Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident topshiriqlari yuzasidan senatorlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi

Prezident topshiriqlari yuzasidan senatorlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi

2020 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida senatorlar uchun amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Muhokamaning asosiy mavzusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratilgan senatorlarning faoliyatidagi dolzarb masalalar bo‘ldi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva parlament yuqori palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, senatorlar hududlar manfaatlarini ifoda etishini, bu esa Oliy Majlis Senatining qonun ijodkorligi faoliyatida aks etishini ta’kidladi. Kelgusida qabul qilinadigan joylarda ham senatorlar, ham mahalliy Kengashlar deputatlari va jamoatchilik ishtirokida keng muhokama etilishi lozim bo‘lgan qonunlar sifati uchun har bir senator mas’ul ekanligi ta’kidlandi.

So‘zga chiqqanlar Senatning Qonunchilik palatasi bilan hamkorlik qilish, nazorat-tahlil faoliyatini olib borish, ijro etuvchi organlar ishlashi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtaldi.

Seminarda senatorlar parlament yuqori palatasining xalq deputatlari Kengashlari bilan samarali yaqin hamkorligini ta’minlashga doir o‘z takliflarini bildirdi, namunali xalq deputatlari Kengashlarini shakllantirish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yishning aniq yo‘llarini taklif qildi.

Davlatimiz rahbarining mahalliy xalq deputatlari Kengashlarida senator kabinetini tashkil etish, shuningdek aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda parlament va deputatlar so‘rovlarining mexanizmlaridan kengroq foydalanish haqidagi g‘oyasi muhim ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, Senat devoni faoliyatiga oid amaliy jihatlar, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish va jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash masalalari ham yoritildi.

Seminar amaliy muloqot, savol va javob shaklida o‘tkazildi.

Manba: senat.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring