Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zlashtirishning «o‘zbekcha» usuli

O‘zlashtirishning «o‘zbekcha» usuli

Foto: Xabar.uz

Sir emas, odamlar orasida «Budjetning pullari qayoqqa ketyapti?» – degan nadomatlar yuradi. Idoralarga bu savol berilsa, ular: «Moliya vazirligidan pul olish qiyin»ligini ro‘kach qilishadi. Endilikda mana shunday tartib o‘zgarmoqda. Qaysi sohaga qancha mablag‘ ajratilgani, sohagagina emas, qaysi idoraga qancha berilishi va nimaga sarflanishi oshkor qilinmoqda va jamoat nazorati o‘rnatishga da’vat qilinmoqda. Xo‘sh, bu yangilik qanchalik darajada o‘zini oqlaydi?

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-oktyabr kuni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq-budjet siyosati, davlat budjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020 yilga mo‘ljallangan parametrlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 1 noyabr kuni esa Moliya vazirligi «Fuqarolar uchun Davlat budjeti – 2020» degan hujjatni xalq hukmiga havola etdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz kerakki, 2018-yil 22-avgust kuni Prezidentning «Budjet ma’lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Unga muvofiq, budjet mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning yangi tartibi belgilangan edi. 2020-yildan boshlab davlat budjeti qonun shaklida qabul qilinadi va xalq vakillari tomonidan nazoratga olinadi. Parlamentga taqdim etiladigan Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasida va Budjetnomada aholi va tashqi hamkorlarimizga mamlakat budjetining holati ochiq-oydin, xalqaro standartlarga muvofiq tarzda ko‘rsatilishi kerak.

Respublika budjeti borasidagi normativ hujjatlar Oliy Majlis tomonidan, mahalliy budjetlar esa joylardagi xalq deputatlari kengashlari tomonidan qabul qilinishi shart. Qolaversa, xarajatlar sohalar bo‘yicha emas, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlanishi lozim.

Jamoatchilik jur’ati yetadimi?

Albatta buni vaqt ko‘rsatadi. Joriy etilayotgan yangi tizimning o‘ziga xos jihati – markazlashgan budjet siyosatidan bosqichma-bosqich voz kechish. Masalan, mahalliy budjetlar daromadini mustahkamlash maqsadida avtomototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari mahalliy budjetga o‘tkazilmoqda. Alkogol mahsulotlari va mobil aloqa xizmatini ko‘rsatish uchun aksiz solig‘i tushumlari aholi sonidan kelib chiqib hududlar o‘rtasida qayta taqsimlanadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha prognozdan orttirib bajarilgan qismi to‘liq hududlarda qoldiriladi. Keyingi yildan boshlab mahalliy budjetlarning qo‘shimcha daromadlari hokimlar tomonidan emas, mahalliy kengashlar tomonidan ma’qullangan yo‘nalishlarga ajratiladi. Faqat kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlargina hokimliklar tomonidan tasdiqlanishi va keyinchalik ularning to‘g‘ri sarflangani haqida kengashlar oldida hisobot berilishi lozim.

«Iqtisodiyot tarmoqlarini «oyoqqa turg‘azish», raqobatbardosh qilish uchun keyingi ikki yilda ularga barcha imkoniyatlar berildi. Biroq, bu imkoniyatlardan foydalanib, qaysi tarmoq mehnat unumdorligini oshirdi, mahsulotlar raqobatbardosh bo‘lishi va eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi ko‘payishini ta’minlay oldi? Afsuski, birorta tarmoqni bugungi kunda «zo‘r ishladi yoki yuqori natija berdi», deb ayta olmaymiz».

Shavkat MIRZIYoYeV

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi tizimli muammolar, inflyasiya darajasining 16 foizdan pasaymagani aholi to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir etmoqda. Vaqt-vaqti bilan oshayotgan maoshlarni pulning qadrsizlanishi ortig‘i bilan yutib yubormoqda. Shunday bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?

Eslaymiz – Angliyada konchilar olti yil tinimsiz namoyish qilganiga qaramasdan «temir xonim» – Bosh vazir Margaret Tetcher maoshni 5 funtga ham oshirishga rozi bo‘lmagan. Uning fikricha, oshirilgan maosh xarajatlari yana mahsulotga yuklanadi va kechagi pulga bugun kechagicha narsa sotib olib bo‘lmay qoladi... Ha, iqtisodiyot hali ham o‘sha azaliy qoidalarga ko‘ra rivojlanadi. Maosh oshirishdan ko‘ra, mahsulotlar tannarxini tushirish kerak va korrupsiyani yo‘qotish lozim.

O‘zbekiston eksportining 60 foizidan yuqorisini, katta qismini hanuzgacha gaz, oltin, kumush, mis, rux, polietilen, kalava ip kabi xomashyo tashkil etayotgani achinarlidir.

Misol uchun, davlat rahbari bir majlisda mamlakatda charm-poyabzal eksporti bo‘yicha kamida 1,5 milliard dollarlik eksport salohiyati borligini ta’kidladi, lekin hozirda bu boradagi ko‘rsatkich 200 million dollarga ham yetmaydi. «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga terini chuqur qayta ishlab, ayollar poyabzallari va sumkalari, sport anjomlari va boshqa tayyor charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini 2 barobar oshirish vazifasi qo‘yildi. Lekin, yodimizda bu uyushma chetdan kiradigan poyabzalga davlat bojini oshirish taklifi bilan chiqdi – demak uning mahsulotlari xorijniki bilan raqobat qila olmaydi va u mahsulotlarini chetga emas, o‘zi istagan yuqori narxda xalqimizga sotmoqchi.

To‘qimachilik sanoati mahsulotlari ikki barobarga oshgani aytildi, ammo 1 milliard 600 million dollarlik eksportning yarmini ip-kalava eksporti tashkil etmoqda.

Yana bir tahlil: dunyoda meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozori 205 milliard dollarni tashkil etadi. O‘zbekistonning bu bozordagi ulushi esa bir foizga ham yetmaydi.

«Fuqarolar uchun budjet – 2020»

E’lon qilingan hujjat deyarli har yilgidek. Kelgusi yili ijtimoiy sohalar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hajmi ortishi ko‘zda tutilgan. Masalan, sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltiriladigan xarajatlar joriy yildagiga nisbatan 18 foizga, ta’lim sohasiga – 10 foizga va ilm-fan rivojiga – 47 foizga ko‘payadi...

Budjet xarajatlari 131 trillion 104,5 milliard so‘m bo‘lishi taxmin qilinmoqda, bu esa 2019 yilga nisbatan 22,4 foiz yuqori demakdir. Ammo inflyasiyaning darajasini hisobga olsak, bu aslo o‘sish emasligi oydinlashadi.

Statistikaning sir-sinoatlarini oddiy fuqaro bilishi mushkul. Pulga chaqilgan ko‘rsatkichlar aniq tasavvur bermaydi. Deylik, million tonna go‘sht ishlab chiqarsak va o‘tgan yil 40 ming so‘mdan 40 milliard so‘m bo‘lsa, bu yil ham shuncha ishlab chiqarsak va bu bugungi narxlarda 60 ming so‘mdan 60 milliard so‘m bo‘lsa, go‘sht sanoati ishlab chiqarish hajmi 50 foiz oshdi, desak bo‘ladimi?! Pulga chaqqanda oshgan, ammo miqdorda bir kiloga ham oshmagan-ku! Qolaversa, har yili aholi soni 300-400 ming kishiga ko‘payishi hisobiga kishi boshiga yanada kamaygan bo‘lib chiqadi.

Inflyasiyaning yillik o‘sishi 16 foizga oshgani aytilganiga tayansak, ta’lim sohasiga ajratilgan xarajatning 2020-yilda 10 foizga oshganligi aslida xarid quvvatining oshmaganligini, 6 foizga kamayganligini bildiradi.

Yalpi mahsulotlarning tabiiy miqdorini yoki xalqaro valyuta birliklarida aholi jon boshiga taqsimlanishi xolisroq manzarani kasb etgan bo‘lardi.

Ayonki, aholi soni oshadi, narx oshadi, maosh oshadi, inflyasiya oshadi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi mahsulot oshishga ulgurmaydi, maosh narxning ortidan ulgurmaydi – bu bugungi holatimizdagi ayni haqiqat. Shuning uchun Shavkat Mirziyoyev inflyasiyani bugungi 16 foizdan yaqin uch yil ichida 9,5 foizga tushirish vazifasini qo‘ydi. Markaziy bank raisi muovini inflyasiyaning yuqoriligi umuman islohotlarning kelajagini xavf ostiga qo‘yishini aytganida haqdir.

Kelgusi yil uchun budjetda inflyasiyaning 12,5-13 foiz atrofida bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Rejalarga iqtisodiy vaziyat qanday javob qilishi aniq emas. Masalan, yodimizda, 2018-yilda O‘zbekiston iqtisodi 5,2 foiz o‘sgani holda, inflyasiya – 17,5 foiz oshgan edi.

Mo‘’tadil iqtisodda investitsiyalar foydali sohaga yo‘naltirilib, olingan foydadan qarz qaytarilishi kerak. Buning uchun investitsiyalar «naqadar buyukligimiz»ni dunyoga ko‘z-ko‘z qiladigan sohalarga emas, xalqqa foydasi tegadigan va o‘zi ham foyda keladigan sohalarga, infratuzilmaviy tarmoqlarga yo‘naltirilishi kerak.

O‘zbekistonning tashqi qarzi 2020-yil boshida $ 21,3 mlrd. (YaIMning 36 foizi) bo‘lishi, ulardan davlatning tashqi qarzi $ 15,3 mlrd. (YaIMning 25,4 foizi) bo‘lishi belgilandi. Bizga qarz berishda ko‘p yillardan beri Xitoy va Yaponiya yetakchidir. Banklardan eng ko‘p qarz berayotgani Osiyo taraqqiyot banki – 3,929 mlrd. dollar yoki tashqi banklardan olingan qarzning 51 foizi. Albatta, qarz yuki mamlakatdagi yetishmovchiliklarni tuzatib oyoqqa turib olish va ishlab, sarmoyadorga qaytarilishi uchun olinadi, yeb yuborish uchun emas. Qarzlar darajasi makroiqtisodiy barqarorlikni xavfsiz darajada saqlaydigan holda ushlanishi, ular o‘z vaqtida qaytarilishi, xavotirlar bartaraf etilishi, muhimi, foydasi aniq sohalarga ishlatilishi shart.

O‘zlashtirishning «o‘zbekcha» usuli

Budjet qabul qilinadi. Hamma gap uning halol ijrosida qoladi. Davlat va jamiyat tizimining ayrim qismlarida hali hamon monopolizm, poraxo‘rlik, korrupsiya, tanish-bilishchilik, ko‘zbo‘yamachilik holatlari kuzatilayotganidan ko‘z yuma olmaymiz. Afsuski, budjetning jamlanishi va sarflanishida ham ana shu muhit chetda emas-da.

Kecha va bugungi ayrim xabarlardan birgina shingil: Samarqand shahar hokimiyatining bir qarori bilan 2018-yilda xaritada umuman bo‘lmagan uyni buzishga kompensatsiya tariqasida 836 million so‘mni Davlat budjetidan ajratib olgan. Ya’ni uylari buzilgan insonlar tovon puli ololmay ovora bo‘lgan, davlatimizdan nolib turgan, davlat boshqa jabhalardan tejab ajratgan pul o‘zlashtirib yuborilgan...

Yana bir xabar: «Jamoat ishlari jamg‘armasi tizimida noqonuniy xarajatlar aniqlandi... Moliya vazirligi monitoringi vaqtincha ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb qilish bilan shug‘ullanuvchi Jamoat ishlari jamg‘armasi tizimida 4,7 mlrd. so‘mlik noqonuniy sarf-xarajatlarni aniqladi». Gap nimada? Ishsiz, mardikorchilik qilib yurganlarga ko‘cha supurtirish, obodonlashtirish singari ishlarni taklif etib, ularga maosh berish uchun jamg‘arma tuzildi, budjetdan – ya’ni xalqning pulidan milliardlar ajratildi. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida jamoat ishlariga 284 ming nafar fuqaro jalb etilgan deb hujjatlashtirilgan va go‘yo ularga jamg‘arma hisobidan 189,4 mlrd. so‘m ish haqi to‘lab berilgan. Tanlab tekshirilganning o‘zidayoq o‘nlab suiiste’molliklar aniqlangan.

Misol uchun, Andijon shahar Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi bosh hisobchisi «Elga xizmat ko‘makdosh» MChJ rahbari bilan kelishgan holda jamoat ishlarini bajarganlik to‘g‘risida hech qanday hujjatlarsiz 362,8 mln. so‘m mablag‘ni MChJ hisob raqamiga o‘tkazib bergan. Baliqchi tumani Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi bosh inspektori tumandagi 8 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan kelishgan holda 44 nafar fuqaro bilan tuzilgan soxta mehnat shartnomalari va jamoat ishlari bajarilganligi to‘g‘risida hisobot ma’lumotlari asosida 52,4 mln. so‘m o‘zlashtirilgan, ya’ni o‘sha fuqarolar ish bajarmagan ham va bu pullarni ko‘rmagan ham...

Afsuski, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Shuning uchun ham davlat rahbari budjet mablag‘larini sarflash ustidan qat’iy moliyaviy-budjet intizomini o‘rnatish lozimligini ta’kidlamoqda, chunki u salgina kiprikni silkitib, bir lahza ko‘zni boshqa yoqqa olsang, o‘pirib ketishlarini biladi.

Davlat budjetining daromad qismini to‘ldirish oson emas. Moliyachilar odamlardan pul chiqarib olishning yangi va yangi ko‘p usullarini topadi, soliqchilar tadbirkorlarning tepasida turadi va pul yig‘iladi, shubhasiz. Ko‘p trillionlardan iborat ana shu budjetning sarflanishi ustidan davlat nazorati bilan birga jamoat nazoratini o‘rnatish mexanizmi taklif qilinmoqda va uni amalga oshirish kerak.

Asosiy mezon shunday bo‘lishi kerak – iqtisodga yo‘naltirilgan budjetning har so‘mi foyda keltirishi, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘ maktablarga, bemorlarga va muhtojlargacha yetib borishi kerak. Ishonamizki, agar davlat budjetining xarajat qismi yozilgani kabi halol sarflansa, o‘g‘irlanmasa, yurtda farovonlik uch-to‘rt barobar yuksalgan bo‘lardi.

Hamma sohada monopoliya tugatilishi, banklar bozor sharoitida ishlashi va ma’muriy aralashuvlardan xoli bo‘lishi kerak, o‘z pulini o‘zi topishi, xalq ishonchini qozonib jalb qilishi kerak. Oxirgi yillarning o‘zida davlat budjetidan tijorat banklariga dasturlarni moliyalashtirish uchun 8,4 trillion so‘m ajratilgan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yana 400 million dollar berilgan, buning ustiga ularning ustav kapitalini oshirishga 1,7 milliard dollar sarflangan.

Umuman olganda, oxirgi ikki yilning o‘zida banklarimiz davlat hisobidan 3,3 milliard dollarga kapitalizatsiyalangan. Xalq tiliga ko‘chirsak, arzon uylar, yosh oilalarga uylar, tadbirkorlikni har oilada yo‘lga qo‘yish kabi o‘nlab tashabbuslar uchun xalqning puli bo‘lmagan va banklardan arzon kredit olish tavsiya etilgan. Banklar o‘zi qashshoq ekani sabab budjetdan ularga qarz berilgan va oz foizlarga va uzoq muddatga fuqarolar va tashkilotlarga kredit berishlari buyurilgan. Ulkan qurilishlarga, erkin iqtisodiy zonalarda barpo etilgan korxonalar, namunali uylar va hokazolarga oz foizlarga pul ajratgan banklar cho‘kmaslik, yuzada qolish uchun qolgan kreditlarining foizlarini oshirishga, qabul qilingan omonatlarining foizini tushirishga majbur bo‘ladi. Kam foizga pul qo‘yishga esa aholi rozi emas. Qarabsizki, oshib ketgan kredit ko‘lami banklarni o‘tirg‘izib qo‘yadi.

«Budjet 2020»ga ko‘ra ijtimoiy sohalarga budjetdan 66 trillion so‘m ajratiladi. Jumladan, ta’lim tizimiga 30 trillion so‘m ajratiladi, bu 3,15 milliard dollar demakdir. Balki, aniq-tiniq, halol sarflansa, bu ancha mablag‘dir. Taqqoslash uchun, birgina Garvard universitetining budjeti 38 milliard dollar yoki Stenford universitetining budjeti 28 milliard dollardir, ya’ni 33 millionli bir mamlakatning ta’lim tizimiga ajratilgan mablag‘ bitta Garvard universitetiga ajratilgan mablag‘dan o‘n barobar ozdir.

Sog‘liqni saqlash tizimiga 14 trillion so‘m ajratilgan. Kechagina sog‘liqni saqlash sohasining yuqori lavozimli mutasaddisi: «Odamlar bepul meditsina davolayotgani uchun sog‘lig‘ini qadriga yetmayapti», – deb intervyu berdi. Unga ko‘ra davolanish pulli bo‘lishi va qimmat turishi kerak. Avval jamoatchilik «tekin meditsina»ga sarflanayotgan 14 trillionning qayerga ketayotgani bilan qiziqishi lozim.

Karim Bahriyev

Manba: «Oila davrasida» gazetasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring