Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda Turkmaniston mustaqilligi kuni nishonlandi

Toshkentda Turkmaniston mustaqilligi kuni nishonlandi

Foto:«Xabar.uz»

Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasida tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Turkmaniston davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda yurtimizdagi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, diplomatlar, san’at va madaniyat namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Qabul marosimida O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev ishtirok etdi.

Turkmanistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yazgul Mammedov yig‘ilishda so‘z olib, 2019 yil rasmiy Ashxobod uchun xalqaro ahamiyatga molik voqealarga boy bo‘layotganini qayd etdi.

Joriy yil 12 avgust kuni Turkmaniston birinchi Kaspiy iqtisodiy forumiga mezbonlik etildi. 11 oktyabr kuni esa Ashxobodda MDH davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tdi. Siyosiy mashvarat yakunida bir qator muhim hujjatlar, jumladan, iqtisodiy jabhada strategik hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.

O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligiga to‘xtalgan elchi o‘zaro robitalar do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslanganini ta’kidladi.

«Bugun Turkmaniston va O‘zbekiston aloqalari jadal sur’atda rivojlanayotganini mamnuniyat ila qayd etishni istar edim. Bunda esa ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, ishonch va o‘zaro xayrixohlik muhim ahamiyatga egadir. Oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamlik kasb etgani davlatlararo aloqalar izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning har bir uchrashuvi o‘zaro manfaatli, sermahsul va faol muloqotning mantiqiy davomi sanaladi», – dedi elchi Yazgul Mammedov.

Diplomat Turkmanistonning xalqaro tashkilotlar doirasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, rasmiy Ashxobod tomonidan  tashkil etilayotgan tadbirlardagi faol ishtirok etayotgani uchun O‘zbekiston rahbariyati, vazirlik va idoralar, xususan, tashqi siyosat mahkamasiga tashakkur izhor etdi.

Ashxobod sammiti yakunida MDH tuzilmalaridagi raislik O‘zbekistonga topshirilgan edi. Turkmaniston elchisi ushbu mas’uliyatli vazifada mamlakatimiz rahbariyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Mustaqillik kuni Turkmanistonning bosh bayrami sanaladi. 1991-yil 26-oktyabr kungi referendumda respublika aholisining 93 foizi sobiq Ittifoq tarkibidan mustaqil davlat sifatda ajralib chiqishni yoqlab ovoz bergan. 1991-yil 27-oktyabrda Turkmaniston mustaqilligi deklaratsiyasi qabul qilingan. Shu tariqa mazkur sana milliy bayram sifatida nishonlab kelindi. Mamlakat parlamentining 2018-yildagi qarori bilan esa mustaqillik bayrami 27 sentyabrga ko‘chirildi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring