Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident devonida yangi xizmat tashkil etildi

Prezident devonida yangi xizmat tashkil etildi

Foto: O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati.

O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 3-apreldagi «Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Prezident devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati bazasida Huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish va islohotlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash xizmati tashkil etiladi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalari, davlat boshqaruvi tizimlarining ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishdagi sa’y-harakatlarini birlashtirish yangi tashkil etilgan xizmatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining huquqiy masalalar bo‘yicha faoliyatini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qonun ijodkorligi sohasidagi konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishga ko‘maklashish bilan ham shug‘ullanadi.

Xizmatga davlat boshqaruvi tizimining samarali ishlashi, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalaridagi islohotlarni to‘liq amalga oshirilishi, qonunchilik hujjatlarini qat’iy amalga oshirilishi, shuningdek byurokratiya, huquqbuzarlik va korrupsiya uchun sharoit yaratayotgan to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar va kamchiliklarni aniqlash vazifasi topshirildi.

Yangi tuzilma hukumat faoliyatining samaradorligini ta’minlash, uning ijro etuvchi apparatini optimallashtirish, vazirliklarning ularga ishonib topshirilgan sohalarda javobgarligini kuchaytirish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida vakolat va mas’uliyatni aniq belgilash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishni o‘zi zimmasiga oladi.

Mamlakatda qonun ustuvorligi va huquqiy tartib holati, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek fuqarolik, siyosiy boshpana berish, O‘zbekiston sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslar amnistiyasi va afv masalalari bo‘yicha prezidentning konstitutsion vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlash ham mazkur tuzilma vazifalaridan etib belgilandi.

Xizmat davlat hokimiyati organlari va hokimlarning qonunchilik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar maqsad va vazifalariga zid, jumladan individual imtiyoz va preferensiyalar berishni ko‘zda tutuvchi hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish haqida prezidentga takliflar kiritishi mumkin.

Xizmat prezident va Vazirlar Mahkamasiga davlat organlari va tashkilotlarning byurokratiya, sansolarlik, korrupsion holatlarga olib boruvchi tashkiliy-shtat tuzilmalarini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritishi mumkin.

Bundan tashqari, xizmat davlat organlari, jumladan huquqni muhofaza qilish organlariga prezident qarorlari ijrosi bajarilmayotgani yuzasidan aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun ma’lumotlarni taqdim etadi.

Prezident huzuridagi Amaldagi qonunchilik monitoringi instituti tugatilmoqda.

Xizmat o‘z faoliyatida Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Bosh prokuratura bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring