalist hamda blogerlarga nisbatan zo‘ravonlik va ta’qiblarni keskin qoralaymiz...

Sirasini aytganda, faqat O‘zbekiston, uning hukumati hamda jamiyatgina so‘z erkinligini ta’min etishga qodir... Biz dunyodagi barcha xalqlar ushbu huquqdan foydalanishi tarafdorimiz. Biz jurnalist maqomini mustahkamlash, soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirish uchun almashuv va o‘quv dasturlarini amalga oshirmoqdamiz. Bu boradagi  ishlar o‘zbek jurnalistlari hamda jurnalistika maktabi vakillari tomonidan iliq qabul qilinmoqda.  Mahalliy hamkorlarimiz qiziqish bildirar ekan, bu jabhadagi ishlarni davom ettiramiz. Ayni choqda, hukumatni so‘z erkinligini hurmat qilishga da’vat etishdan to‘xtamaymiz».

Iqtisodiy hamkorlik haqida

«Iqtisodiyotni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish O‘zbekiston hukumatining birlamchi vazifalaridan sanaladi. Bu borada ko‘plab xorijlik hamkorlarga yordam so‘rab murojaat qilingan. AQSh ham mazkur masalalarda mamnuniyat ila ko‘mak ko‘rsatishga tayyor.

Biz uzoq yillar mobaynida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ko‘plab ishlarni amalga oshirdik. Bu femerlar, xususan, meva va savbzavot yetishtiruvchilarga hosildorlikni oshirish, bu borada yangi usullarni o‘rganish, mahsulotlar uchun yangi bozorlarni topish bo‘yicha ko‘makni o‘z ichiga oladi.  Qishloq xo‘jaligi, transport va logistikani rivojlantirish, jumladan, mahsulotlarni maqbul narxlarda sotish maqsadida meva va sabzavotlarni saqlash borasida ham talay chora-tadbirlarni amalga oshirdik.

Keng ma’noda, biz hukumat bilan soliq tartiboti va regulyatorlik siyosati kabi iqtisodiyotning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiluvchi islohotlar borasida hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Bu boradagi sa’y-harakatlarni davom ettiramiz, qolaversa, tadbirkorlik, kichik biznes va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishga faol ko‘mak ko‘rsatamiz». 

Ta’lim sohasidagi hamkorlik haqida

«Ta’lim O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Biz yaqindagina O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi bilan ikki muhim loyihani amalga tatbiq etishga kirishdik. Birinchi loyiha O‘zbekiston maktablarida axborot texnologiyalaridan foydalanishni kuchaytirish hamda matematika va o‘qish predmetlari bo‘yicha ta’lim dasturini takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Ikkinchi loyiha doirasida esa O‘zbekistondagi 15 mingga yaqin ingliz tili o‘qituvchilari malakasini oshirish orqali ingliz tili ta’limi sifatini oshirish ko‘zda tutilgan. Kelgusi bir necha yil davomida amalga tatbiq etiladigan ushbu loyihalardan katta natijalar kutmoqdamiz. Mamlakat uchun ta’lim sohasiga kiritilgan sarmoyadan ham  samaraliroq sarmoya yo‘q».

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring