Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylovlarimiz tarixida ko‘rilmagan siyosiy jarayon haqida

Saylovlarimiz tarixida ko‘rilmagan siyosiy jarayon haqida

Foto: Xabar.uz

Kuni kecha qator teleradiokanallarda Prezident saylov kampaniyasi doirasidagi ilk televizion debat namoyish etildi. Mazkur debatni men ham saylovchi sifatida «O‘zbekiston» telekanali orqali tomosha qildim.

Albatta, Prezident saylovlarida ilk marotaba tashkil etilgan teledebatda turli texnik yoki boshqa kamchiliklar  bo‘lishi mumkin. Bu muhim emas, muhimi biz ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik uchun qadam tashlaganimiz. Bugungi kunda qator davlatlarda teledebatlar saylov jarayonlarining ajralmas qismi bo‘lib ulgurgan. AQShlarida ilk teledebatlar 1960 yilda, Rossiya Federatsiyasida 1995 yilda tashkil qilinganligi ma’lum.

Teledebatda meni jalb qilgan jihatlardan biri uning tuzilishi jihatidan tizimli tashkil etilganligidir. Debat 3 qismdan iborat holda tashkil etildi.

Birinchidan, spikerlar nomzodlarining saylovoldi dasturlari bilan  tanishtirib, unda ilgari surilgan tashabbus, g‘oya, takliflar yoritib berildi.

Ikkinchidan, xalqimiz, keng jamoatchilik tomonidan shakllantirilgan savollarga spikerlar tomonidan javob berildi. 

Uchinchidan, spikerlar saylovchilarga o‘zlarining murojaatlarini yo‘lladi.

Umuman, teledebat tizimli holda belgilangan reglamentga asoslanib tartibli tashkil etilganlini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Teledebat jarayonida O‘zbekiston Ekologik partiyasi nomzodining vakili Mustofokulov Sherzod Egamberdiyevich «O‘zbekiston Ekologik partiyasi va uning lideri bu yilgi Prezident saylovlarida ilk marotaba ishtirok etmoqda. Partiya lideri ushbu siyosiy maydonda katta qadamlar, shahdam odimlar va o‘ziga ishonch bilan kirib kelmoqda. Ekologik partiya «yashil iqtisodiyot» va «yashil taraqqiyotni» jadallashtirish tarafdori. Mamlakatimiz va mintaqadagi ekologik vaziyatning buzilishi nafaqat mamlakatimiz balki global miqyosda ham salbiy oqibatlarga olib keladi. Buni Orol fojiasi misolida ham ko‘rish mumkin. Ma’lumki, mintaqamizda bir yilda o‘rtacha 2 mln 200 ming tonna zaharli gazlar atmosferaga tarqaladi. «Yashil moliyalashtirish», tarmoq va hududlarni yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi targ‘ib qilinayotganligi» – kabi masalalarni yoritib o‘tdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi nomzodining vakili Abdullayeva Sharbat Zulfiqorovna  «mazkur partiya mustaqilligimizning ilk yillarida tashkil topgan partiya bo‘lsada, Prezident saylovlarida ilk marotaba ayol nomzod bilan ishtirok etmoqda. 2030 yilga borib aholining eng kambag‘al qatlamlarini kambag‘allikdan chiqarish, iqtisodiyotda davlatning boshqaruvchanlik rolini oshirish, shuningdek, rivojlangan moliyaviy mexanizmlarni qo‘llagan holda aholini tabaqalanish jarayonlarini qo‘lga olish lozim degan fikrdamiz. Shuningdek, yollanma ishchilar va tadbirkorlar bilan bo‘ladigan iqtisodiy munosabatlarda huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish lozim. Davlatning xalq oldida kafolatli bo‘lishini ta’minlashi zarur» – ekanligini ta’kidladi.

Munozara jarayonida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodining vakili Ikramov Adham Ilxamovich  «Shavkat Miromonovich bilan 11 yil hamkorlikda ishlagan paytlarda ularning yuqori darajada rahbarlik, talabchanlik, shu bilan birga yuksak g‘amxo‘rlik va insoniylik fazilatlaridan lol qolar edim. Prezidentimiz birinchi kundan boshlab xalq bilan tadbirkorlar bilan ochiq dialogni yo‘lga qo‘ydi. Erkin fikrlash va erkin muhit paydo bo‘ldi» – deya to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u «Kelgusi 5 yilda yana 30 mlrd. kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotganligi, kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi joy olganligini ham ma’lum qildi. 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 4 ming dollardan oshiriladi va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirishimizga aslo shubham yo‘q» – deya ta’kidladi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi nomzodining vakili To‘laboyev Azamjon Qurbonovich so‘zga chiqar ekan «Milliy qadriyatlar, an’analar va tariximizdan kelib chiqib o‘zimizga xos ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘lini taklif etmoqda. Saylovoldi dasturida to‘rtta muhim iqtisodiy islohotlar ilgari surilmoqda. Birinchidan, iqtisodiyotda davlat ulishi va aralashuvini qisqartirish maqsadida 5 yillik dastur qabul qilinadi. Ikkinchidan, 2026 yilgacha soliq va kapital amnistiyasi joriy etish taklif qilinadi. Uchinchidan, kommunal sohani davlat tasarrufidan chiqarish. To‘rtinchidan, barcha imtiyoz va prefersiyalar qonun bilan qabul qilinishi tarafdorimiz» – deya fikr bildirdi.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial demokratik partiyasi nomzodining vakili  Ziyayev Fazliddin Temirovich   «Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yagona organ bo‘ladi. Ichki ishlar, prokuratura organlari va davlat xavfsizlik xizmati idoralarida mavjud bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi, bir-birini takrorlovchi tizimlarni tugatamiz. «O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish tashabbuskori bo‘lamiz» – deya to‘xtalib o‘tdi.

Saylov jarayonining ajralmas qismi bo‘lgan teledebatlar siyosiy fanlar, tarix, sotsiologiya, jurnalistika kabi ixtisosliklarning tadqiqot ob’yekti ham sanaladi. Xorij davlatlarida mazkur mavzuga oid tezislar, ilmiy maqolalar, adabiyotlar yozilgan hamda dissertatsiyalar himoya qilingan. Kuni kecha tamal toshi qo‘yilgan Prezidentlik saylovlaridagi ilk teledebat kelajakda mamlakatimizdagi qator fanlarning ayniqsa, siyosiy fanlarning tadqiqot ob’yekti bo‘lishiga ishonchim komil.

Umuman olganda, bu yilgi Prezidentlik saylovlari har qachongidan ham jonli bo‘layotganligini teledebat formatida fikrlar, g‘oyalar, qarashlarning konstruktiv bahsi tashkil etilganligida ham ko‘rish mumkin. Bo‘lib o‘tgan debat orqali aholining keng qamrovli auditoriyasiga saylovoldi dasturidan o‘rin olgan masalalar bilan tanishish imkoniyati bo‘ldi. Muxtasar aytganda, teledebat bu yilgi saylovlarga o‘zgacha ruh berganligi bilan birga, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan erkinlik, shaffoflikning mevasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Anvarjon Mirkomilov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bosh mutaxassisi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring