Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Normand to‘rtligi» yoxud «mevasiz daraxt» nihoyat meva beradimi?

«Normand to‘rtligi» yoxud «mevasiz daraxt» nihoyat meva beradimi?

Foto:«Ekonomika segodnya»

Joriy yilning 9-dekabr kuni Parijda Germaniya, Rossiya, Ukraina va Fransiya yetakchilari ishtirokida«Normand to‘rtligi»ning navbatdagi uchrashuvi o‘tkaziladi. Ukrainada hokimiyat almashinuvi va so‘nggi tendensiyalar ushbu tadbirdan aniq natija chiqishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. 

«Normand to‘rtligi» nima?

«Normand to‘rtligi» yoki «Normand formati» Germaniya, Rossiya, Ukraina va Fransiya davlatlarining Sharqiy Ukrainadagi urush (Ukrainaning Donbass mintaqasidagi qurolli mojarolar) masalalarini hal qilish maqsadida tuzilgan.

Ukraina sharqidagi mojarolar 2014-yil mart oyida Rossiya tomonidan Qrimning qo‘shib olinishi va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruhlarning Ukraina hukumatiga qarshi norozilik namoyishlaridan so‘ng avj oldi.

Mojaro boshlanganidan beri 20 dan ortiq sulh imzolangan, biroq ularning birortasi ijobiy natija bergan emas. Eng muvaffaqiyatli urinish 2016-yilda bo‘ldi. «Normand to‘rtligi» esa shu masalani har tomonlama yechish uchun tuzildi.

«Normand to‘rtligi»ning tashkil etilish tarixi

To‘rtlik 2014-yil 6-iyunda, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Ukraina rahbarlari Normandiyada «D-Day» ittifoqchilarining ( Ikkinchi jahon urushi davrida tuzilgan «Neptun» operatsiyasi qatnashchilari) 70 yilligi arafasida uyishtirilgan yig‘ilishida tashkil etilgan. To‘rtlik asosan rahbarlar va tegishli tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘iroqlari orqali amalga oshiriladi. «Normand formati» shartli ravishda Belarusiya, Italiya va Buyuk Britaniyani ham qamrab olgan holda o‘tkazilishi mumkin.

«Normand formati» uchrashuvidan lavha

Muzokaralar 2016-yildan 2019-yil kuzigacha to‘xtatilgan edi. Ukrainaning amaldagi prezidenti Vladimir Zelenskiy 2019-yil may oyidagi nutqida Rossiya bilan tinchlik o‘rnatishni ustuvor vazifa qilib qo‘ygan edi. U shunday degan edi: «Keling, Qrim kimga tegishli ekanligini va Donbass mintaqasida kim bor yoki yo‘qligini muhokama qilaylik».

18-iyul kuni Ukraina, Rossiya va Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vositachiligida ayni masala bo‘yicha keng qamrovli sulh imzolangan.

2019-yil sentyabr oyining oxirida Ukraina AQShda siyosiy maqsadlar uchun Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘irog‘ini siyosiylashtirishi oqibatida AQShning harbiy yordamidan quruq qoldi. Ukraina prezidenti Makron va Putinga to‘rt tomonlama muzokaralarni chaqirish zarurligi esga soldi. 16-oktyabrda «Normand formati» yetakchilari qo‘shma yig‘ilishida yangi muzokaralar olib borishga qat’iy qaror qilindi. Nihoyat Zelenskiy ma’lum darajada o‘z maqsadiga erisha oldi.

Fransiya Ukrainani «otaliqqa» olmoqchimi?

Fransiya prezidenti ma’muriyati xabariga ko‘ra, Ukraina sharqidagi urushini hal qilish bo‘yicha «Normand to‘rtligi» muzokaralari 9-dekabr kuni boshlanadi. Shuningdek Fransiya prezidenti ma’muriyati Ukraina tashqi siyosatda Fransiyaga suyanishi mumkinligini ta’kidladi.

Tramp hukumati Ukrainaga yordam berishni to‘xtatgach Fransiya Ukrainani tashqi siyosatda qo‘llab-quvvatlamoqchi ekanligini yaqqol namoyish qila boshladi. Yevropada Breksit masalasi bilan falajlangan Britaniya hukumati Ukraina masalasini o‘z bo‘yniga olmadi. Emmanuyel Makron Vladimir Zelenskiyga navbatdagi Parij muzokaralari Ukraina uchun ijobiy natija berishiga va’da berdi.

Ukraina Parijdagi muzokaralardan katta umid qilmoqda. Fransiyaning xayrixohligi va Zelenskiyning Rossiya bilan kelishuvchilik siyosati masalani ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin.

Tuzilganiga 5 yildan oshgan bo‘lsa ham, hanuz biror «meva» bermagan «Normand formati» Parijda o‘z mevasini taqdim etishi mumkin. 

Sanjar Shomurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring