Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Dmitriy Medvedevni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Dmitriy Medvedevni qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

1-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedevni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro ishonch, hurmat va qo‘llab-quvvatlash an’analariga asoslangan O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.

Dmitriy Medvedev samimiy qabul hamda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qaratayotgan e’tibori uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, avvalo oliy darajada yo‘lga qo‘yilgan faol munosabatlar va konstruktiv muloqot ikki tomonlama hamkorlikni misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilib kelmoqda.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va kooperatsion aloqalar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Neft-gaz, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar, jumladan, fan, ta’lim va turizm sohasidagi sheriklik kengaymoqda.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlarning BMT, ShHT, MDH va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni mustahkamlashga intilishi ta’kidlab o‘tildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish borasidagi o‘zaro intilish qat’iy ekani tasdiqlandi, deya xulosa qilinadi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring