Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Italiyaning yetakchi tahliliy markazlari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Italiyaning yetakchi tahliliy markazlari o‘rtasida memorandum imzolandi

Joriy yilning 31 may kuni Rimda mamlakatimizning yetakchi tadqiqot va tahliliy markazlari tarkibida O‘zbekiston delegatsiyasining Italiyaning Osiyo va Afrika O‘rtayer dengizi instituti (ISMAA) bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Osiyo va Afrika O‘rtayer dengizi instituti 2017 yilda tashkil etilgan notijorat tahlil markazidir. Institutning maqsadi Italiya, Osiyo va Afrika mamlakatlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, iqtisodiyot va madaniyat, fan va tadqiqot sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdir.

Tadbirda Italiyaning Tashqi ishlar vazirligi, yetakchi kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, shuningdek, ISMAA ekspertlari ishtirok etdi.

Uchrashuv ishtirokchilarining vakillik tarkibi O‘zbekiston-Italiya munosabatlarini chuqurlashtirish masalalari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, Bryussel va Rimning mintaqa barqaror rivojlanishini ta’minlashdagi rolini atroflicha muhokama qilish imkonini berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ta’kidlaganidek, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarga ega. Bugungi kunda mamlakatlarning o‘zaro hamkorligi yangi mazmun bilan to‘ldirilib, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik izchil kengaymoqda.

SMTI direktori mintaqaviy hamkorlik haqida gapirar ekan, bugungi kunda Markaziy Osiyo tobora mustahkamlanib, ichki va tashqi tahdidlarga chidamli bo‘lib borayotganini alohida ta’kidladi.

Eldor Aripov Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatiga alohida baho berar ekan, ikki mintaqa o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Bugungi kunda YeI mintaqaning asosiy savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyodagi umumiy tashqi savdo hajmining uchdan bir qismidan ortig‘i, shuningdek, barcha jalb qilingan investitsiyalarning 40%dan ortig‘i Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘z navbatida, Italiya tomoni so‘nggi yillarda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga Rim tomonidan katta qiziqish borligini tasdiqladi.

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi R.Manar ta’kidlaganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar butun mintaqaga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. «Barqarorlik va aniqlik» O‘zbekiston sharofati bilan butun Markaziy Osiyo mintaqasining o‘ziga xos belgisiga aylanib bormoqda. Italiya ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun har tomonlama yordam berishga tayyor.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Osiyo va Afrika O‘rtayer dengizi instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjat doirasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini nashr etish, ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring