Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston prezidenti Abdulla Aripovni «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi

Qozog‘iston prezidenti Abdulla Aripovni «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi

Foto: «akorda.kz»

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holatiga ijobiy baho berildi.

Qozog‘iston prezidentining ta’kidlashicha, bunga eng yuqori darajadagi faol muloqot, hukumat darajasidagi yaqin aloqalar, shuningdek, tomonlarning mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlashga intilishi asosiy omil bo‘lmoqda.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik mening O‘zbekistonga tashrifim davomida hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq ravishda nihoyatda muvaffaqiyatli rivojlanib bormoqda. Biz birodar qo‘shni O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz, buni Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning juda muhim omili deb bilamiz. O‘zaro aloqalarimizni xilma-xil, eng muhimi, mazmunli qiladigan qator qo‘shma loyihalar mavjudligini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman», — dedi Qozog‘iston prezidenti.

Qasim-Jomart Toqayevning qayd etishicha, bugungi kunda O‘zbekiston ko‘plab yo‘nalishlarda ulkan yutuqlarga erishmoqda, keng ko‘lamli islohotlarni tizimli ravishda amalga oshirmoqda. Qozog‘iston xalqi strategik sherik va ittifoqdosh bo‘lgan O‘zbekiston yutuqlaridan chin dildan mamnun.

— Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Bu bizni xursand qilmay qolmaydi, chunki biz birodar davlatlarmiz. Tabiiyki, O‘zbekistonning yutuqlari o‘zaro manfaatli hamkorlikning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

O‘z navbatida, Abdulla Aripov ushbu qabul uchun minnatdorlik bildirdi va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va iliq tilaklarini yetkazdi.

— Shavkat Miromonovich va Qasim-Jomart Kemelevich o‘rtasidagi doimiy va ishonchli aloqalar tufayli qozoq-o‘zbek hamkorligining ijobiy dinamikasi muvaffaqiyatli shakllanmoqda. Siz yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydingiz. Mamlakatlarimiz hukumatlari ushbu marralarni zabt etishga qat’iy kirishganlar, — dedi Abdulla Aripov.

Uchrashuv yakunida Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirish va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovni II darajali «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring