Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Majburiy mehnat va ko‘zbo‘yamachilik haqida! Qisqa, aniq, lo‘nda

Majburiy mehnat va ko‘zbo‘yamachilik haqida! Qisqa, aniq, lo‘nda

Anjuman kutilganidan ko‘ra qisqaroq bo‘ldi. Aslida brifing shunaqa bo‘lishi kerak.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 17-aprel kuni O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov «Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan yig‘ilishda ijtimoiy soha xodimlarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani, ayrim joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani bo‘yicha bildirgan tanqidiy fikrlaridan so‘ng ko‘rilayotgan choralar» mavzusida brifing o‘tkazdi. Brifing «O‘zbekiston 24» telekanali orqali jonli tarzda efirga berildi.

To‘g‘ri, brifing kutilganidan ko‘ra qisqaroq bo‘ldi. Aslida brifing shunaqa bo‘lishi kerak. Ammo biz brifing deganda savol-javoblar bo‘lishiga, masalalarni uzoq va samarasiz muhokama qilishga, muhokamalar chog‘i bir-ikki «tashlashib» ham olishga odatlanganimiz uchun uch daqiqa davom etgan bu qisqa, aniq, lo‘nda brifing tugagach ham davomi bordek yana ancha vaqt kutib turdik.

Mayli, gap bunda emas. Gap shundaki, prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryodagi yig‘ilishdan keyin Bosh prokuraturaga tegishli topshiriq berganini, Diana Yenikeyeva fojiasida aybdor bo‘lgan rahbarlar, shuningdek, prezident tashrifi bahonasida ko‘zbo‘yamachilik qilganlar ham jazolanishini bilib oldik. Adolatning tantanasi shu. Haqiqatparvarlik shu!

Meni bir-ikki boshqa savol qiynaydi: «Diana qalb da’vati bilan hasharga chiqqandi, hashar xalqimizning ming yillik udumi, bunda hokimlarning aybi yo‘q, hokimlarga ham oson tutmanglar» deb ayuhannos solgan muxbir hozir qaysi ashulani yodlayotgan ekan?

«Xabar.uz» saytini va tahririyat topshirig‘i bilan jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, haqiqatni yozgan jurnalistni yolg‘onchiga chiqargan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari va Samarqand viloyati XTB boshlig‘i o‘rinbosari qandaygina o‘tiribdi ekan tikanlarning ustida?

«Diana ham, boshqa o‘qituvchi ham obodonlashtirish ishlariga chiqarilgani yo‘q va chiqarilmaydi ham, bunga mana, akangqarag‘ay kafolat beradi» deb yuborgan va jurnalist hamda saytimizni noxolislikda ayblagan amaldorlar nimalarni o‘ylabgina o‘tiribdi ekan?

Anovi bir sho‘rlik yollangan «qalamkash» bor edi almoyi-jalmoyi gaplarni yozgan, bizlarni xalqni chalg‘itayotganlikda ayblagan Obid Omonov degan. Shu bechora boshini qaysi devorga urayotgan ekan endi?

Xudoga shukur, o‘qituvchilarni, shifokorlarni, talabalarni shunaqa ishlarga jalb qilmaslik to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori chiqariladigan bo‘libdi, xursand bo‘ldik. Ammo hokim degani qarorni o‘zi chiqarib olaveradi. Buni hademay ko‘ramiz. Paxta terimi boshlansa, har bir viloyat hokimi o‘z qarorini chiqarib oladi.

Shuning uchun biz qaror emas, o‘qituvchi va shifokorni boshqa ishga jalb qiladigan har qanday amaldorga jazoni ko‘zda tutadigan qonun qabul qilinishini istaymiz. Qonunda jazo ham aniq ko‘rsatib qo‘yilishi kerak. Ana shu qonunda obodonlashtirish ishlariga chiqamiz yoki paxta terishga «qalb amri bilan chiqamiz» degan «tashabbus» bilan chiqadigan o‘qituvchi va shifokorlarga ham jazo belgilab qo‘yilishi shart.

O‘qituvchi va shifokorlarni har xil tashabbuslardan ham ehtiyot qiladigan qonun qabul qilinishi kerak. Bo‘lmasa, kattakonlarga yaxshi ko‘rinishni istaydigan tashabbuskorlar doim topilib qolaveradi.

Yaxshiliklar bo‘laversin!

Karimberdi To‘ramurod, «Xabar.uz»ning maxsus muxbiri 

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring