Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vladimir Norov prezident tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

Vladimir Norov prezident tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

Foto: TIV axborot xizmati

Bugun, 8 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Nur-Sulton shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan 2022 yil 25 yanvar kuni o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy rahbarlarining onlayn-sammitida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish yo‘llari har tomonlama ko‘rib chiqildi.

Vazirlar siyosiy muloqot, barqaror rivojlanish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, ilmiy-texnikaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, axborot texnologiyalari, ekologiya, madaniy-gumanitar va yashil energiya manbalari sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirish istagini tasdiqladilar.

Mintaqani xavfsizlik, o‘zaro manfaatli, barqaror va inklyuziv sheriklik makoniga aylantirish maqsadida Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlarining mavjud salohiyatidan foydalanish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasi rezolyusiyasini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

Tomonlar Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan tiklashga ko‘maklashish, bunda, jumladan, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Afg‘onistonda fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishishga ko‘maklashish, gumanitar inqirozni imkon qadar tezroq yengib o‘tish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, uni jahon iqtisodiy munosabatlariga jalb etishdan barcha tomonlar birday manfaatdor ekanligi bildirildi.

Havo aloqalarini qayta yo‘lga qo‘yish, fuqarolar qatnovi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, yo‘lovchi tashuvchi reyslarni bosqichma-bosqich tiklash, yuklar va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, «tezkor» va «yashil» yo‘laklarni hamda multimodal tovarlar tashuvini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

V.Norov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining uzluksiz yuk tashishni ta’minlash, transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish hamda transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan Transport aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlarining muvofiqlashtiruvchi kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chorladi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot, 2022-2025 yillarda Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish tashabbusi, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha tashabbus qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring